background
logotype
image1 image2 image3

Hidoyat yo‘llaridan biri

Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja ortiqdir”, dedilar. (Imom Molik, Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasoiy).

Bizlar arzimas dirhamlarga ega bo‘lish uchun qancha-qancha vodiylarni oshib o‘tib, katta izdihomlarga sho‘ng‘iymiz. Ammo qo‘lga ilinishi oson bo‘lgan diniy manfaatlarga yuzlanmaymiz. Yigirma yetti marta ko‘payadigan ajr-savob nafs-larimizga og‘ir keladi. Moddiy mashg‘ulot va tijoratlarimiz namozni jamoat bilan o‘z vaqtida ado etishdan to‘sib qo‘yadi. Ammo Alloh taolo amrlarini ulug‘lab, Uning va’dasiga ishongan, savobiga umidvor bo‘lgan, har bir qadamini hisob-kitob qilgan kishilarni bu vojibni ado etishdan hech qanday uzr to‘sa olmaydi. Bular haqida oyatda:
Ularni na tijorat, na oldi-sotdi Allohni zikr qilishdan, namozni to‘kis ado etishdan... mashg‘ul qila olmas”, deb aytilgan (Nur, 37).
“Sahobalar qissasi” nomli kitobimda zikr qilganimdek Rasululloh (s.a.v.) sahobalari azonni eshitishganida Allohni ulug‘lab, namozga mushtoq bo‘lishar edi. Solim Al-Haddod (r.a.) tijoratchi edilar. Har gal azonni eshitganlarida ranglari sarg‘ayib ketar edi. Shu zahoti mollariyu do‘konlarini tark qilib, masjidga yuzlanardi.
Ibn Mas’ud (r.a.) rivoyat qiladilar: “Kimni ertaga musulmon holida Allohga yo‘liqish xursand qilsa, (azon) chaqirilgan paytdagi namozlarini saqlasin. Chunki Alloh taolo Nabi-yingiz uchun hidoyat yo‘llarini shariat qildi. Bu namozlar ana o‘sha hidoyat yo‘llaridandir. Agar uyida qolib namoz o‘qiydiganlar kabi sizlar ham uyingizda o‘qisangiz, Nabiyingiz sunnatini tark qilgan bo‘lasiz. Agar Nabiyingiz sunnatini tark qilsangiz, zalolatga ketursiz. Qaysi bir kishi chiroyli tahorat olib, masjidlardan birortasiga borsa, Alloh atolo har bir qadamiga hasanot yozib, darajasini ko‘taradi va xatolarini o‘chiradi. Namozni faqat nifoqi ma’lum bo‘lgan munofiqlargina kech qoldiradilar”.
Rivoyatlarda: “Albatta, Rasululloh (s.a.v.) bizga hidoyat yo‘llarini o‘rgatdilar. Ana o‘sha hidoyat yo‘llaridan biri azon aytiladigan masjidda o‘qilgan namozdir”, deb keladi (Imom Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja).
Sahobalar (r.a.) jamoatga juda qattiq ahamiyat berishardi. Hatto kasal bo‘lishganida ham jamoat namoziga intilishardi. Agar majbur bo‘lib qolishsa, ikki kishi yordamida bo‘lsa ham masjidga borishardi. Chunki ular Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hatto qattiq kasal bo‘lganlarida ham jamoatga shunday ahamiyat berganlarini ko‘rishgan.
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “Munofiqqa eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir. Agar sizlar (ikkovidagi savobni) bilganlaringizda edi, emaklab bo‘lsa ham, kelar edingiz”, dedilar (“Tar-g‘ib” kitobi).
Umar ibn Xattobdan (r.a.) marfu’ bo‘lgan rivoyatda: «Kimki masjidda jamoat bilan xufton namozining biror rakatini qoldirmasdan o‘qisa, Alloh o‘sha namozi bilan uni do‘zaxdan ozod, deb yozadi», deyilgan (Ibn Moja).
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): «Kimki chiroyli tahorat olib, so‘ng masjidga borsa-yu, u yerda odamlarni namoz o‘qib turgan holda topsa, Alloh taolo unga namozga o‘z vaqtida hozir bo‘lganlarning ajridek savob beradi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy, Hokim rivoyatlari, Imom Muslimga ko‘ra, sahih).
Ba’zi kishilar, masjidga bormasdan bir necha kishi jamlanib, do‘konmi yoki boshqa bir makondami, jamoat bo‘lib o‘qilsa bo‘laveradi, deb gumon qilishadi. Bu noto‘g‘ri tushuncha, xatoning o‘zginasidir. Birinchidan, ular masjid savobi va jamoatning ko‘plab savoblaridan mahrum bo‘lishadi. Chunki ko‘p jamoat oz jamoatdan ko‘ra, Allohga mahbubroqdir. Boshqa tomondan, biz Allohning roziligini va jamolini talab qilib namozga turadigan bo‘lsak, Uning huzurida maqbul va rozi bo‘linadigan yo‘l bilan turmog‘imiz zarur.
Sahl ibn Sa’d as-Sa’idiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. “Rasululloh (s.a.v.) xursandlik bilan qorong‘ida masjidga boruvchilarga Qiyomat kunida mukammal nur bo‘lishining xabarini berdilar”(Ibn Moja, Ibn Huzayma, Hokim rivoyati, ikki Shayxga ko‘ra sahih).
Kechalari masjidga borib ko‘rgan ba’zi qi-yinchilik va mashaqqatlarimiz nurdan bo‘lgan qubba va nur sochuvchi quyosh (mash’ala)ga aylanib qoladi. Qiyomat zulumotida qaerga borsak, o‘sha nur ham bizga hamroh bo‘ladi.

Muhammad Zakariyo Kandehlaviy

Arabchadan Anvar AHMAD tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.