background
logotype
image1 image2 image3

Imo Abu Hanifa va murjiiylar

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam:«Mening ummatimdan ikki sinf bor. Ikkovlarining ham Islomdan nasibasi yo‘q: Murji’a va Qadariya», dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan).

Tarixda, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qadrlarini pastga urish va obro‘larini ketkazish maqsadida ba’zi g‘arazgo‘ylar tomonidan u zotning sha’nlariga to‘g‘ri kelmaydigan har xil bo‘htonlar to‘qilgan va u kishini murji’a toifasidan deb ayblashga uringanlar. Bunday toifalar hozir ham uchrab turadi. Bularning Abu Hanifa rahmatullohi alayhi to‘g‘risida bildirgan salbiy fikrlari, Ahli sunnaning ushbu buyuk olimining qadrlariga va obro‘lariga putur yetkaza olmaydi.

Abul-Fath Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniy «al-Milal va-n-nihal» asarida murjiiylarni adashgan firqalar qatorida sanab o‘tgan. 

«Murjiiya» kalimasi arab tilidagi «irjo» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, ikki xil ma’noni anglatadi:

1) Kechiktirish, orqaga surish, biror narsani vaqtincha orqaga tashlamoq (qo‘yib turmoq). Bunga Qur’onning «A’rof» surasi, 11-oyatining ma’nosini misol keltirish mumkin: «Aytdilar: «Uni va akasi (Horun)ni hozircha qo‘yatur…» (A’rof» surasi, 11-oyat).

2) Biror narsaga umid qilish.

Abul-Fath Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniy ushbu asarlarida ta’kidlashlaricha, murjiiya ta’limotining aqidasiga «irjo» so‘zining birinchi ma’nosi mos keladi. Chunki, murjiiylar mo‘min banda bajarishi lozim bo‘lgan barcha amallarni (farz, sunnat va h.k.) orqaga surganlar. «Irjo» so‘zining ikkinchi ma’nosini ham ularning aqidasiga qo‘llash to‘g‘ri keladi. Chunki, murjiiylarning aqidasiga ko‘ra, xuddi kofirga toat foyda bermaganidek, har qanday gunoh-ma’siyat iymonga zarar yetkazmaydi.

Sayyid Afifiy «Hayat al-imam Abi Hanifa» asarida keltirishicha, «Sharh al-mavoqif» asari muallifi aytishiga qaraganda, murjiiy toifasiga mansub G‘asson nomli kishi Abu Hanifa rahmatullohi alayhni murjiiy toifasidan degan. U musulmonlar tan olgan imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodi bilan bir xil ekanligini da’vo qilib, o‘zining mazhabini rivojlantirish maqsadida ushbu gapni aytgan (Afifiy. Hayat al-Imam Abi Hanifa. 190-bet).

Ibn Abdulbarr rahmatullohi alayhning aytishlaricha, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning hasadgo‘ylari ko‘p bo‘lgan. Ular u zot haqida har xil bo‘htonlar to‘qiganlar. Abu Hanifa rahmatullohi alayhga nisbatan murjiiylik aybi qo‘yilishi ham shular jumlasidandir (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Aqoid ilmi. 195-bet, «Sharq» nashriyoti, 2011).

Alloma Abul-Mahosin Quvnaviyning ta’kidlashicha, Abu Hanifa rahmatullohi alayhi xavorijlarning aqidasiga zid o‘laroq, kabira gunoh qilgan odamni Allohning irodasiga havola qilganlar. Agar xohlasa, afv etadi, deganlar. Bu esa, o‘z navbatida u kishiga nisbatan murjiiy, deb ta’na toshi otilishiga sabab bo‘lgan (Aliy Qoriy. Sharh al-fiqh al-akbar. 18, 185-betlar. Damashq, Dor an-nafois, 2009). Aslida esa, Alloh taolo O‘zi xohlasa gunohi kabiralarni kechishi mumkinligi – Ahli sunna aqidasi ekanligi hammaga ma’lum.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Ahli sunna va murjiiylar e’tiqodi orasida katta farq mavjuddir. Murjiiylar aqidasiga ko‘ra, Allohni tanishning o‘zi kifoya qiladi. Toatlar va shirkdan boshqa har qanday gunoh-ma’siyatlar iymonga foyda ham, zarar ham yetkazmaydi. Ahli sunna aqidasiga ko‘ra esa, iymon keltirishda Allohni tanishning o‘zi kifoya qilmaydi, balki qalbda ixtiyoriy tasdiq va tilda iqror bo‘lishi lozim. Shu bilan birga mo‘min odamga toatlar foyda beradi va gunoh-ma’siyatlar unga zarar bo‘lib, do‘zax tomon yetaklaydi (Bobirtiy. Sharh al-Vasiyat. 110-bet).

Abu Hanifa rahmatullohi alayhi o‘zlarining «al-Fiqh al-akbar» asarlarida, murjiiylarga xech qanday aloqalari yo‘q ekanligini o‘zlari ochiq oydin ko‘rsatib: «Biz murjiiylarga o‘xshab, toatlarimiz qabul qilingan va gunohlarimiz afv qilingan, demaymiz», deganlar.

