background
logotype
image1 image2 image3

Hazrati Umar r.a. hayotidan go'zal hikoyatlar

 Bir tunda Hazrati Umar kuli Aslam bilan birgalikda Madinani aylangani chiqdi. Aylanib yurib, Harratu Voqim degan joyga keldi. Keyin Sirorga yetdi. U yerda olovni ko‘rib, Hazrati Umar:
— Aslam, menimcha bu olovni sovuq va qorong‘ulikdan qiynalgan odamlar yoqqan bo‘lsalar kerak. Yur, ularning oldiga boramiz,— dedi.
Arablar qorong‘u, sovuq kunlarda olov yoqib, itlarini chodir atrofiga bog‘lab qo‘yardi. Bundan maqsad, yonib turgan gulxanni va vovullayotgan itlarni ko‘rgan odam u yerni oson topadi.

Ikkovlon borib qarasalar, gulxan atrofida keksa ayol va bir necha bola o‘tirishgan ekan. Bolalar tinmay yig‘lar, kampir esa olov ustiga qo‘yilgan qozonni kovlar edi.
— Assalomu alaykum!
— Vaalaykum assalom!
— O’tirsam maylimi?
— Yaxshi niyatda bo‘lsang, kel, niyating yomon bo‘lsa, ketaver.
— Biz yaxshilikni o‘ylaydigan va uni yaxshi ko‘radigan odamlarmiz.
Hazrati Umar oldinga yana bir-ikki qadam tashladi.
— Ahvollar qalay, xola?
— Qorong‘ulik va sovuqdan qiynalyapmiz.
— Bolalar nega yig‘lashyapti?
— Qorni och ularning. Ochlikdan qiynalishyapti. Ayol haq edi. Qorni ochgan bola yig‘laydi. Hazrati Umar qiziqib:
— Nima pishiryapsiz? Qozondagi nima?
— Suv qaynatyapman. Faqat suvning o‘zi. Ichida qitirlayotgan narsa esa, tosh. Bolalarni, ovqat pishiryapman, deb aldayapman. Bir ozdan keyin yig‘idan charchab uxlab qolishadi.
Ayol bu gaplarni alam va mahzunlik ichra aytdi, ko‘zlaridan oqqan yoshni ko‘rmagan, hatto gaplariga yaxshi tushunmagan odam ham bu ayol tovushidagi dardni payqamasdan qolmasdi. Bir oz tin olgan ayol gapini davom ettirdi:
— Bir kun Alloh biz bilan Umar o‘rtasida hakam bo‘ladi.
Oxirgi gapni ayol yurak tubidan chiqarib aytdi. Hazrati Umar bir qalqib tushdi. Lekin «Nimalar deyotganingni bilasanmi, ahmoq kampir?» demadi.
Shunday desa bo‘lardi, hatto qo‘llaridagi tayoq bilan bir-ikki tushirsa ham, bo‘lardi. Lekin bu bilan nimalarnidir hal qilib bo‘lmasdi. Hazrati Umar bunday qilolmasdi, balki boshqa Umar qilishi mumkin edi. U adolat, sabr, yaxshilik va ehson timsoli edi. Nafs amriga bo‘ysunib, bir-ikki do‘pposlasa, bir oz muddatdan keyin unutilib ketardi. Ammo bu bilan asrlar osha tantiliklari ila insoniyatga o‘rnak siymo bo‘lib qololmasdi.
— Xudo xayringizni bersin, Umar ahvolingizni qaydan bilsin?
— Amir bo‘lishni, ishimizni gardaniga olishni bilsa-yu, ahvolimiz bilan qiziqmasa, nima qilib xalifa bo‘lib yuribdi? Bir kun kelib, Alloh undan bizning hisobimizni so‘ramaydimi?
— Siz haqsiz, xolajon, haqsiz...
Hazrati Umarning peshonalaridan ter okib, oyoq-qo‘llari holsizlandi. Vijdoni esa, ikki tegirmon toshi orasiga tushib qolgandek edi. Ayolga qolsa, yana nimalar demasdi. Undagi dard yuki shu darajada og‘ir edi. Zero, bolalariga tosh pishirayotgan, ularning yig‘lab-siqtab uxlab qolishlarini kutayotgan ayolning butun g‘am-alami ikki jumlaga jo bo‘lolmasdi. Ayolning dardini dasturxon qilishi va Hazrati Umarning uni sabr-matonat bilan eshitishi ham mavjud muammoni xal qilib berolmasdi yoki bolalarning qornini to‘ydirib qo‘ymasdi. Shuning uchun:
— Ketdik, Aslam, — dedi Hazrati Umar. Ikkovlon u joydan shosha-pisha ketarkan, ortlaridan bir juft ko‘z hayron qarab keldi. Ayol qo‘lidagi kapgir bilan qozonni kavlab: «Hozir pishadi, bolajonlarim», deyishda davom etardi.

