background
logotype
image1 image2 image3

Halol savdo — kasblarning eng yaxshisi

Mehribon va rahmli Alloh bandalariga halol kasb qilishni va haromdan qochishni amr etdi. Sevikli Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) halol kasb qilish va halol yashash yo‘llarini ummatlariga tushuntirib, o‘z hayotlarida amalga oshirib, ko‘rsatib berdilar.

Ma’lumki, inson hayotining aksar qismi moliyaviy muomala bilan va shunga doir muammolar ta’sirida o‘tadi. Chunki turmush shuni taqozo etadi. Agar moliyaviy muomala, oldi berdilar yo‘lga qo‘yilmasa, zaruriy qoidalar ishlab chiqilmasa, turmush qiyinlashib, odamlar orasida kelishmovchiliklar ko‘payib ketgan bo‘lardi.

Alloh taolo Qur’oni karimda muomalotning umumiy qoidalarini bayon qildi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ularning tafsilotini tushuntirdilar. Musulmonlar namoz masalalarini nechog‘li o‘rgangan bo‘lsalar, savdo masalalarini ham shunchalik o‘rganishdi.

Rizqni tanish

Imom Hokim Jobir ibn Abdullohdan, Ibn Murdavayh va Xatiblar Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilishadi: Avf ibn Molik al Ashjaiy (roziyallohu anhu) kambag‘al, ko‘p bolali odam edi. U bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Ey Allohning rasuli! O‘g‘lim dushman qo‘lida asirda, onasi bundan jazavaga tushyapti, nimaga buyurasiz?” dedi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Sen va ayoling “Laa havla va laa quvvata illaa billah”ni ko‘p aytib, sabr qilinglar”, dedilar. Eru xotin ikkovlari ana shu kalimani ko‘p aytishdi, sabr qilishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, asirlikdagi o‘g‘il dushmanning g‘aflatdaligidan foydalanib, qo‘ylarini olib qochib, otasi huzuriga keldi. Ota xabarni Payg‘ambarimizga (alayhissalom) yetkazdi. Shu vaqt: “…Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur...”, degan oyat nozil bo‘ldi (Taloq, 2 3). Ya’ni, kim Alloh taolo buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, dunyo qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Alloh unga ko‘rsatadi; xayoliga kelmagan tomondan rizq yetkazadi.

Odatda, aksar kishilar “rizqu ro‘zim ko‘paysin” degan maqsadda taqvodan voz kechadi, taqvo yo‘lidan yurmaydi. Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqib, ayta olamizki, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylanmagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi.

Ahli sunna val-jamoa mazhabi ulamolari ta’rificha, “Alloh taolo maxluqotlariga – odamlar va hayvonlarga bergan va ular manfaat olgan dunyoviy va uxroviy har bir narsa rizqdir”. Alloh taolo katta yoki kichik har bir insonga, har bir hayvonga bergan va ular foydalanadigan yemak, ichmak, kiyim yoki uy-joy ularning rizqidir.

Rizq ikki qismga taqsimlanadi: halol rizq va harom rizq. Bunga dalil Baqara surasining 172 oyatidir: “Ey imon keltirganlar, Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar va Unga shukr qilinglar!”

Abu Xafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Najmiddin Nasafiy (461 537 h.) o‘zining “Al aqoid an Nasafiya” risolasida: “Harom ham rizqdir. Har bir inson o‘z rizqini – xoh u halol bo‘lsin, xoh harom – to‘la oladi. Biror inson o‘z rizqini yemadi yoki uning rizqini birov yeb qo‘ydi, deb tasavvur qilinmaydi”, deb yozadi.

Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ruhul Qudus mening ko‘nglimga: “Nafs ajali yetmagunicha va o‘z rizqini to‘la olmagunicha zinhor o‘lmas, Allohga taqvo qilinglar, rizqni istashda haddan oshmanglar, rizqning kech qolishi sizni Allohga ma’siyat ila uni talab qilishga olib bormasin. Albatta, Allohning huzuridagi narsaga faqat U Zotga toat qilish ila erishiladi”, degan ma’noni soldi”, dedilar”.

Bu hadisi sharif bizga har bir jon o‘z rizqini to‘la olishi muqarrar ekanini, rizqni taqvo asosida, halol yo‘l bilan talab etish zarurligini, rizqi kech qolsa, haromga qo‘l urish mumkin emasligini bayon qilmoqda. Imom Buxoriy Abu Dardodan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) quyidagilarni aytadilar: “Albatta, rizq bandani xuddi ajali uni quvgandek quvib yuradi”. Demak, rizq adashib ketmas ekan.

Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Alloh pokdir va pokdan boshqani qabul qilmas. Albatta, Alloh mo‘minlar uchun rasullarga amr qilgan narsani amr qilgan. (Alloh) “Ey payg‘ambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar, albatta, Men nima amal qilayotganingizni o‘ta biluvchiman”, degan, deb ogohlantirilganlar.

Ahli sunna val jamoa mazhabi rizqni pok va nopokka taqsim qilgan bo‘lsa ham, Alloh taolo faqat halol, pok rizqnigina qabul qilishini ta’kidlaydi; ajru savob ham shunga qarab beriladi; harom, nopok rizqqa azob beradi va u sababli jazolaydi. Hud surasida: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir”, deyilgan (6-oyat). Ya’ni, yer yuzida o‘rmalagan narsa – odamzot, hayvonot, hasharot, qurt qumursqa va boshqa jonzotlar borki, ularning hammasiga Alloh taolo rizq beradi. Bu maxluqotlar orasida mo‘min inson Allohning amriga binoan doimo pok narsani yeydi, bu ilohiy amr uning foydasi uchundir. Imom Ahmad, Imom Nasaiy va Ibn Moja Savbondan (roziyallohu anhu) rivoyat qilishadi: “Albatta, banda qilgan gunohi tufayli rizqidan mahrum bo‘ladi, qadarni duogina o‘zgartiradi, umrni esa yaxshilik uzaytiradi”. Ulug‘ vatandoshimiz Abul Barakot Hofizuddin Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy (vaf. 701 h.) mashhur asarlari – “Madorikut tanzil” tafsirida Abdulloh ibn Mas’uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilganlar: “Inson qilgan gunohlari evaziga xotirasidan ham ayrilib boradi”.

Rizqni halol kasb orqali talab qilish

“Bas, namoz tugaganidan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko‘p eslang, shoyadki, yutuqqa erishsangiz” (Jum’a, 10).

Ya’ni, Alloh taolo bu oyati karimada mo‘min musulmonlarni namozni ado etgach, yer yuziga tarqalib, halol yo‘l bilan rizq topishga targ‘ib qilmoqda va bu ishni Alloh taoloning fazlidan talab qilish, deb nomlamoqda. Namozdan keyin kim savdosiga, kim kasal ko‘rgani, kim ilm talabiga – har kim o‘z ishiga qaytishi mumkin. Chunki yer yuzi bo‘ylab tarqalish buyrug‘i majburiy emas. Lekin ba’zi kishilar bu amrga jiddiy amal qilishgan. Ibn Abu Xotimdan rivoyat qilinadi. Irok ibn Molik (roziyallohu anhu) juma namozidan so‘ng masjid eshigidan chiqarkanlar: “Ey bor Xudoyo, men da’vatingga javob qildim, farz namozingni o‘qidim va aytganingdek yer yuziga tarqaldim. Menga O‘z fazlingdan rizq bergin, Sen eng yaxshi rizq beruvchisan”, der ekanlar. Qur’oni karimda bu ma’nodagi boshqa oyatlar ham mavjud. Jumladan, Mulk surasining 15 oyatida aytiladi: “U (Alloh) sizlarga yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u(Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringlar va (Allohning bergan) rizqidan yenglar. Tirilib chiqish Uning huzurigadir”.

Ulamolarimiz qadimdan ushbu oyati karimaning tafsirini Islomda mehnatga chorlash, rizq terish maqsadida yer yuzining turli joylarida harakat qilish joizligiga dalil qilib keltirishadi. Bu oyatdagi “yuring” degan xitob musulmonlarni doimo kasb korga undagan va dangasalik, bekorchilikdan chetlanishga chaqirgan. Shu bilan birga, rizq Alloh taolodan bo‘lishini unutmaslik zarurligini eslatgan. Ya’ni, musulmon odam yer yuzida rizq talabida bo‘lishi va halol yo‘l bilan kasb qilishi kerak.

Alloh taolo: “Kunduzni esa tirikchilik (vaqti) qildik”, deydi ( Naba’, 11). Bu ham maosh, rizqu ro‘z topish uchun harakat qilish zarurligini bildiradi. O‘sha harakatga kasb qilish deyiladi. Ulamolarimiz kasbni shunday ta’riflashadi: “Kasb maqsadni hosil qilish uchun harakat etish va unga sabab bo‘ladigan narsalarni ishga solishdir”. Shuningdek, ular tavakkul ta’rifida: “Dunyo va oxirat ishlarida foydani jalb qilish hamda zararni daf etishda qalbning Alloh taologa sidqidildan e’timod qilishi”, deyishadi. Ahli sunna val jamoa mazhabi bo‘yicha, tavakkul qalbga va kasb a’zolarga bog‘liq ish bo‘lib, sabablarni ishga solmaguncha, tavakkul hosil qilinmaydi.

Buyuk vatandoshimiz Hakim Termiziy Muoviya ibn Qurradan rivoyat qiladi: Umar ibn Hattob bir guruh odamlarga yo‘liqib qolib: “Sizlar kimsizlar?” deb so‘radi. “Tavakkul qiluvchilarmiz”, deyishdi. “Yo‘q, sizlar tekinxo‘rlarsiz, tavakkul qiluvchi avval donni yerga sepib qo‘yib, keyin Allohga tavakkul qiladi”, dedi.

Bu o‘rinda tavakkul qilish bilan birga sabablarini ham puxta bajarish kerakligi bayon qilinmoqda. Hazrat Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkul qilsangiz, U Zot och ketib, to‘q qaytadigan qushlarni rizqlantirgani kabi sizlarni rizqlantiradi”, dedilar”.