Alloma Omadiyning aytishiga qaraganda, mu’tazila toifasi dastlabki davrlarda taqdir masalasida o‘zlariga xilof chiqqanlarni murjiiy, deb ataganlar yoki Abu Hanifa rahmatullohi alayhi iymon ziyoda va kam bo‘lmaydi deganlari uchun, amalni iymondan keyinga surdi, degan fikr bilan u kishi haqida murjiiylik gumon qilingan (G‘ovjiy. Abu Hanifa Nu’mon. 280-bet).

Zafar Ahmad Usmoniyning aytishlaricha, iymon ziyoda bo‘ladi va kamayadi, amal esa iymonning mohiyatidan deb, aytmaydiganlarni muhaddislar tarafidan murjiiy deyilishi ko‘p uchraydi. Bu iste’mol aslida ta’na emasligi shariat masalalarida mohir kishilar uchun maxfiy emas. Bu masalada bahs qilish, tortishish muhaqqiq ulamolardan mutaqaddim va mutaaxxirlari ham ta’kidlaganlaridek, lafziydir, ya’ni haqiqiy emas, balki yuzakidir (Zafar Ahmad Usmoniy. Qovaid fiy ulum al-hadis. 141-bet. Haydarobod, Matbaa al-maorif ash-sharqiyya, 1994).

Muhaddis va faqih alloma Anvar Shoh Kashmiriy rahmatullohi alayhi «Fayz al-Boriy ala sahih al-Buxoriy» nomli kitoblarida aytishlaricha:  «Iymon salaf ulamolar nazdida uch narsadan, ya’ni e’tiqod, so‘z va amaldan iborat. Avvalgi ikkitasi ya’ni tasdiq va iqror haqida gapirildi. Amal iymondan bir bo‘lakmi yoki yo‘q? Gap shu haqida qoldi. Bu xususida to‘rt xil qarash mavjud:

1, 2) Xavorij va mu’taziliylar mazhabi bo‘yicha amallar iymonnning bo‘laklari va amalni tark qiluvchi iymondan chiqadi. Bu masalada xavorij va mu’tazila orasida farq bor. Xavorijlar amalni tark qiluvchi iymondan chiqib, kofir bo‘lishini aytishsa, mu’taziliylar esa, u iymondan chiqadi, lekin kofir bo‘lmaydi balki ikkisini orasida bo‘ladi deyishadi. Bu bilan ular «manzila bayna al-manzilatayn», ya’ni «ikki martaba orasida martaba» aqidasiga suyanadilar.

3) Murjiiylar amalga hojat yo‘q, najot topishning yo‘li tasdiq xolos deyishadi. Demak, murjiiylar avvalgi ikki toifadan keskin farq qiladi.

4) Ahli sunna val jamoa esa, xavorij va mu’tazila bilan murjiiylarning yo‘llarini o‘rtasini tutishgan. Ularning mazhabi bo‘yicha, amallarni bajarish ham zarur. Lekin, tark qilgan odam kofir emas balki fosiq. Ular xavorij va mu’tazilalar kabi qattiq turib olmadilar ham yoki murjiiylar kabi yengil ham qaramadilar.

Bu borada Ahli sunna ikkiga bo‘linadi. Aksar muhaddislar iymon amallardan tarkib topgan deyishsa, Abu Hanifa rahmatullohi alayhi hamda aksar fuqaho va mutakallimlar amallar iymon ostiga kiruvchi emas, deganlar. Ammo, ular tasdiq qilmagan odam kofir, tasdiq topilib, amallarni bajarmagan shaxs kofir emas, balki fosiq degan qarashda bir xil fikrdadirlar. Demak, Ahli sunna ichidagi ixtilof faqat ifodada (lafzda) qoldi. Chunki, salaf ulamolar amallarni iymonning bo‘laklari qilgan bo‘lsalarda, lekin amallarni bajarmaslik bilan iymon yo‘qqa chiqishi e’tiboridan emas, balki amallar yo‘q bo‘lsa ham iymon qolaverishligi nuqtai nazaridan yondoshganlar.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhi amallarni iymondan bir bo‘lak, demagan bo‘lsalarda, lekin amallarga qatiq e’tibor bergan, qiziqtirgan va amallarni iymonning quvvatiga sabab qilganlar. Muhaddislarning iymonni bayon qilib ifodlashda murjiiylarning ifodasidan ochiq farq qildi. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning iymonni bayon qilib ifodalashlari esa, amallar iymonning bo‘lagi bo‘lmasligida murjiiylarning ta’rifiga o‘xshab ketdi. Shuning uchun hanafiylar murjiiylikda ayblandilar. Bu ko‘rib turganingizdek, hanafiylarga nisbatan nohaqlikdir!