* * *

Tez-tez yurib Baytulmolga yetib kelgan Hazrati Umar u yerdan bir qop un va ko‘zada yog‘ oldi.
— Unni ustimga ort, Aslam, — dedi.
— Buni men olaqolaman.
— Aytganimni qil!
— Lekin uni men tashishim kerak.
— Onang seni yo‘qotsin, Aslam! Qiyomat kuni ham mening gunohlarimni gardaningga olib, menga yengil nafas oldirasanmi? Vaqtni o‘tkazmay, qopni ort.
Yonida xalifa yelkasiga qop ortib ketarkan, o‘zining bunday erkin ketishi Aslamga erish tuyuldi. Lekin boshqa iloji ham yo‘q edi. Aslam yog‘ni olgandan keyin qadamlar tezlashdi.
Nihoyat, gulxan ko‘zga tashlandi. Aslam yengil nafas oldi. Chunki oddiy odam ko‘tarolmaydigan qopni yerga qo‘ymay, deyarli yugurib kelishi Hazrati Umarni ancha holdan toydirgani aniq edi.
Bu safar izn ham so‘ramay chodirga kirishdi. Ayol hanuz mashg‘ul edi, bolalari esa tinmay yig‘lardi.
Hazrati Umar yelkasidagi unni yerga qo‘yib, qozondagi suv va toshlarni to‘kib tashladi. Unga ozgina yog‘ soldi. Keyin hayrat to‘la minnatdor ko‘zlari bilan qarab turgan ayolga:
— Unni sol, men qoraman! — dedi.
Bu safar rostakamiga ham ovqat pishirilayotganini bolalar ham sezdilar. Hazrati Umar xamir qora boshladi. Orada olov o‘chib qolay deganda, egilib, puflay ketdi.
Voqeani aytib berarkan, Aslam: «Hazrati Umarning quyuq soqollari orasidan chiqqan tutunni hozir ham ko‘rib turgandekman», degan edi.
Nihoyat, taom tayyor bo‘ldi. Hazrati Umar ayoldan lagan so‘radi. Ovqatni laganga suzib bir oz sovushini kutdi, keyin uni bolalar oldiga qo‘ydi. O’zi bir chekkaga o‘tib, ularni kuzata boshladi. Tutun va is bosgan yuzida tabassum paydo bo‘ldi. Ayol ham bundan mamnun holda:
— Xudo haqqi, xalifalikka Umardan ko‘ra sen loyiqroqsan. Alloh rozi bo‘lsin, senga yaxshilik va ehsonlar ato etsin, — der edi.
— Alloh sizlarga ham yaxshiliklar bersin. Ertaga mo‘minlar amirining oldiga bor. Meni o‘sha yerda uchratasan. Senga yordam berib yuboraman.
— Unday qilolmayman, — dedi ayol. — Borib uning oldida ko‘z yoshi qilolmayman.
Bolalar ham qorni to‘ygach, tabassum qila boshladi. Ular bir-biri bilan hazil-huzul qilib o‘ynardi. Oxiri uyqulari kelib, bir chekkaga cho‘zilishdi. Hazrati Umar ham o‘rnidan turdi.
— Alloh rohat bersin, — deb chiqib ketdi. Ayol u kishining ortidan duo qilgancha qoldi. Ko‘nglida kechayotganlari ko‘z yoshlaridan ham ko‘proq edi.
Bir oz yurgach, Hazrati Umar Aslamga o‘girildi:
— Ochlik ularning uyqulariga mone’lik qilgan edi. Men ularning to‘ygani va kulishlarini ko‘rmay ketishni istamadim. («Tarixi Tabariy»)
Bu ajoyib fazilat edi. Rasululloh: «Kim bir mo‘minni dunyo g‘amidan xalos qilsa, Alloh ham qiyomat kuni uning g‘amlaridan birini ketkazadi», deganlar. Hazrati Umar shuning uchun ham xursand edi. Shu bilan birga, bu kabi oilalar qancha. Xalifa huzuriga kelib: «Biz bolalarimiz qornini to‘ydirolmayapmiz», deya olmaydigan qanchadan-qancha odam hayotning achchiq lahzalaridan ezilib, tushkunlikda yashamoqda.
Hazrati Umar tunni bedor o‘tkazdi. Lekin shu birgina tun miriqib uxlaydigan kechalardan afzal edi. Bu kecha tarixda qoladigan kecha edi. Uning qahramonlari — buyuk xalifa, uning sabrli quli va Umarning oldiga borib ko‘z yoshi to‘kmay, qanoat ichra yashagan ayol. Ularning haqqiga o‘n to‘rt asrdan keyin ham duolar qilinajak, salomlar yo‘llash uchun Alloh azza va jalla tomon qo‘llar ko‘tarilajak.
Kuyovi shahid ketgan, qizi vafot etgan bu ayol nabiralarini qachongacha boqa oladi? Bir kun kelib, sabri tugaydi yo o‘sha sabr ularni o‘limgacha olib boradi.
Ertasiga Hazrati Umar huzuriga kelgan ayol kecha kim bilan uchrashganini fahmladi:
— Siz kecha holimizdan xabar olgan o‘sha kishimisiz? Nega kimligingizni aytmadingiz?
— Muhimi Umarni tanishingiz emas, ehtiyojingiz qondirilishidir. Alloh madadkoringiz bo‘lsin!