Bu hadisi sharifda, agar bandalar Alloh taologa haqiqiy tavakkul qilsalar, suyansalar, xuddi hech qanday jamg‘armaga ega bo‘lmagan qushlarga kerak bo‘lgan paytda rizq bergan Roziq subhanahu va taolo ularga ham rizq berishi aniq ekani haqida so‘z ketmoqda. Faqat, qush uyasidan chiqib, rizqini topishga harakat etganidek, bandalar ham kerakli harakatni qilishlari lozim.

Harom kasb, harom rizqning yomon oqibati

To‘g‘ri kelgan narsani surishtirmay, o‘ziniki qilib olish, undan foydalanish hayvonga xosdir. Inson halol haromni ajratishi bilan hayvondan farq qiladi. Musulmon kishi haromdan hazar qilishda o‘ta mas’uliyatli bo‘lishi kerak. Aks holda, uni dunyoda ham, oxiratda ham yomon oqibat kutadi.

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) “Odamlarga bir zamon keladiki, unda kishi molni qanday qo‘lga kiritganiga, haloldan yo haromdan topganiga e’tibor qilmaydi”, dedilar”.

Odamlar haqiqiy Islomdan uzoqlashishi natijasida halol bilan haromni ajratish go‘yoki ikkinchi darajaga tushgandek. Mol-dunyo to‘plash, yaxshi hayotga oson erishish uchun ayrim kishilar haromdan, jinoyatdan, pastkashlikdan tap tortmaydigan bo‘lib qolishdi. Hatto halol yashashga uringan kishilarning ustidan kulish, ularni kamsitish oddiy holga aylandi. Oilani boqish vazifamiz ekan deb, ko‘chadan topganlarini, halolmi, harommi, surishtirmasdan olib kelib farzandlariga yediradigan ota-onalar ham bor.

Nohaq, harom yo‘llar bilan kasb qilish ommaviylashib ketsa, xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi fikrlar ba’zi kishilar o‘ylab topgan oddiy gaplar emas. Alloh taolo: “Mol(mulk)laringiznio‘rtalaringizdabotil(yo‘llar)bilanemangiz!” (Baqara, 188), deb marhamat qiladi. Ya’ni, bir biringizning molingizga, haqingizga xiyonat qilmang. Imom Qurtubiy oyatdagi “botil(yo‘l)bilanemaslik”ka haromning barcha turlari: qimor, aldamchilik, harom narsalarni sotib, harom kasb qilib mol, boylik topish va boshqa shu kabilar kiradi, deganlar. Ushbu oyat tafsirida Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: “Alloh taolo kishini nohaq, yolg‘on qasam bilan birodarining molini o‘ziniki qilib olishdan qaytardi. Birovning haqini yeyish ikki xil bo‘ladi: zulm orqali – tortib olish, xiyonat, o‘g‘rilik; hazil va o‘yin orqali – qimor va boshqa shunga o‘xshash bekorchi ermaklar”.

Harom yeyish, ya’ni, Alloh man qilgan narsalarning iste’moli dunyoning o‘zida ham, oxiratda ham yomon oqibatlarga olib keladi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytganlar: “Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust boshi chang bo‘ladi, qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Yo Rabbim, Yo Rabbim...” deydi. Holbuki, yegani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!” (ImomMuslim).

Hazrat Anas (roziyallohu anhu) Payg‘ambarga (sollallohu alayhi va sallam): “Yo Rasululloh, meni duosi ijobat bo‘ladigan qilib qo‘ying”, debdilar. U kishiga javoban Payg‘ambarmiz (alayhissalom) “Luqmangizni halol qiling”, degan ekanlar.

Duo qabul bo‘lishi uchun luqmaning halol bo‘lishi shartligi ushbu hadislardan anglashilib turibdi. Unda harom yeyishning dunyo va oxirat uchun eng birinchi yomon oqibati duoning qabul etilmasligi bo‘lib chiqadi. Duoning qabul bo‘lmasligida esa ibodat va boshqa yaxshi amallarning ham qabul bo‘lmasligiga olib borish xavfi bor. Alloh saqlasin!

Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Albatta, Alloh o‘rtalaringizda rizqni taqsimlaganidek xulqlaringizni ham taqsimlagandir. Albatta, Alloh taolo dunyoni yaxshi ko‘rgan va yaxshi ko‘rmagan bandalariga beraveradi, dinni esa faqat yaxshi ko‘rgan bandasiga beradi.

Alloh kimga dinni ato etgan bo‘lsa, haqiqatda uni yaxshi ko‘ribdi. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, dili va tili musulmon bo‘lmaguncha hech bir banda musulmon bo‘lmaydi, to qo‘shnisi “bavoiq”idan omonda bo‘lmagunicha imonli bo‘lmaydi”. “Bavoiq nima?” deb so‘rashgan edi, “Aldov va zulm” dedilar da, davom etdilar: “Qaysi bir banda haromdan mol topib, uni sadaqa qilsa, qabul qilinmaydi, infoq ehson qilsa, barakasi bo‘lmaydi, o‘zidan keyinga qoldirsa, do‘zax uchun hozirlagan ozuqasi bo‘ladi. Aniqki, Alloh yomonlikni yomonlik bilan o‘chirmaydi, bil’aks, yomonlikni yaxshilik bilan o‘chiradi. Shubhasiz, nopok nopokni o‘chirmaydi” (ImomAhmadvaboshqalar).

Mazkur hadisdan harom yeyuvchi kishining sadaqasi qabul bo‘lmasligini, o‘zidan keyin qoldirsa, do‘zax uchun hozirlagan ozuqasi bo‘lishini bilib olamiz.

Harom bilan oziqlanish farzand tarbiyasini ham buzadi. Bular harom yeyishning dunyodagi yomon oqibatlaridir. Bunday shum amal oxiratda ham bir necha yomon oqibatlarga sabab bo‘ladi. Ka’b ibn Ujradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ey Ka’b ibn Ujra, nohaq – haromdan o‘sgan go‘sht (jasad) jannatga kirmaydi” (IbnHibbon).

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuhoma tog‘icha keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular keltirilgach, Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi, o‘zlari esa do‘zaxga uloqtiriladi”. “Yo Rasululloh, bunday bo‘lishining boisi nedir?” deb so‘rashdi. “Ular namoz o‘qir, ro‘za tutar, haj qilar edilar, biroq biron bir harom narsaga duch kelsalar, uni olishar edi. Shu bois Alloh ularning amallarini behuda qiladi”, deb javob berdilar.

Demak, harom yeyuvchi kishilarning amallari behuda bo‘ladi va o‘zlari do‘zaxga uloqtiriladi. Bundan da yomon oqibat bo‘lmasa kerak!

Bu o‘rinda Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) taqvolarini misol keltirish mumkin. Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: “Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) xiroj to‘laydigan g‘ulomi – quli bor edi. Abu Bakr uning xirojidan tanovul qilar edilar. Bir kuni u zot quli keltirgan taomni yeya boshladilar. G‘ulom Abu Bakrdan so‘radi: “Bu nimaligini bilasizmi?”. “Yo‘q, u nima?”. “Johiliyatda bir kishiga fol ochgan edim. Folbinlik yaxshi bo‘lmagan, men uni aldagan edim. Hozir haligi kishi yo‘liqib, o‘sha ishim uchun menga mana shu siz yegan narsani berdi”, degan edi, Abu Bakr qo‘llarini og‘izlariga tiqib, qorinlaridagi bor narsani qayt qilib tashladilar” (Imom Buxoriy).

Biz ham u zotlarga o‘xshab taqvodor bo‘lishimiz uchun nima qilmog‘imiz zarur? Avvalo, man qilingan narsalarni va ularni man qilgan Zotni tanimog‘imiz kerak. Ulamolarning fatvolari bo‘yicha, “xoin, aldovchi, o‘g‘ri, battol, foiz oluvchi (sudxo‘r) va beruvchi, yetimning molini nohaq yeyuvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarzga binoan bir narsa olib, undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, tomosha uchun dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol va hur odamni sotib, pulini yeyuvchi kimsalar boshqalarning haqini nohaq, ya’ni harom yeyuvchilar sirasiga kiradi”.

Bundan xulosa shuki, insonda yashash huquqi va mol to‘plash huquqi bo‘lganidek, luqmasini haromdan saqlash mas’uliyati ham bor. Luqma pokligini ko‘z qorachig‘ini saqlagandek asrash lozim.

Alloh taolodan afv va mag‘firat so‘raymiz. Zero, U Zot afv qilishni yaxshi ko‘radigan va afv qiladigan Zotdir. Bizlarni O‘zi suygan, rozi bo‘ladigan ishlarga, jumladan, haromdan saqlanishga muvaffaq qilishini so‘raymiz.

To‘g‘ri savdo ibodat, buzuq savdo gunohdir

Qur’oni karimda bunday marhamat qilingan: “...Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan...” (Baqara, 275).

Savdoga doir hukmlarga fiqhiy va hadis kitoblarida alohida bo‘limlar ajratilgan. Chunki savdo insonlarning bu dunyoda qiladigan muomalalari orasida eng ko‘p yuz beradiganlaridan biridir. Uning noto‘g‘riligi turli balolarga sabab bo‘ladi. Alloh taolo odamlarni bir biriga muhtoj qilib yaratgan. Inson o‘zi yolg‘iz yashay olmaydi. U o‘ziga o‘xshash boshqa insonlar bilan birga umrguzaronlik qiladi. Jamoaviy hayotda odam bolalari o‘zaro muomalada bo‘lishga, narsalarini ayirboshlashga, oldi berdi qilishga muhtoj. Bu muomalalar tartibga solinmasa, odamlarning o‘zlariga qo‘yib qo‘yilsa, kuchli kuchsizni, aqlli aqli ozni, mohir no‘noqni aldab qo‘yishi, haqini poymol qilishi turgan gap.

Islom dini savdo sotiq, iqtisodiy ishlarda ham o‘z ta’limotlariga ega. Agar inson ushbu ta’limotlardan uzoqlashib, nafsiga qul bo‘lsa, shayton ham uning oldida ip esholmay qoladi.

Aziz o‘quvchi! Ushbu satrlarni o‘qir ekansiz, bexos xotiringizga ba’zida o‘zingiz guvoh bo‘lgan, ba’zida esa quloqlaringizga chalingan voqealar kelmasdan iloji yo‘q. Sifati yaxshi molni ko‘rgazmaga qo‘yib, yomonini tortib yoki o‘lchab berayotgan kimsalar oz emas. Muddati o‘tib, yaroqsiz, hattoki zararli holga kelib qolgan dori darmonlarni shifo izlab yurgan bechora bemorlarga pullayotganlar-chi?