Agar so‘zlarni ifoda etish suratlaridan birida, murjiiylarning so‘ziga o‘xshashlik borligi hanafiylarni murjiiylikka mansub deyishga yetarli bo‘lganda edi, muhaddislarni ham mu’taziliylikka mansub, deyish lozim bo‘lib qoladi. Chunki, mu’tazila toifasi ham, muhaddislar kabi, amallar iymonning bo‘lagi deyishgan. Lekin, muhaddislar mu’tazila toifasiga mansublikdan pok va yiroqdirlar. Mutaassiblik bilan tarafkashlik qilib, hanafiylarni murjiiylikka mansub qilganlarning qarashi xatodir. Din bir-birini ayblash va har xil laqablar to‘qish emas, balki to‘laligicha nasihatdir. Har qanday ma’siyatlardan saqlanishga kuch va toatlarga quvvat faqat Buyuk va Oliy Allohning madadi bilangina bo‘ladi». (Anvar Shoh Kashmiriy. «Fayz al-Boriy ala sahihal-Buxoriy», 53-54 betlar. Karachi, Dor al-ulum, 1998).

Ahli sunna val jamoaning mashhur olimlaridan Imom Tahoviy rahmatullohi alayhning «Aqida at-Tahoviya» nomli asarlari o‘z nomidan ham Abu Hanifa rahmatullohi alayhi va u kishining ikki shogirdlarining aqidaviy qarashlari asosida yozilganligi va ular Ahli sunna imomlari ekanligiga dalolat qilib turibdi (Aslida, ushbu asarning asl nomi «Bayon aqoid ahl as-sunna val jamoa ala mazhab fuqaho al-milla Abi Hanifa va Abi Yusuf va Muhammad ibn al-Hasan», ya’ni «Ahli sunna val jamoa aqidalarini millat faqihlari Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan mazhabidagi bayoni» bo‘lgan).

Shuningdek, Abu Mansur al-Moturudiy rahmatullohi alayhning asarlari, hamda ulardagi aqidaviy masalalarni ommaga keng yoyishda beqiyos xizmat qilgan Abul-Mu’in an-Nasafiyning «Tabsira al-adilla» asari hamda aqoid ilmining moturudiya yo‘nalishida ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan Faxral-islom Abul-Yusr Pazdaviy, Umar Nasafiy («Al-Aqiydatun Nasafiya» muallifi), Sa’duddin Taftazoniy, Ibn Humom rahmatullohi alayhim va boshqa ulamolarning asarlari ham, ularni Abu Hanifa rahmatullohi alayhning aqidaviy qarashlarining davomchilari ekanlari va Abu Hanifa rahmatullohi alayhi Ahli sunna val jamoaning aqiydaviy imomi ekanliklarining yorqin tasdig‘idir.

Shayx Ibn Abdilbarr rahmatullohi alayhi «Jomi’i bayon al-ilm va fazlihi» kitobida ta’kidlashlaricha, ulug‘ imomlar to‘g‘risida har xil gaplar gapirilgan. Ulamolar shu gaplarni o‘sha ulug‘ imomlarga nisbatan boshqalar ham qo‘llashiga rozi bo‘lmaganlar. Balki, buni raqobatchilarning bir-birlariga aytgan gaplaridan deb hisoblaganlar.

Ibn Abdulbarr rahmatullohi alayhi gapida davom etib, quyidagi mazmundagi so‘zlarni aytganlar: «Kim ulug‘ ishonchli ulamolarni bir-birlari to‘g‘risida aytgan gaplarini qabul qilishni xohlasa, sahobalarni bir-birlari haqida aytgan gaplarini ham qabul qilishi lozim bo‘lib qoladi. Agar shunday qilsa, qattiq adashadi va aniq ziyon ko‘radi. Shuningdek, ulug‘ imomlarni bir-birlari to‘g‘rilarida aytgan dag‘al gaplarini qabul qilsa ham adashadi va ziyon ko‘radi. Agar qabul qilishni xohlamasa, adolati haqiqiy, diqqat-e’tibori hammaga ma’lum, kabira gunohlardan saqlangan, muruvvatli, o‘zgalarga yordam berishni lozim tutgan, yaxshiligi ko‘p va yomonligi deyarli yo‘q insonlar to‘g‘risida hujjat-dalilsiz gaplar qabul qilinmasligida qo‘yilgan shartlarga amal qilsin. Sa’id ibn Musayyab va boshqa tobi’iyn va musulmonlarning imomlariga maqtov aytganlar behisobdirlar. Odamlar ularning fazilatlarini jamladilar, siyratlari va ular haqidagi xabarlar bilan shug‘ullandilar. Kim sahobalarning fazilatlaridan so‘ng Imom Molikning fazilatlari to‘g‘risida, Imom Shofi’iyning fazilatliri haqida va Imom Abu Hanifaning fazilatlari xususida o‘qisa, shu bilan mashg‘ul bo‘lsa va ularning ajoyib siyratlari va yurgan yo‘llarini o‘rgansa, bu uning uchun maqtovga sazovor amal bo‘ladi» .

Abdulhodiy G‘iyosov | ummat.uz


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.