* * *

Hazrati Umar oldlariga keltirilgan hech bir taomdan qusur qidirmasdilar. Ba’zan yeydigan narsalari qullar ham burun jiyitadigan taom bo‘lardi. Bundan xizmatkorlari Aslamning (yoki Yarfa) ham jahli chiqardi. Hazrati Umardek kahri qattiq inson loaqal bir marotaba qizishib: "Yo‘qoting buni dasturxondan! Yeydigan narsa keltiring", deyishlari kerak edi.
Bir kuni Aslam: "Bugun amirul mo‘mininni gapirishga majbur kilaman", deb, o‘shanga yarasha ish qildi: kul bo‘laturib, o‘zi ham xushlamaydigan taom — qotgan non va nordon sut keltirib, Hazrati Umarning oldlariga qo‘ydi. Aslam hech bo‘lmasa: "Buni o‘zingga ilinsam yermiding?" degan gapni eshitishdan umidvor edi. Hech bo‘lmaganda shunday desinlar... Yo‘q, Hazrati Umar har doimgidek dasturxondagilarni indamay yedilar va Allohga hamdu sanolar aytdilar. O’sha paytda Hazrati Umarning aytgan gaplari Aslamning quloqlarida muhrlanib qoldi: "Oh naqadar yaxshi ne’mat! Bugun shuni ham topolmagan qancha odamlar bor!"

* * *

Talha ibn Ubaydulloh kechqurun uyiga qaytayotgan edi. Mahallalardan birida eshik ochilib, ichkaridan novcha odam chiqib keldi. Uy Hazrati Umarniki emasligi kundek ravshan edi. Unday bo‘lsa, xalifa tunda bu uyda nima qilib yuribdi? Talha ko‘rmaganga olib, tez-tez yurib ketdi.
Uning fikru zikri o‘sha uyda bo‘ldi. Hatto ertalab o‘rnidan turganda ham o‘sha manzara ko‘z o‘ngidan ketmasdi. «Buning tagiga yetmasam bo‘lmaydi».
Shunday qilinsa, noma’kul xayoldan qutulgan bo‘lardi. Keyin ko‘chaga chiqib, to‘g‘ri o‘sha uy tomon yo‘l oldi. Yetib kelib, eshik qoqdi. Lekin hech kimsa ochmadi. Talha yana eshikni taqillatdi. Ichkaridan ayol kishining: «Kiraver», degan ovozi eshitildi.
Ovoz nihoyatda titroq bo‘lib, kampir ekani ma’lum edi.
Talha ichkariga kirib, bir burchakda o‘tirgan ko‘zi ojiz kampirga ko‘zi tushdi va shu zahoti bo‘shashdi:
— Assalomu alaykum, xolajon!
— Vaalaykum assalom, o‘g‘lim!
— Hech kimingiz yo‘qmi?
— Allohdan boshqa hech kimim yo‘q.
Oyoqlari shol kampirning yurishga ham imkoni yo‘q edi. Talha ichidan zil ketdi. Bu zil ketish bema’ni xayollarga berilganidan edi.
— Kecha bir kishi shu yerdan chiqib ketayotgan ekan...
— U Umar ibn Hattob edi. Alloh rozi bo‘lsin, anchadan beri kechalari kelib, uyimni supurib-sidiradi, yotog‘imni tozalaydi, yana boshqa ishlarimni ham qilib ketadi.
Javobdan Talhaning qalbi larzaga kelib, yig‘lab yubordi. Ayol bilan xo‘shlashib uydan chiqdi.
«Onang sendan ayrilib qolsin, Talha! Umarning ayblarini qidirib nimaga erishding? Sen uyingda maza qilib dam olayotganingda, Umar qo‘lidagi aso bilan ko‘cha kezadi. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zib, to‘shakka mixlangan kasallarning tagini tozalaydi. Sen bo‘lsang, Qur’on hukmlarini sariq chaqaga olmay, birovlar nima qilayotganini kuzatib yuraver. Boshqalar taqvo zinapoyasidan ko‘tarilaversin», derdi Talha o‘ziga o‘zi. Birovning aybini qidirish oson. Lekin birovda bir fazilatni ko‘rib, uni kasb qilish uchun ancha harakat qilish kerak.

Ahmad Lutfiy Qozonchining “Hazrati Umar ibn Xattob (r.a.)” (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) kitobidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.