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bug‘doy sotayotgan odamning oldidan o‘tayotib: “Qanday sotyapsan?” deb so‘radilar. U xabar berdi. Shunda u zotga: “Qo‘lingni bug‘doyga tiq”, deb ilhom qilindi. U zot qo‘llarini tiqsalar, ho‘l ekan. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim aldasa, bizdan emasdir”, dedilar (Abu Dovud, Imom Muslim va Imom Termiziy). “U zot: “Ey taom egasi! Bu nima?”dedilar”. “Yomg‘ir tekkan edi, ey Allohning Rasuli”, dedi. “Buni odamlar ko‘rishlari uchun taomning ustiga qo‘ysang bo‘lmasmidi?! Kim aldasa, mendan emas!” dedilar (Imom Muslim va Imom Termiziy).

Savdo molining aybi bo‘lsa, uni xaridorga aytib sotish kerak, aybini ko‘rib turib olsa, o‘zining ishi. Demak, savdoda aldamchilik qilish savdogarni musulmonga xos axloq doirasidan chiqarar ekan. Bozorda sherigining shirin anorini kesib ko‘rgazmaga qo‘yib, o‘zining achchiq anorini pullaydiganlar; sigirini bir ikki kun sog‘masdan, yelinini shishirib, bozorga olib chiqadiganlar; qaziga go‘sht tayyorlashda suv sepib, namlash evaziga og‘irligini oshirayotganlar; kilodan, litrdan urib qolishning yangidan yangi usullarini ixtiro qilayotganlar; qo‘yingki, inson bolasining aqliga sig‘maydigan narsalar, hiyla nayranglar hayotimizning bozor va savdo sotiq bilan bog‘liq qismini qamrab olayotgani bu illatlar doirasi kengayib borayotganidan dalolatdir. Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Qasam ichish savdo molini o‘tkazuvchi, barakani o‘chiruvchidir” dedilar”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud). Imom Muslimning rivoyatida: “Savdoda ko‘p qasam ichishdan hazir bo‘linglar. Chunki u o‘tkazadi va o‘chiradi”, deyilgan.

Bozor oralar ekansiz, ba’zi savdogarlarning molini o‘tkazish uchun yolg‘on so‘zlashlarini, hatto qasam ham ichayotganlarini, ko‘pincha esa, xaridorlar ularning qasamiga ishonib, mollarini sotib olishayotganlarini ham ko‘rib qolasiz. Yolg‘on gap yoki qasam bilan molini sotgan savdogar savdoim yurishdi, deb xursand bo‘ladi. Aslida esa, yolg‘on gapirgani, yolg‘on qasam ichgani uchun molining barakasi uchganini bilmaydi. Miqdor ko‘paygani bilan barakasi bo‘lmasa, nafaqat foyda kamayadi, balki boshqa tomondan balolar ham kelib qoladi.

Shuning uchun savdogar rostgo‘y bo‘lishi, qasam ichib molini o‘tkazishga urinmasligi lozim. To‘g‘rilik bilan, birovni aldamasdan qilingan savdoda baraka bo‘ladi. Bu baraka esa, albatta, egasiga va uning oilasiyu ro‘zg‘origa yuqadi, foyda beradi. Halol savdogarning darajasi ham baland bo‘ladi.

Rifo’adan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “U kishi Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan namozgohga chiqqan ekanlar. U zot (sollallohu alayhi va sallam) savdo qilayotgan odamlarni ko‘rib: “Ey tojirlar jamoasi!” dedilar. Ular boshlarini ko‘tarishib, chaqiriqqa javoban qarashdi. Shunda u zot: “Albatta, tojirlar qiyomat kuni fojirlar bo‘lib qayta tirilurlar. Allohga taqvo qilgan, yaxshilik va rostgo‘ylik qilganlar bundan mustasno”, dedilar”.

Boshqa bir rivoyatda: “Rostgo‘y, omonatli tojir nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, deyilgan. Ushbu ikki hadisni Imom Termiziy rivoyat qilgan. Albatta, bunday ulug‘ zotlar bilan bir safda turish oliy daraja hisoblanadi. Chunki mazkur sifatlar egasi bo‘lgan savdogar savdo qilganida fojirlik, aldamchilik, haromxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaydi. Agar tojir taqvodor, yaxshilik qiluvchi va rostgo‘y bo‘lmasa, bu dunyoda hasrat chekadi, oxiratda esa sharmanda bo‘ladi.

Savdogarlik, agar shariat ko‘rsatgan yo‘l bilan bo‘lsa, ibodat sanaladi. Sababi, bunday savdogarlar tijoratlari orqali nafaqat o‘zlariga, balki atrofdagi jamiyat, qishlog‘i, shahri, mahallasiga ham katta naf keltiradilar, ko‘pchilikning ehtiyojini qondiradilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham tijorat qilganlar. Rostgo‘y, musulmon tojir qiyomat kunida yuksak martaba sohiblaridan hisoblanib, nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi.

Mo‘min musulmon eng yaxshi savdogar, eng yaxshi ishchi, eng yaxshi dehqon, eng yaxshi kosib, eng yaxshi muhandis, eng yaxshi tabib (va hokazo) bo‘lishga harakat qilishi lozim. Bu talablarga javob berish uchun kasb qiladigan ishining haqlarini o‘rniga qo‘yish bosh vazifasi bo‘lmog‘i kerak. Eng avvalo, o‘z kasbini yaxshi hamda puxta egallashi maqsadga muvofiqdir. Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Alloh sizlardan biringiz ish qilganida, uni yaxshilab bajarishini sevadi”, dedilar (Bayhaqiy).

Bizda marhumlarni yo‘qlab, qilinadigan yig‘inga ehson deyish odat bo‘lib qolgan. Aslida esa, har bir ishni astoydil, samimiy, o‘rniga qo‘yib qilish, ya’ni yaxshilab bajarishga ehson deyiladi.

Jabroil (alayhissalom) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam): “Ehson nima?” deb so‘raganlarida, u zot: “Ehson Allohga Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ingdir. Agar sen Uni ko‘rmasang ham, U, albatta, seni ko‘radi”, deb javob berdilar.

Zikr qilingan bu hadisi muboraklardan biz har bir ish egasi o‘z kasbining mutaxassisi bo‘lmog‘i lozimligini, jumladan, savdo xodimi ham o‘z ishiga halollik bilan yondashishi zarurligini bilib olamiz. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar ish egasining qo‘liga tushmasa, qiyomatni kutaver”, deganlar.

Hamma ushbu ko‘rsatmalarga amal qilganida edi, haqlar zoe bo‘lmagan bo‘lar edi! Odamlar bir birlarining haqini yemagan, hamma bir biridan rozi bo‘lgan taqdirda, farzandlarning luqmalarida halollik ustunlik qilardi.

Yana bir ulug‘ qoida shuki, tirikchilik jarayonida aldamchilik qilmaslik kerak.

Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) o‘zining savdo sotiqda aldanib qolishini zikr qildi. Shunda u zot (alayhissalom): “Qachon savdo qiladigan bo‘lsang, aldash yo‘q, degin”, dedilar” (ImomBuxoriy, ImomMuslimvaImomNasaiy).

Ushbu hadisi sharifdan savdo sotiqda, moliyaviy muomalalarda aldash harom ekanini bilib olamiz. Hadisda zikri kelgan sahobiyning boshlariga shikast yetib, biroz fikrlari va tillari og‘ir bo‘lib qolgan ekan. Tutilib gapirar va oldi sotdida aldanib qolar ekanlar. O‘zlarining bu hollaridan shikoyat qilganlarida, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) oldi sotdidan oldin savdolashayotgan odamga aldash yo‘q, deb ogohlantirish berib qo‘yishni tavsiya qilganlar. Shoyad shunda narigi tomon aldashni o‘ziga ep ko‘rmasa.

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Alloh taolo: “Men qiyomat kuni uch toifaning xusumatchisi bo‘laman: Men bilan ahd qilib, keyin aldagan odamning, hurni sotib, pulini yegan odamning va odam ishlatib, haqini bermagan odamning”, dedi”.

Qiyomat kuni har kim o‘z holidan xavotirda turganida kimlargadir Alloh taoloning O‘zi xusumatchi bo‘lsa, bu juda katta baxtsizlik, chidab bo‘lmas yutqiziqdir. Alloh bunday toifalardan qilib qo‘ymasin, omin!

Moliyaviy munosabatlarda ishonch katta o‘rin egallaydi. Odatda, sherik tomonni ishontirish uchun ba’zilar Alloh taoloni o‘rtaga qo‘shadilar. Ya’ni, Alloh taolo nomi bilan va’da beradilar. So‘ngra o‘z va’dalarining ustidan chiqishmaydi. Ishi bitganidan keyin xiyonat qilishdan ham toyishmaydi ba’zida.

Qiyomat kuni Alloh taolo bir biriga xusumatchi insonlar orasida hukm chiqaradi. U Zot o‘sha kuni O‘zining nomi bilan ahd berib, keyin aldaganlarga nisbatan O‘zi xusumatchi bo‘ladi. Hukm chiqaruvchining O‘zi xusumatchisi bo‘lgan odamning holi qandoq bo‘lishi ma’lum narsa. Shuning uchun ham zinhor Allohning nomi ila ahd berib turib, keyin aldamaslik kerak.

Alloh taolo insonga ato etgan hurriyat, ozodlik eng ulkan ne’matdir. Bu ne’matni undan tortib olib, o‘zini qul qilish eng katta jinoyat hisoblanadi. Islom dini qulchilikka qarshi kurash olib borish jarayonida qullarni ozod qilish chora tadbirlarini ko‘rish bilan bir qatorda hur, ozod insonlarni bandi qilish yo‘llarini ham to‘sdi. Hur insonni qul deb sotib, bahosini yegan odamga Alloh taoloning O‘zi qiyomat kuni xusumatchi bo‘lishini bildik. Albatta, bugungi davrimizda quldorlik tuzumi tugatilgan bo‘lsa da, “odam savdosi” degan bir harom savdo paydo bo‘lib qoldi.

