background
logotype
image1 image2 image3

Inson ucha oladimi?

Inson uchishni kimdan o‘rgandi?

Qadimgi odamlar havoda uchayotgan qushga havas bilan qarab, chuqur o‘yga tolishgan:
"Oh, qani, biz ham ucha olsak!"
Yunonistonlik Dedal va Ikar muvaffaq bo‘la olishmasa-da, uchishga harakat qilishgan edi. Ammo ilk uchoqni ixtiro qilib, samoga uchish andalusiyalik olim Ibn Firnasga (?-888) nasib etdi va uning nomi uchish borasida birinchi ilmiy tashabbuskor sifatida tarixga kirdi.

Italiyalik rassom va mutafakkir Leonardo da Vinchi (1452-1559) bir umr uchish fikri bilan yashadi. U kun bo‘yi tepalikka chiqib o‘tirar, qushlarning uchishini tomosha qilar, kuzatuvlarini daftariga qayd etib borar edi. Undagi uchish havasi shunday kuchli ediki, hatto qanot borlab, tinmay uchishni mashq qilardi. Ammo biror natijaga erisha olmadi.

Usmonli podshohi Murod IV davrida Hazarfan Ahmad Chalabiy ham uchishga muvaffaq bo‘lgan. U burgut qanotlaridan yasalgan moslamani yelkasiga taqib, Istanbuldagi Ralata qal’asidan o‘zini pastga tashlab, Uskudarning Do‘g‘onchilar degan maydoniga eson-omon do‘ngan.
Ajabo, insonlar bu ilmni qaerdan o‘rgandilar?
Albatta, avvalo qushlarning, qolaversa, Sulaymon alayhissalomning uchish mo‘’jizalaridan.
Qur’oni karimda bu hodisa shunday ifodalanadi: "Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik (masofani bosib o‘tadigan) shamolni (bo‘ysundirdik) va uning uchun mis bulog‘ini oqizib qo‘ydik..." (Saba’, 12).
Ya’ni, Sulaymon payg‘ambar tonggi nonushtani qilib, amriga bo‘ysundirilgan shamolga minar, tushlik ovqatni bir oylik uzoqlikdagi Istahir shahrida yer edilar. Tushlikdan keyin yana shamolga minib, bir oylik masofa naridagi Qobil kentiga yo‘l olardilar. Bu oraliq hozirgi hisob bilan 1800 kilometr yo‘l deganidir.
Shamol ham odamni kutarishi mumkinmi, deya ko‘rmang aslo. Hozir ham dunyoning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan to‘fon va bo‘ronlardan hammamizning xabarimiz bor. Shamol nafaqat insonni, hatto osmono‘par bino va buyuk inshootlarni ham xasday uchirib ketishi hech gap emas. Bu qadar shiddatli bir dovulning Alloh amri ila vazifalantirilgani haqida fikr yuritib turib, ayting-chi, odamni ko‘targan narsa shamoldan boshqa yana nima bo‘lishi mumkin?
Sulaymon alayhissalom shamolni minib, odamlarga uchish yo‘lini ochib bergach, uchoq ixtiro qilindi, raketalar koinot qa’riga yo‘l ola boshladi. Zero, bu qodisa Alloqning buyuk mo‘’jizasidir. Ma’lumki, mo‘’jiza favqulodda hodisa bo‘lib, faqat Alloh taoloning iznii-rodasi bilan amalga oshadi va faqat payg‘ambarlarga beriladi. Bir tomondan qushlar, ikkinchi tomondan esa, Hazrati Sulaymonning uchish mo‘’jizasi turli vositalarni ishga solib uchish mumkinligini ko‘rsatmoqda va go‘yo insonlarga shunday xitob etmoqda:
"Ey insonlar! Tanballikni qo‘yib, harakat qiling, shunday harakat qilingki, muvaffaq bo‘ling. Qushlar sizga o‘rnak bo‘lsin. Sulaymon alayhissalomning mo‘’jizalari dalilingizdir. U uchdi, siz ham yer yuzida yaratib qo‘yilgan qonunlarni ishga solib uchishingiz mumkin".
Endi bir o‘ylab ko‘raylik. Qur’oni karim bu mo‘’jizadan xabar bermaganida va yer yuzida uchadigan bironta jonzot bo‘lmaganida insonlar uchishni hayollariga keltira olarmidi? Yo‘q, aslo!
Odamlar faqatgina qushlarning harakatini kuzatish va unga taqlid qilish bilan uchishga erishmadilar. Dastlab shamol va havoning ko‘tarish kuchini hisobladilar. Qushlarga o‘xshash moslamalar ixtiro qildilar. Keyinchalik uni harakatga keltiruvchi vositalarni kashf etdilar. Ularni uchoqlarga o‘rnatib uzoq davom etgan tajribalar natijasida uchishga muvaffaq bo‘ldilar.
Hali vaqti kelib, insonlar bu yo‘ldagi izlanishlarini yana ham olg‘a siljitib, ehtimol bevosita shamoldan foydalanib uchishning ilojini topishar.
Har narsaning boshi va oxiri Qur’oni karimdadir. Ilmning ham boshi va so‘ng nuqtasi Qur’ondir. Agar unga risoladagidek imon keltirsak va bog‘lansak, u ishorat qilgan chiziqdan adashmasak, albatta, buyuk ijod va muhim kashfiyotlarga sababchi bo‘la olamiz. 
Zero, unutmaylikki, havoda uchishga erishgan ilk inson musulmon edi. Balki Ibn Firnas va Hazarfan Ahmad Chalabiy Hazrati Sulaymonning uchish mo‘jizalarini o‘qib, uchishga jazm qilishgandir. Nima bo‘lganda ham, biz musulmonlarning oldida turgan eng muhim vazifa Alloh taolo kursatgan yo‘ldan yurmoqdir.