Yaratganga hamdu sanolar bo‘lsin, hukumatimiz odam savdosi jinoyatiga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda. Bunday qabih yo‘l bilan pul topayotganlar bilib qo‘ysinlar, qiyomat kuni Alloh taoloning O‘zi ularga xusumatchi bo‘ladi.

Ma’lum haq evaziga birovlarni ishga yollab, ishlatib bo‘lgach, haqini bermay yurgan odam ham katta gunohkor hisoblanadi. Chunki bunday holatda insonning haqi poymol qilindi. Inson haqini poymol qilgan kishiga ham qiyomat kuni Alloh taoloning O‘zi xusumatchi bo‘ladi. Birovni ishlatadigan odam qiyomat kuni sharmanda bo‘lishini xohlamasa, Alloh taolo menga xusumatchi bo‘lmasin desa, ishlatgan ishchisiga o‘z vaqtida haqini minnatdorlik bilan to‘liq bersin, mehnatkashning haqini poymol qilmasin.

Halovat va xotirjamlik – halollikda

Allohga beadad shukrlar, cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin, yurtimizni istiqlol ne’matidan bahramand aylab, beqiyos erkinliklar yo‘lini ochib qo‘ydi. Endi xalqimiz o‘zi va tevarak atrofdagi xalqlar bosib o‘tgan yo‘lni, ortda qolgan tarixni tanqidiy o‘rganib, kerakli qadamni qo‘rqmasdan tashlay oladi. Buyog‘iga endi shunchaki: “Boshqalar bilan nima ishim bor, ertaga nima bo‘lsa bo‘lavermaydimi, bugungi kunim g‘animat!” deb yashash yaramaydi. Chunki “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi”.

Bugun ko‘zi ochiq har bir vatandoshimiz ziyrak bo‘lishi lozim. Sababi, mustaqil, yosh davlatning ko‘z tikib turgan hasadchilari, soxta “do‘stlari” ko‘p bo‘lishi tabiiy.

Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam): “Ilmni talab qilinglar, garchi u Xitoyda bo‘lsa ham” mazmunli tavsiyalariga amal qilish bugungi kunimizda juda zarur. Bu muborak tavsiyaga amal qilmaganlar og‘zidagi oshini oldirib qo‘yadi.

Hurmatli Prezidentimizning: “Biz hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, kam bo‘lmaymiz ham”, degan shiori asosida ishonch bilan harakat qilib, harom qaerda, halol qaerda ekanini oyday, kunday ravshanlashtirib olish, bilganlarimizga amal qilish uchun kechayu kunduz intilmog‘imiz kerak. Haloliga hisob, haromiga azob bor ekanini unutmasligimiz kerak. Demak, bundan harom yoki gunoh ishni qilishdan saqlanish zarurligi, faqat halol yo‘ldan yurgan taqdirdagina

mutlaq yaxshilik, huzur halovatga yetish mumkinligi haqidagi bilim kelib chiqadi. Anglashilyaptiki, harom va gunoh odamning qalbini, demakki, vujudini doim qorong‘i qilib, ich ichdan ezilib yurishiga sabab bo‘ladi. Halollik va to‘g‘rilik esa, odamning qalb xotirjamligiga asosdir.

O‘g‘ri o‘zining qilayotgan o‘g‘irligidan qalban xotirjam emas, “Ishlarim yurishib ketsa edi, umuman o‘g‘irlik qilmasdim”, deb qayta qayta o‘z o‘ziga so‘z beradi. Agarchi uning boyligi ko‘payib ketsa ham, to shu gunohini tark etmaguncha halovat topmaydi. Shuning uchun u ba’zan qiyinchilikda qolgan qandaydir insonlarga yordam bergisi kelib, qalb rohatiga yetishishni xohlab qoladi. Hatto, shunday qiladi ham. U astoydil kirishsa, o‘g‘riligini tashlab ham ketadi. Biroq hamon o‘g‘irligini tark etmayotgan ekan, u o‘zining qalbida g‘alayon qilayotgan o‘sha ikki o‘t orasida kuyib yuraveradi.

Odam o‘ldirishdan toymaydigan jallodlar ham o‘zlarining bu ishlari uchun kuniga necha martalab afsuslar chekadi, meni ham bir kuni o‘ldirishlari mumkin ku, degan qo‘rquv uni hech qachon tinch qo‘ymaydi. Ammo manfur ishini davom ettiraveradi, qalbi esa battar qorayib boraveradi. Ba’zan esa kimgadir rahm qilib, uning qandaydir biror tashvishini yengillashtirib ham beradi. Bu bilan u shuncha rohatlanadiki, sababini o‘zi ham bilmaydi. U o‘zining qilgan xunrezliklaridan astoydil tavba qilishni, yaxshi odamlar safiga kirib, oddiy hayot kechirishni doimiy ravishda orzu qilib yuradi.

Jamiyat orasida salmoq jihatidan qanchadir foizni tashkil qiladigan ashaddiy tovlamachi, yolg‘onchi kimsalar hamisha bo‘ladi. Ular ham o‘zlarining bu qilmishlaridan obro‘lari kunma kun, soatma soat tushib borayotganini sezishadi. Bu amallari sabab vijdonan rosa qiynalib yurishadi. Aldab charchaganlaridan ba’zan to‘g‘ri ishlar qilishadi. Va shu ozgina to‘g‘ri ishlaridan o‘zlari rosa xursand bo‘lishadi.

Qur’oni karimda bunday marhamat qilingan: “Rabbingiz Odam o‘g‘illarining bellaridan (pushti kamarlaridan) zurriyotlarini (ruhlarini) chiqarib olib, ularni o‘zlariga guvoh qilib: “Men Rabbingiz emasmanmi?” (dedi). (Ular): “Rabbimizsan, iqrormiz” – dedilar” (A’rof, 172).

Ya’ni, Odamning (alayhissalom) sulbidan to oxir zamongacha bu dunyoga keladigan insonlarning ruhlari chiqarilib jam qilinganida, hammalari Alloh taoloning Xojaligiga, o‘zlari Uning qullari ekaniga tillari va dillari bilan iqror bo‘lishgan. Ya’ni, har bir inson Parvardigorning buyurganlarini qilishga, qaytarganlaridan qaytishga va’da bergan. Shu tufayli noto‘g‘ri ish qilganlar va’dasiga xilof amallar sodir etganlari uchun xotirjamligini yo‘qotishadi, to‘g‘ri ish qilganlar va’dasiga vafo qilganlari uchun shodmon bo‘lishadi.

Shu o‘rinda insonga qalbiy xotirjamlik va halovatning naqadar zarurligiga yana bir necha misol keltirmoqchimiz. Musulmonlar, bilibmi-bilmaymi, biror gunoh sodir etishsa, bu ishlaridan afsus nadomatlar chekib, Tavvobu Rohim bo‘lgan Rabbisiga istig‘forlar aytishib, tavba qilishadi va amallaridan qaytishadi. Ana shundan keyingina qalb sokinligiga va xotirjamlikka erishadilar.

Fir’avnga (alayhil la’na) Alloh taolo cheksiz boylik berib, ko‘ngliga kelganini muhayyo qilib qo‘ydi, na bir kasallik, na bir muammoga duch kelmadi. Fir’avn haddidan oshib, o‘zini “xudo” deb e’lon qildi. Lekin u ham o‘zining ojiz bir banda ekanini, bir kun kelib, unga ham o‘lim yetishini bilar edi. Shuning uchun qalbining tub tubida doimo bir qo‘rquv, dilqorong‘ilik saqlanib yurar, halovati yo‘q edi. Bu gaplarning tasdig‘i Qur’oni karimda turibdi. Musoning (alayhissalom) ortidan ta’qib qilib, dengizga g‘arq bo‘lishi aniq bo‘lib qolgach, u imon keltirdi (Yunussurasi, 90, 91, 92 oyatlar).

Xalqimizda saqlanib kelayotgan bir maqolda yuqoridagi mavzuga aloqador fikr ta’kidlanadi: “Yarimta nonim – rohati jonim”. Maqolning sirtqi va birlamchi ma’nosi ozgina bo‘lsa ham, halol rizq topgan odam qalb halovatini sezishi haqida. Buni boshqacha tomondan ta’riflash ham mumkin: qanchalik boyib ketsang da, qalbingga g‘ubor tushiradigan ishni qilishdan saqlan, shunda oldingdagi halol rizqingni rohatlanib, maza qilib yeysan.

“Alloh mo‘minlardan jonlarini va mollarini jannat evaziga “sotib oldi...” (Tavba, 111).

Avvaldan to oxir bu dunyo hayotida yashab, qandaydir ishlar va faoliyatlar bilan shug‘ullangan inson zoti borki, har bir bosgan qadami, qasd qilgan o‘yi mukammal yozib turiladi. Bu hayoti dunyoda qilgan amallari evaziga yo jannatni, yo do‘zaxni sotib oladi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bir hadisi shariflarida: “Baraka o‘n qismdir, shundan to‘qqiztasi savdoda”, deydilar. Biz ushbu kitobda “savdo” so‘zining nafaqat tijorat ma’nosini, balki undan katta va keng ma’nolarni, ba’zan esa majoziy ma’nolarni ham istifoda qilmoqchimiz. Maqsad – qisqa bo‘lsa ham, gapni tugal aytish. Tavfiq Allohdan.

Umuman olsak, savdo insonning hayot kechirish, naslini davom ettirish, haloldir, haromdir – rizq izlash uchun boshqa insonlar bilan kerakli har turli moliy, lafziy, jismoniy muomalalarga kirishuvini bildiradi. Tilimizda umr savdosi, mol mulk savdosi, nasiya savdo, naqd savdo, rost savdo, yolg‘on savdo, halol savdo, harom savdo, lafz

savdosi (ahdlashuv, sulh), tana savdosi, g‘irrom savdo, qul savdosi, odam savdosi kabi iboralar iste’mol qilinadi. Ba’zilari tez tez, ba’zilari ahyon ahyonda ishlatiladi. Biz ham o‘rni bilan ularning ayrimlari haqida to‘xtalishga harakat qilamiz.

Alhamdulilloh, musulmonmiz. Shuning uchun savdo xususida so‘z yuritishda savdo va uning har xil turlarini shartli ravishda ikkiga bo‘lamiz: Alloh rozi bo‘lgan savdo Allohning qahru g‘azabiga sabab bo‘ladigan savdo. Masalaga ana shu mezon asosida yondashsak, inshaalloh, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz. Baqara surasining 275 oyatida oldi-sotdi – halol, ribo – harom ekanligi aytiladi.

Alloh taolo oldi sotdi – halol deyaptimi, demak, bu bir vaqtning o‘zida ham savdo qilishga ruxsatni, ham savdoni halol olib borishga buyruqni bildirib kelyapti. Noto‘g‘ri qadam qo‘yilsa, noshar’iy amal qilinsa, savdo halol bo‘lmaydi. Shu sababdan qaysi savdo Alloh rizosiga, qalb xotirjamligiga olib boradi yu, qaysilari, aksincha, jazoga sabab bo‘ladi, bularni ochiqlashga ehtiyoj bor.

Rasuli akramdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qilingan bir hadisi sharifda: “Rostgo‘y, omonatli tojir nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, deb marhamat qilingan (Imom Termiziy).

O‘shandoq ulug‘ zotlar bilan bir safda bo‘lish qanchalar ham oliy baxt! Buni har bir mo‘min musulmon orzu qilishi aniq. Jannat benihoya qimmat joy, unga yetib borish unchalik ham oson bo‘lmasligi tabiiy. “Mehnatning tagi rohat”. Do‘zax esa doimiy qiyinchilik joyi. Unga borish, unga yetishish juda ham oson, arzon. Ehtimol, shuning uchun do‘zax yo‘li ko‘plarni ohanrabosi, “jilvayu nozlari” bilan o‘ziga rom qilar?! Lekin dunyo tamaddunida o‘ziga xos salmoqqa ega bo‘lgan donishmand xalqimizning maqoli bor: “Arzonning sho‘rvasi tatimas”, Do‘zax, jahannam juda yomon joy. Alloh panoh bersin!

Halol yashash halovatdir

Xudoga shukr, doimo xalq orasida yuramiz, kechayu kunduz odamlar bilan muloqotda bo‘lamiz. Kimningdir hayot tarzidan xursand bo‘lsak, kimlarningdir dunyoqarashidan ranjiymiz.

Yoshi ulug‘larimizdan ko‘p eshitganmiz. O‘tgan asrning qirqinchi, elliginchi yillarida xalqning boshiga chunonam qiyinchiliklar tushgan, eshitgan odam “Oh!” deb yuboradi. Lekin o‘sha vaqtlar ham odamlar halol yashashgan. Umumiy, ommaviy sabr qanoat bo‘lgan. Ocharchilik, qahatchilik, har xil ofatlar tez tez bo‘lib turgan, ochlik, kasalchilikdan qancha qancha odamlar o‘lib ketishgan, biroq yalpi talon toroj bo‘lmagan. Nimaga? Chunki odamlarning insofi, imoni bo‘lgan, qorni och esa-da, ko‘zi to‘q bo‘lgan.

Inson dunyoning qaeriga bormasin, baribir, nima bilandir shug‘ullanib, tirikchilik qilishi kerak. Bu hamma biladigan gap. Sharoitlar sal boshqacharoq, yengilroq bo‘lishi mumkin. Biroq har joyning ham o‘ziga yarasha yaxshi yomon tomonlari bor. Mukallaf har bir musulmon halol rizq izlashga buyurilgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari yozadilar: “Ibodat faqat namozu ro‘zadan iborat emas”. Demak, bir musulmon kishi gazeta ko‘tarib, sotib yuradimi, farrosh bo‘lib ishlaydimi, mol boqadimi, biror yuqori idorada, zavodda ishlaydimi, harbiy va boshqa xizmatlar bilan mashg‘ulmi, mashinasi bilan kirakashlik qiladimi, baribir, niyati to‘g‘ri bo‘lsa, u ibodat qilayotgan bo‘ladi. Xuddi minglab rakat nafl namoz o‘qigan, rosa issiq yoki o‘ta sovuq kunda nafl ro‘za tutgan kishilar qanchalik savob topsa, o‘shanchalik savob topishi ham mumkin bo‘ladi. Mo‘min banda kasb qilib charchasa, farz ibodatini ado etib, uxlab qolsa, uyqusi ham ibodat bo‘lib yozilaveradi. Chunki u ham diniy, ham dunyoviy ibodat bilan band edi.

“Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh, 5).

Inson o‘z yaqin atrofida tirikchilik qilish imkoni bo‘laturib, notinch joylarga borib yurishi, o‘z Vatanida tijoratmi yo boshqa biror kasb bilanmi shug‘ullanib yashash imkonini tashlab, fahshu zino vabosiga g‘arq bo‘lgan boshqa davlatga ketishi hech durust emas. Ibodatli odam o‘zining, bola chaqasining rizqini ta’minlashga intilib charchasa, bu qiyinchiligu og‘irchiliklar jannat rohatiga yetishish uchun to‘lov bo‘lib yuzaga chiqadi.

“Alloh yo‘lida (boyliklaringizdan) sarflangiz va o‘z qo‘llaringiz (baxillik qilish) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara, 195).

Zero, jannatga kirish uchun pok niyat bilan Alloh rizosiga muvofiq harakat qilish talab etiladi.

Alloh taolo rozi bo‘lgan savdolar

Bu mavzuda juda ko‘p gapirildi, kitobu maqolalar chop etildi. Biz ham ma’rifat izlagan dillarga ayrim narsalarnigina eslatib o‘tishni maqsad qildik. Bu o‘rinda hech bir kishini ayblash niyatimiz yo‘q. Faqat jamiyatimizda bo‘layotgan ayrim hodisalar sanab o‘tiladi. Qanday qilib bo‘lsa ham, yurtdoshlarimiz o‘zaro hamjihatlikda ma’naviy moddiy chiroyli hayot kechirishlariga sababchi bo‘lsak, shoyad Val asr surasidagi ilohiy tavsiyaga ergashganlardan bo‘lib qolsak, deb umid qilamiz: “Asrga qasamki, (har bir) inson ziyon (baxtsizlik)dadir! Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina (bundan mustasnodirlar). Ya’ni, boshqacha aytilsa, imon keltirib, solih amallar qilgan va bir birlarini haq yo‘lga, chiroyli sabrga chaqirganlargina ziyonkorlardan bo‘lmaydi.

Sotiladigan narsaning aybi va kamchiligini aytib sotish talabi

Yaxshi tanishlarimizdan biri so‘zlab berdi. U kishi poezdda ko‘p yurar ekan.

Poezd bir bekatga borganida, har galgidek asal sotib yuradigan bir yigit vagonga chiqibdi. U yigit vagonlarni aylanib, asal sotib kelgach, o‘sha tanishimizning oldiga kelib o‘tiribdi da, salom alikdan so‘ng tamaddi qila boshlabdi. U yoq bu yoqdan suhbat boshlanibdi. Gap aylanib, asal haqida so‘z ketibdi. Ma’lum bo‘lishicha, asal sotuvchi yigit bir idishdagini toza asal deb, qolganlarini toza emas, deb sotib yurarkan. Tanishimiz mo‘minlik farosati bilan yigitning bir kamchiligini sezib qolibdi va yigitning o‘zidan so‘rab, bu masalaga aniqlik kiritib olibdi: yigitning toza asal deb sotayotgani asal ekan-u, toza emas deb sotayotgani qiyom ekan. Ularning suhbatini hech kim eshitmayotganini bilgani uchun tanishimiz ochiq tanbeh beribdi: “Uka, asal bo‘lmagan narsani asal deb sotishingizdan o‘zingizning ko‘nglingiz rozimi?” Yigit javoban: “Aka, shunday qilishga majbur bo‘lyapman, chunki savdo yaxshi bo‘lmayapti. Qiyomligini bilishsa, odamlar umuman olishmaydi”. U kishi davom etib: “Ukajon, men sizni biron kishining oldida uyaltirish uchun emas, Alloh uchun aytyapman, “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusi”, degan hadisi sharif borligini bilasiz. Siz Allohga tavakkul qiling da, yo qiyomni umuman sotmang, yo qiyomligini aytib soting. Sizga to‘g‘riligingiz uchun xaridorni Mehribon Xudoi taoloning O‘zi jo‘natadi. Hozirgacha qimmat asal oz sotilayotgan bo‘lsa, undan keyin ko‘rasiz qancha sotilishini. Shu vaqtgacha odamlarni aldab, qiyomni asal deb sotganingiz uchun astoydil tavba qilish esingizdan chiqmasin”. Yigit: “Xo‘p, aytganingizdek qilaman”, debdi.

Ko‘pincha, to‘y qiladigan odamlar sovg‘a salom uchun tarqatib yuborishga arzon va qulay kiyim kechaklar izlab qolishadi, qidirib qidirib, shunchalik arzon ko‘ylaklar topishadiki, o‘ylab ham o‘tirishmasdan, bemalol o‘nlab, balki yana ham ko‘proq sotib olishadi. Sotayotgan “ishbilarmon”lar xaridorlarning ko‘ylaklarni ochib ko‘rishlariga yo‘l qo‘yishmaydi. Agar ochib ko‘rishni xohlashsa, pulini avvaldan to‘lashlarini va sotib olingach, qaytarib bermasliklarini shart qilib qo‘yishadi. Xaridor bu yerda bir gap borligini bilsa-da ko‘ylaklarni sotib oladi va uyga borgach, ochib ham ko‘rmaydi. To‘y kuni bu sovg‘alar tarqatiladi. Hadya tekkan kishi uyiga borib ochib ko‘rgach, kimdan xafa bo‘lishni bilmay qoladi. Chunki ko‘ylak na biror kishining qomatiga to‘g‘ri keladi, na kiyishga, na biron kishiga berishga yaraydi, matosi ham “haligidaqa”. Bu katta qalloblik kimdan chiqqanini bilmay, tushunolmay xunob bo‘ladi.