Yonilg‘isiz uchoqlar

AQShdagi Michigan universiteti atmosfera va kosmos muhandisligi bo‘limining ilmiy xodimi Jeyms Emik bir yangilikka asos soldi. Yangi bir uchoq ixtiro qildi. Ammo bu uchoq boshqa uchoqlardan batamom farq qiladi. U yasagan uchoq yonilg‘isiz uchadi.

 

 
"Ey insonlar! Tanballikni qo‘yib, harakat qiling, shunday harakat qilingki, muvaffaq bo‘ling. Qushlar sizga o‘rnak bo‘lsin. Sulaymon alayhissalomning mo‘’jizalari dalilingizdir. U uchdi, siz ham yer yuzida yaratib qo‘yilgan qonunlarni ishga solib uchishingiz mumkin".

Dastlab elektr quvvati bilan harakatga keladigan uchoq qanotida o‘rnatilgan uchta batareyadan quvvat olib, soatiga 32-40 km. tezlikda yuraboshlaydi va bu harakatdan hosil bo‘ladigan shamol yordamida borgan sari tezligini oshiradi. Tezlik oshgan sayin batareyalarga ehtiyoj kamayib boradi. Avval batareyalar g‘ildirakni harakatlantirgan bo‘lsa, endi jarayon teskari aylanib, g‘ildiraklar batareyalarni kuchlantira boshlaydi. Keyin butun parvoz shamolning ixtiyoriga o‘tadi. Uchoqning tezligi shamolga bog‘lanib, u qaysi tomonga esishidan qat’i nazar, uchuvchi mashinani istagan yo‘nalishiga bura oladi.
Deylik, uchoq soatiga 64 km. tezlik bilan havoga ko‘tarildi. Shu asnoda shamol umuman to‘xtasa ham, uchoq bemalol soatiga 65 km. tezlik bilan yo‘lida davom etaveradi. Shamolning tezligi soatiga 19 km.ga yetganida uchoq 72 km. tezlik bilan 145 km. yo‘lni bosib o‘tishga ulguradi. Shamolning tezligi 56 km.ga yetganida esa, uchoq 355 km. masofaga ucha oladi.
Keyinchalik Jeyms Emik ikki kishilik uchoq ixtiro qilib, avvalgi ko‘rsatkichni ikki barobar oshirishga erishdi.
Texnikadagi bu yangilik ko‘p o‘tmay, sanoat shirkatlarini qiziqtirib, ular Jeyms Emik bilan hamkorlikda bu turdagi uchoqlarni ishlab chiqarishga kirishdilar. Mazkur uchoqlar yana ham rivojlantirilib, batareyalar quyosh quvvati bilan to‘ldirilsa, elektr, quyosh va shamol uchligining yordamida mo‘’jizaviy bir uchoq nusxasi yaratilishi mum-kin. Bu narsa, neft kamaya boshlagan bir davrda insoniyatga juda qo‘l keladi.
O‘tmishda uchishni tajriba qilgan aka-uka Vreytlardan tortib Hazorfon Ahmad Chalabiygacha, Ismoil Javhariydan Ibn Firnasgacha barcha-barchalari uchish uchun ma’lum bir vositadan foydalanganlar.
Aka-uka Vreytlar 1903 yilda motorli uchoq bilan havoga ko‘tarilishgan edi.
Axmad Chalabiy va Ismoil Javhariylar burgut qanotidan foydalanishgan. Log‘ariy Hasan Chalabiy hozirgi raketaga o‘xshash bir vositani ishga solgan. 1100 yil avval ilk uchoqni ixtiro etgan Ibn Firnas esa, qanotga matoh, o‘tkazib, qush patlarini taqib uchgan edi. Nihoyat, Jeyms Emik ham xuddi shunday bir vositadan foydalandi. Dastlab elektr quvvatini ishga solib, keyin shamoldan istifoda etdi.
Ilm-fan qanchalik rivojlangan bo‘lsa ham, insonlar vositasiz ucha olmaydi. Holbuki, hazrati Sulaymon alayhissalom hech qanday vosita yordamisiz shamol bilan uchganlar. Bu hol u kishiga Allohning buyuk inoyati va ehsoni, u zotning payg‘ambarlik mo‘’jizasidir. Ilm-fan balki hech qachon bu mo‘’jizani takrorlay olmas. Ammo bu mo‘’jizaga taqlidan yana boshqa uchish vositalari ixtiro qilinishi mumkin. Zotan, bu mo‘jiza yangi kashfiyotlarga o‘rnakdir.
Bir oylik masofani shamolga minib bir kunda bosib o‘tgan Sulaymon alayhissalom bizga ilm-fan erishishi mumkin bo‘lgan chegaralarni chizib bergan. Bu mo‘’jizadan xabar bergan oyati karima bizga ma’nan shunday xitob qiladi:
"Sizlar bugun uchoq va raketalar vositasida uchayotganingiz kabi, yonilg‘isiz uchoqlar bilan ham ucha olasiz. Yonilg‘i o‘rniga Hazrati Sulaymonga o‘xshab shamoldan ham foydalanishingiz mumkin. Izlaning, toping, uching".
Zero, butun olim va muhandislar bu yo‘lda tinmay izlanmoqdalar, tajribalar o‘tkazmoqdalar.

Sha'bon Do'yan 

Muhammad Zarif Hikmatzoda tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 6-sonidan olindi.

___________________
* Siyosiy va madaniy Islom tarixi, 951-bet.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.