Bu yerda na ishlab chiqaruvchi, na savdogar, na sotib oluvchi baraka topmaydi. Chunki baraka Allohdan, Allohni esa aldab bo‘lmaydi. Gap savdo haqida ketayotgani uchun bu mojarolarda ko‘proq savdogarni ayblash mumkin. Chunki u shunaqa kazzob ishlab chiqaruvchining mahsulotlarini nafaqat sotib olmasligi, balki uni insofga chaqirishi kerak. Chunki bunday qalloblik mahsulotlarini sotib olayotganlar birinchi bo‘lib sotuvchidan norozi bo‘lishadi. Va ochib, kiymoqchi bo‘lganlar sovg‘a qilganlardan xafa bo‘lishadi. Noiloj qo‘l siltab qo‘ya qolishadi. Agar savdogar ishlab chiqaruvchiga tanbeh bersa va sotib olmasa, ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini sota olmaydi va “ko‘zi ochiladi”.

Har xil maishiy texnika, mashina, mototsikl va asbob uskunalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin.

Oziq ovqat va dori-darmon sotuvchilar mas’uliyati

Bu o‘ta muhim ish bilan shug‘ulanuvchilar, hali xarajatini chiqarmadim, balki sotilib qolsa, yana foyda ko‘rarman, deb o‘tirmasliklari kerak. Agar yaroqsiz holga kelib qolgan mahsulotlarni, odamlarga zarar yetkazmaslik uchun Allohdan qo‘rqib, tashlab yuborishsa, Parvardigor boshqa tarafdan o‘sha mard savdogarning moliga va rizqiga baraka yog‘diradi.

Aksincha bo‘lsa, mahsulotni sotib olganlarning sog‘ligiga ko‘proq yo kamroq ziyon yetishi, buning orqasidan jabrlanuvchi sotuvchidan norozi bo‘lishi yoxud janjal chiqarishi

mumkin. Natijada, sotuvchi yaxshigina jarima to‘lashi ham ehtimoldan xoli emas.

Bu muomalada kim foyda ko‘rdi-yu, kim zarar? Oxir oqibat sotuvchi ham, xaridor ham ma’naviy va moddiy shikast ko‘rishdi. Baraka ham ko‘tarildi. O‘zi, aslida, hamma baraka uchun tirikchilik qilmaydimi?!

Ustalar va ish beruvchilar muomalasidagi nozik jihatlar

Usta qiladigan ishining sifatiga, ish beruvchi esa kerakli ashyolar, ish sharoiti va ish haqi uchun javob berishi lozim. Qaysi bir tomon g‘irromlik qilsa ham, ish buziladi, har ikkala taraf uchun bosh og‘rig‘i ko‘payadi. Atrofga qarang, qanchalab ustalar bajarib bo‘lgan ishlariga ish haqi olisholmay yurishibdi, necha necha kishilarni ustalar aldab ketishgan. Hammasi ham o‘zini haq deb, narigi tarafni nohaq deb gapirishadi. Nima bo‘lganida ham, g‘irromlik qilgan tarafdan baraka qochadi. U to o‘zi aldaganlarni topib, rozi qilmagunicha, halovat, huzur degan yaxshiliklardan uzoqda bo‘ladi.

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo: “Men qiyomat kuni uch toifaning xusumatchisi bo‘lurman: Men bilan ahd berib, keyin aldagan odamning, hurni sotib, pulini yegan odamning va odam ishlatib, haqini bermagan odamning,” dedi”, deb ogohlantirdilar”.

Bu kabi janjallar shunchalik ko‘pki, hatto qo‘shni davlatlarga borib ishlaganlar ham haqlarini ololmay, qaytib kelishyapti.

Biz suhbatlashayotgan mavzudagi nizolar kelib chiqmasligi uchun tavsiya etilayotgan qur’oniy ko‘rsatmaning mohiyati qisqacha mana bundan iborat: usta va ish beruvchi o‘rtada bo‘ladigan ish jarayoni va unga belgilanadigan ish haqi to‘g‘risida bir xolis, odil guvoh huzurida kelishib olishadi; o‘sha odil inson shartnomani bir necha nusxa qog‘ozga yozib, tomonlarga beradi. Undan keyin ikkala taraf ish ko‘lamini har uch kun yoki bir haftada aniq o‘lchab yo chamalab ko‘rishgach, bajarilgan ish haqi to‘lanib, hisob kitob ikki nusxada yozilib ketilaveradi. Bu yozma axborot ish beruvchiga ham, ustaga ham qulaylik va aniqlik keltirishidan tashqari, har ikkalasini hushyorlikka chorlab turadi. Jami ish hajmi tugab, ish haqi to‘liq to‘lanib bo‘lgach, ikki tomon bir biri bilan rozilashadi va o‘sha odil guvoh ishtirokida yozilgan qog‘ozga yana kerakli yozuvlarni kiritishib, imzo qo‘yishadi.

Qariyalardan eshitib yuradiganimiz: “Yaxshi yodida saqlashdan yomon yozuv yaxshi” hikmati ham bejiz aytilmagan. Chunki Islom ta’limoti mustahkam imonli ajdodlarimiz qon qoniga singib ketgan. Ular “Mardikor ustaning haqini uning peshona teri qotmasdan bering”, degan qoidaga amal qilishgan. Islom arkonlarini, tartib intizomni qattiq ushlasak, o‘zaro muomalotlarimizda hech qachon sovuqlik bo‘lmaydi, halovat bilan yashab, yorug‘ yuz, komil imon bilan o‘tamiz bu dunyodan!

Ishlab chiqarishdagi halollik

Mo‘min musulmon inson o‘zining va ahlu ayolining nafaqai ro‘zg‘orini ta’minlashi uchun bir yoki bir necha kasb hunar qilsa, ayniqsa, xalqqa foydasi yetadigan narsalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa, bu hartomonlama katta yutuq hisoblanadi: ham o‘zi va oilasiga, ham jamiyatga, ham davlatga manfaat keltirgan bo‘ladi. U, albatta, ishlab chiqaruvchi sifatida faoliyat boshlash bilan birga huquqiy, ilmiy, fiqhiy, iqtisodiy ilmlarni ham imkon qadar o‘rganib olsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Bundan tashqari, u qilayotgan ishi dunyo uchun ham, oxirat uchun ham foydali bo‘lishi, birovning haqini yemasligi va o‘zining haqini ham hech kimga oldirmasligi haqida Alloh taolodan duo qilib, so‘rab turishi kerak.

Ishni yuritish davomida qo‘l ostidagi ishchilarni ham saralashga e’tibor qilishi, ularning ish sharoiti, ishlash samarasi va sifatini doimo nazoratda saqlashga harakat qilishi lozim. Ishni tashkil qilish jarayonida kichkina bo‘lsa ham g‘irromlikka yo‘l qo‘yilmaslikka astoydil intilishi zarur. Chunki kichik aldovdan katta qalloblik kelib chiqishi xavfi yo‘q emas.

Boshqa tashkilot yoki korxonalar bilan oldi berdi qilishda muammolar zanjiriga tushib qolmaslik chorasini oldindan ko‘rib qo‘ygan yaxshi. Buning uchun muntazam ravishda korxonaning ichki va tashqi faoliyatini taftish qilib borish lozim. Shunday qilinganida, hech bir zamon na yuqoridan uyushtirilgan nazoratlarda, na boshqa xil hisob kitoblarda noqulay ahvol yuzaga kelmaydi. Ishlab chiqargan mahsulotini sifatli qilib sotuv shoxobchasiga yetkazsa, barakaning oshishiga sabab bo‘ladi.

Ishlab chiqaruvchi faoliyatini mazkur tariqalarda amalga oshirsa, “Halollik so‘zda emas, ishda” shiorining sohibiga aylanadi. Bunday kishilar, inshaalloh, Alloh taoloning huzurida ham, odamlar o‘rtasida ham fazilatlilar, obro‘lilardan hisoblanadi.

2010 yil boshida ommaviy axborot vositalarida bir xabar tarqaldi: “TOYOTA” shirkati o‘zi ishlab chiqargan 7 000 000 dona mashinani chaqirib oldi”. Bunga mashinalarning qaeridadir o‘tib ketgan kamchilik sabab edi. Ya’ni, o‘sha kamchilik qaysiki mashinada kuzatilsa, o‘sha mashina egasi shirkatning rasmiy vakillariga borib, mashinasini bepul ta’mirlatib olishi kerak. Avvalo, bu chaqirib olish halollik va aybini tan olishdir.

Ikkinchidan, bu chaqirib olish – sirtdan qaralsa, “TOYOTA”ning obro‘sini tushirganga o‘xshab ko‘rinsa da, aslida, shirkat ahlining halolligi va o‘z ishlariga talabchanligini jahon afkor ommasi oldida bildirib, isbotlab qo‘ydi. Bu ishlar reklamasiz reklama bo‘lib yuzaga chiqdi hamda mazkur avtomobil shirkatining obro‘si oshishiga xizmat qildi. Biz ham bunga ibrat ko‘zi bilan qarab, ishlab chiqarishni tashkil qilishda, rejalar tuzishda bu usulni e’tibordan soqit qilmasligimiz kerak.

Lafz savdosi

Lafz, boshqacha aytilsa, til bilan berilgan va’da insonning atrofdagilar orasida subutli yoki subutsiz ekanini belgilaydi. Agar u lafzida tursa, demak, unga tevarak atrofdagilarning ishonchi ortib boradi. Teskarisi bo‘lsa, aksincha, hech kim ishonmay qo‘yadi.

Biroq ishonchni saqlash ham oson emas. Ba’zida bu ancha qimmatga tushishi ham mumkin. Lekin saqlay bilish kerak. Chunki hadisi sharifda aytilgan: “Va’da qarzdir”. Bu – jiddiy gap. Biror kishiga va’da berishdan oldin o‘ylab ko‘rish, keyin va’dani bajarishning harakatida bo‘lish kerak. Shunday qilinganidagina doimiy, ko‘p yillik ishonch va obro‘ga ega bo‘lib borilaveradi.

Dunyo tajribasiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, olamga dong‘i ketgan shunday shirkatlar va konsernlar borki, ular bu darajadagi obro‘ hamda muvaffaqiyatlarga erishuvining asosiy sabablaridan biri lafzga mas’ullikdan, deb bemalol aytish mumkin. Albatta, ularning faoliyatlarida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qoidalarning deyarli hammasini topish mumkin.

Sut mahsulotlari va sharbatlar ishlab chiqaruvchi xorijiy shirkatning yurtimizdagi vakilligida ishlaydigan Nodirjon ismli yigit hikoya qilishicha, shirkat odamlari nihoyatda toza ishlaydi; nohaqlikka umuman yo‘l qo‘yilmaydi, kimning g‘irrom yoki yolg‘onchi ekani sezilib qolsa, u ishdan chetlatiladi. Qishloqlardan va mahallalardan sutni yig‘ib olishga maxsus odamlar hamda xizmat mashinalari tayinlanadi; sut odamlardan qimmat narxda sotib olinadi, har bir joyning suti alohida idishga solinib, bu haqda tegishli belgi qo‘yiladi. Sotib olingan sutlardan tahlil uchun ozginadan namuna olinadi va to laboratoriya natijalari chiqquncha qolgan sutning hammasi sovitgichlarda saqlanadi, bir qancha soatdan keyin tahlil natijasi tayyor bo‘ladi: shunga ko‘ra, agar sut yaroqli bo‘lsa, ishlab chiqarishga kiritiladi, agar yaroqsiz bo‘lsa, maxsus ajratilgan joyga to‘kiladi; o‘sha sut olingan joyning odamlari ishonchni oqlamagan hisoblanadi va boshqa ulardan sut olinmaydi. Suv ishlab chiqarish ham shu darajadagi aniqlik va halollik asosida ishlaydi. Ishlab chiqarilgan suv ham, sut ham birdaniga sotuvga chiqarilmaydi, balki katta katta qismlarga ajratilib, maxsus joylarda ma’lum bir vaqtgacha saqlanadi. Nazorat vaqti o‘tib bo‘lgach, har bir qism ichidan yana tahlil uchun namunalar olinadi, xuddi avvalgidek, tahlil natijasi chiqqunicha tayyor mahsulot sotuvga chiqarilmay to‘xtatib turiladi. Natija ijobiy bo‘lsagina, shoxobchalarga tarqatiladi. Bordi yu, tahlil natijasi salbiy bo‘lsa, o‘sha qism hech achinmasdan yo‘q qilib tashlanadi. Ish shu bilan tugamaydi. Sotuv shoxobchalari ham nazorat qilinadi. Agar ular mahsulotni saqlash qoidasiga amal qilishmayotgani yoki narxni kelishilganidan insofsizlarcha oshirib yuborgani aniqlansa, o‘sha savdo tashkiloti bilan, garchi juda ko‘p mahsulot xarid qilayotgan bo‘lsa ham, lafzsizligi sabab, iqtisodiy aloqa to‘xtatiladi.

Ana sizga lafzga mas’ullik va halollikka munosabat. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, laboratoriya natijasi salbiy bo‘lganida, qanchalab pul evaziga qo‘lga kiritilgan xom ashyo yoki tayyor mahsulot tashlab yuboriladi, foyda ziyonga qaramay, noinsofligi ma’lum bo‘lib qolgan hamkorlar bilan aloqa butunlay uziladi. Bu xarajatlar pulga chaqib ko‘rilsa, yaxshigina kamomad, yo‘qotish bo‘layotganini sezish qiyin emas. Lekin kim so‘zda ham, ishda ham halol bo‘lsa, Alloh taolo barakot ato etadi. Biz bilmaymiz, yolg‘iz Uning O‘zi biladi.

Qarz haqida

Qarz berishning savobi hadya berganning savobidan ko‘ra ko‘proqligi haqida hadisi sharif bor. Uzish niyatida qarz olgan kishiga Alloh taoloning O‘zi yordam beradi degan ma’noda Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) hadislar rivoyat qilingan. Xudo saqlasin u, agar banda yeb ketish niyatida birovdan qarz olsa, unday odam o‘z boshiga balo yuklab olgan bo‘ladi va niyatiga muvofiq bu qarzidan qutulolmay ketadi. Imtihon dunyosini tark etganidan keyin uning yaqinlari qarzini uzadimi-yo‘qmi, noma’lum.

Shuning uchun mo‘min banda lozim vaqtlarda Allohning yordamidan umid qilib, uzish niyatida qarz olsa va bu qarzini chiroyli qilib uzib, qarz egasini rozi qilish harakatida bo‘lsa, inshaalloh, qarzidan qutulib, uning o‘zi ham, qarz bergan banda ham ko‘p ko‘p savobu ajrlarga erishadi.

Xalqimizda “Qizg‘anchiqdan qarz olma, qarz olsang ham xarjlama” degan maqol bor. Bu maqol nima uchun aytilganini bilish qiyin emas. Avvali, qizg‘anchiqdan qarz olishning o‘zi qiyin ish, ikkinchidan, unday odam qarz berishga rozi bo‘lgan taqdirda ham, tezlikda qaytarib berishinga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin, shuning uchun uni ishlatmay turganing ma’qul, deyilyapti. Lekin nima bo‘lganida ham, u qarzning egasi, qistashga haqli. Shunday ekan, qarz oluvchi ham, beruvchi ham Alloh taoloning roziligi niyatida harakat qilishi lozim. Bir tomonning ishi bitib qolsin, ikkinchi tomonning ham puli kuyib ketmasin.

“Qarz” so‘zi aslida kesish ma’nosini beradi. Ya’ni, imkoni bor odam o‘zining mablag‘i yoki sarmoyasidan qandaydir bir qismini kesib, boshqasiga beradi. Olgan odam esa o‘sha kesilgan joyni yana qayta tiklab berishi lozim. Qur’oni majidning bir necha joyida “Alloh uchun qarzi hasana beruvchibormi?” ma’nosidagi oyatlar keladi (Baqara, 245; Moida, 12). Bu boy, mard kishilarga xitob. O‘shanday kishilar qarzi hasana4 berishsin va qarz olgan taraf to joyini to‘ldirgunicha sabr etib, qistalang qilmay tursin. Bu vaqtda Razzoq va Vahhob Alloh taolo O‘z fazli bilan boshqa tomondan qarzi hasana bergan mo‘min bandasiga fayzu barakot yetkazib turadi. Bu odamzotning emas, Haq subhonahu va taoloning va’dasi. U Zot va’dasiga aslo xilof qilmaydi!

Bandasining ishi – Undan duo qilib so‘rash va shu yo‘nalishda to‘g‘ri niyat bilan harakat qilish. Misoli tog‘ning etagida turib: “Ey Xudo, mening shu toqqa chiqishimni nasib qil”, deb so‘rab, keyin toqqa chiqishni boshlashdek. Shunda ham Parvardigor nasib qilsagina, tog‘ning tepasiga chiqadi, nasib etmagan bo‘lsa, bir qadam ham siljiyolmaydi. E’tiqodimiz ana shunday. “Olma, pish, og‘zimga tush”, deb harakatsiz qarab o‘tirish bizning yo‘limizga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki hazrat Bibi Maryamga ham: “Qurigan xurmo shoxini silkit”, deyildi (Maryam, 25). Silkitmasa ham berishga qodir edi, lekin O‘z ne’matini shu silkitish sababiga bog‘lab qo‘ydi. Silkitdi, qurigan xurmodan meva to‘kildi.

Zotan, bu dunyo ishlari sabablarga payvasta qilingan. Demak, so‘rab Alloh taologa iltijo qilamiz, so‘raganimizga muvofiq harakat qilib, sabablarni amalga oshiramiz. Berish yo bermaslik, yetkazish yo yetkazmaslik Uning siri. Hukm ham Uniki, xohish ham! Xohlagan vaqtida har qanday sababni o‘rtadan ko‘tarib, to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazadi ham.

Umr savdosi

Umr savdosi haqida bu risolada yozishning qanday zarurati bor edi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Javob shuki, halol savdo haqida gaplashishga kirishdikmi, demak, gapimiz chala bo‘lib qolmasligi kerak. Chunki umr savdosi o‘ziga xos nozik muomala turi. Chunonchi, tafsirlarda Masad surasidagi “va maa kasab” dan murod Abu Lahabning xalq ichida gerdayib yurishiga sabab bo‘lgan o‘g‘illari deyiladi. Oyatning mazmuni bunday: “Unga topgan mol mulki va o‘g‘illari qora kunida asqotmadi”. Demak, uning o‘g‘illari kasb qilib topgan narsalaridan hisoblanadi.

Bugungi kunda ayol bilan ayol, erkak bilan erkak o‘zaro nikoh qurib yashashiga rasman yo‘l berayotgan davlatlar haqida o‘qib, eshitib qolyapmiz. Ba’zi joylarda odat bo‘lib boryaptiki, yigit bilan qiz yoki erkak bilan ayol qonuniy er xotin bo‘lishdan oldin birgalikda qanchadir vaqt hayot kechirishib, undan keyin yo turmush qurishyapti, yo navbatdagi juftini izlab, ikki yoqqa tarqab ketishyapti. O‘rtada farzand bo‘lib qolishi mas’uliyati bilan umuman qiziqishmayapti. Go‘yoki bozorga borib, mol tanladi yu, uyiga olib ketdi; yoqsa, oladi, yoqmasa, qo‘yib yuboradi va boshqasini tanlaydi. Bu kabi umr savdosini olib boradiganlar haqiqiy yaxshilikka aslo yetisholmaydi. Chunki jinsiy hayotga bunday mas’ulyatsiz munosabat hech bir shariat, hech bir dinda halol emas.

Shukr, xalqning xizmatidamiz, “Nikoh o‘qib qo‘ying”, deyishadi, o‘qib qo‘yamiz. Ba’zan kelin kuyovlar nainki musulmoncha hayot tarzi, hatto imon kalimasini aytishni eplolmay qolishyapti. Birgina yigirma o‘ttiz daqiqalik nikoh marosimida qaysi aytilgan narsalarni eslab qolishadi, bilmaymiz.

Xudoning bergan kuni diniy idoraga oralariga uch taloq tushib qolgan er xotinlar kelishadi: “U edi, bu edi, mast edim, alast edim, taloq aytib yuboribman, farzandlarimiz nima bo‘ladi, iltimos, bir yo‘l topib beringlar”.

Shukronalar bo‘lsin, yon atrofimizda qariyb ellik oltmish ming tabarruk hoji ota va hoji onalarimiz yurishibdi. Ularni tez tez ziyorat qilib, duolarini olib turish yoshu katta uchun faqat foyda bo‘ladi. Hayotda u bu ishlarni qilishda ularning qimmatli maslahatlarini so‘rab turishga odatlanish kerak. Chunki bu yerda Islomning bosh shiorlaridan bo‘lgan odob masalasi bor. Qolaversa, “Qari bilganini pari bilmas” deganlaridek, ularning tajribalari ham qo‘l kelib qolishi shubhasiz.

Inson salbiy illatlarga yopishganidan keyin, uni chiqarib olish qiyin bo‘ladi, yaxshisi, uni bunday illatdan uzoq saqlash kerak. Ko‘z oldimizda bolamiz qaynoq choyga intilsa, jim qarab turmaymiz, bu aniq gap. Ma’sum ma’suma o‘g‘il qizlarimiz, o‘smir o‘spirin yoshlarimiz, yigit qizlarimiz, qaysi dinni ushlasam ekan, deb ikkilanib yurgan fuqarolarimiz bor. Ularga to‘g‘ri diniy ta’lim olgan mutaxassislarimiz e’tiqod ilmini o‘rgatishmasa, kimdan o‘rganishadi? Bu savol pishib yetilgan, yechimini kutib turibdi. Bebaho boylik bo‘lgan umr sarmoyasi botil narsalarga xarjlanib ketmasligi kerak. Mabodo shunday bo‘lib qolsa, bunday umr savdosi puch, arzimagan narsaga aylanib qolgan bo‘ladi. Xudo saqlasin!

Oila qurish savdosini yetarli diniy, dunyoviy bilimlar bilan boshlamagan kishilarning kelajagi havas qilarli darajada bo‘lmaydi. Bu tabiiy. Yangi qurilayotgan oilaning mutasaddilari – quda andalar, tog‘a va amakilar, amma xolalar, yangalar bu yumushning chorasini oldindan ko‘rib qo‘yishlari, kelin kuyov umr savdosini puxtalik bilan boshlashlari lozim. To bo‘lajak kelin kuyov o‘zaro munosabatlarida gunoh ishlardan uzoq bo‘lsin:

“Biz o‘zimizni boshqara olamiz, jinsiy muomaladan ehtiyot bo‘lamiz”, deb uchrashuvga chiqish olov bilan o‘ynashgandek gap. Olov bilan o‘ynashgan kishini u kuydirib qo‘yishi oson bo‘lganidek, xilvatda qolgan yoshlarni ustasi farang shayton ming xil aldov bilan “yomonlik”ka boshlab qo‘ya oladi. Mabodo shunday holat yuz bersa, ularning umr savdolari xatar bilan egizak bo‘lib qoladi. Hatto ayanchli kunlarga tushishlari ham mumkin.

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) bir gal sahobai kiromlariga: “Xotinlaringiz bilan qo‘shilganingiz uchun ham ajr olasiz”, deb marhamat qildilar. Sahobalar so‘rashdi: “Yo Rasululloh, o‘z nafsimizni qondirsak ham ajr beriladimi?”. “Nafsingizni haromdan qondirsangiz, gunoh yoziladimi?”. “Ha”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Demak, jufti halolingiz bilan qo‘shilganingizga ham ajr olasiz”, dedilar. Buni yoshu kattalarimiz yaxshi bilib olishlari nur ustiga nur bo‘ladi.

Kelin kuyovlarga taloq ilmi, jinsiy aloqadagi harom va halol ilmi, g‘usl, tahoratu namoz ilmi, er xotinning bir biridagi haqlari va burchlari, oila tejamkorligi ilmi va hokazolar, albatta, to‘y bo‘lishidan xiyla oldin o‘rgatilishi kerak. Shunday astoydil harakatlar natijasida millatimizning obro‘sini oshiradigan farzandlar tug‘iladi. Solih zurriyotlar dunyoga kelishi, xalqimizning bir biri bilan o‘zaro shirin shar’iy hayot kechirishi uchun sharoitlar yaratishimiz, har turli zaruriy xizmatlarni bajarish uchun ikkilanmasdan, tortinmasdan, jiddu jahd qilishimiz kerak.

Qur’oni karimda “qaysi qavm o‘zini o‘nglamasa, ularning ahvolini Alloh o‘zgartirmaydi”, mazmunli oyatlar bor (Anfol, 53; Ra’d, 11). Millatning umumiy baxti, saodatli ertasi uchun bugun harakat qilish shart. Harakat bizdan, barakat Allohdan!

Alloh taolo man qilgan savdolar

Bu o‘rinda ayrim manhiyotlarni zikr qilmoqchimiz. Maqsad – jamiyatimiz gullab yashnashiga xalal berayotgan ishlardan xalos bo‘lish chorasini izlash.

Alim va Hakim Zot bandalari uchun zararli bo‘lgan narsa va amallarni O‘zining Kitobi va Rasuli orqali bildirib, bandalariga aql yuritib, mazkur zararli narsa va amallardan uzoqda bo‘lishni buyurgan. O‘sha narsalar harom va gunoh degan umumiy nom bilan ataladi. Qaysi bir inson yoxud qavm harom va gunohlarga aralashib qolsa, eng birinchi navbatda o‘z joniga zulm qilgan bo‘ladi.

Tana savdosi

Bu so‘z birikmasi zikr qilingan hamono fohisha va zinokorlar esga keladi. Zino Qur’onda ham, hadisda ham man qilingan, haddan o‘tgan buzuq va oqibati xatarli narsadir. Ma’naviy tuban, o‘z qadrini poymol qilgan ayol va erkak bu yo‘lga yuradi. Zinokorlar nafaqat o‘zlarini xonavayron qilishadi, balki ular tufayli eldan baraka ko‘tariladi, qahatchilik yuz beradi.

Zino sababli qotillar paydo bo‘ladi. Ular bu yo‘lga kirgan ayollarning homilalarini olish bilan mashg‘ul. Qizlar, ayollar zino orqali, xiyonat sababli homila orttirib, qilar ishni qilib bo‘lishgach, o‘zlarini bu “sharmandalik yuki”dan qutqaradigan “xaloskor” izlab qolishadi. Kimlarningdir vositasida izlab topganlari o‘sha kimsalar homilani burda burda qilib olib tashlashadi.

Odam sotgan Abdulloh

Bugungi kunda yer yuzida qullar qolmagan. Hamma hur. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) hadisi shariflarida ozod odam bolasini sotish qattiq qoralangan: Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan, yuqorida ham keltirganimiz hadisda: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo “Men qiyomat kuni uch toifaning xusumatchisi bo‘laman: Men bilan ahd berib, keyin aldagan odamning, hurni sotib, bahosini yegan odamning va odam ishlatib, haqini bermagan odamning, deydi” dedilar”.

Chet ellarga ishlash uchun ketganlarning ko‘plarini begonalar emas, o‘z yurtdoshlari, mahalladoshlari sotishganini eshitib qolyapmiz. Qulning orzusi bitta – ozodlikka chiqish bo‘lgani singari, o‘sha sotilgan insonlar ham kecha bo‘lsin, kunduz bo‘lsin, tutqunlikdan qutulib, o‘z yurtiga qaytish chorasini qidirishadi. Bunday imkon tug‘ilishi bilanoq foydalanib olishadi va uyiga kelishgach, o‘sha o‘zini sotib yuborgan “ishbilarmon” tanishidan, uning oilasidan o‘ch olish harakatiga tushishadi.

Odam sotganlar esa, buni juda yaxshi his qilishgani uchun yurtiga qaytolmay yurishadi. Qaytsa, el yurt oldida sharmanda bo‘lishidan tashqari, yana qamoqqa tushib jazolanish ham kutib turibdi. Shuning uchun ular o‘sha yurtlarda yurishga majbur. Lekin qilgan qilmishlari evaziga xor zor bo‘lish xavfi ularni hech qachon, bir lahza bo‘lsin, tark etmaydi. Ular xuddi asalarining erkagidek uyiga qaytolmay qolib ketishlari ham mumkin. Bunday sharmandaliklardan Alloh saqlasin!

Yolg‘on savdo

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Yolg‘onchi bizdan emas”, deganlar. O‘zini mo‘min musulmon hisoblaydigan kishiga mana shu hadisi sharif ko‘p narsa beradi. Bu ulug‘ qoida va chegara. Gap so‘zda bo‘ladimi, ishda, savdoda bo‘ladimi, qat’i nazar, mo‘min inson yolg‘ondan uzoqda turadi. Yolg‘onni odat qilgan kishi eng avvalo o‘ziga yomonlik qilgan bo‘ladi; yolg‘on aralashgan joydan baraka qochadi. Chunki hamma narsadan xabardor Alloh taolo yolg‘onchini yaxshi ko‘rmaydi.

Ko‘plar shirin, chiroyli yolg‘on bilan ishlarini bitirib yurishga usta. Ularning shiori: “E e, ishing bitguncha cho‘chqani “tog‘a” de!”. Yo‘q narsani savdo qilishib, pulini olganlar, buzuqni soz deb, yarimni butun deb sotganlar, o‘ziniki bo‘lmagan narsani pullaganlar, biror narsani olib, haqini bermasdan yo bir qismini berib, qolganini o‘zlashtirib ketganlar, o‘zlaricha foyda qildim, deb o‘ylashsa da, aslida, katta ziyon qilishadi, ishidan, rizqidan, xonadonidan fayz-baraka ko‘tariladi, oxiratda azobga giriftor bo‘lishadi. Chunki Alloh taolo yolg‘on aralashgan ish va gaplardan rozi bo‘lmaydi.

Pora savdosi

Mazkur savdo jahon mamlakatlarini o‘ylantirib turgan katta muammolardan biridir. Pora muomalasi barcha dinlarda gunoh hisoblanadi. Ikki olam sayyidi Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam) poradan qattiq qaytarganlar: “Pora beruvchi ham, oluvchi ham, o‘rtada turuvchi ham jahannamga tashlanadi”.

Poraxo‘rlik jamiyat barqarorligining muhim asosi bo‘lgan adolatning yo‘qolishiga olib boradi. Pora vositasida nohaqlik haq maqomiga chiqishi bois jamiyat parokanda bo‘ladi. Mamlakatimiz mustahkamligi, rivoji va gullab-yashnashini, oxirati obod bo‘lishini istagan har bir fuqaro pora olish va berish illatidan xalos bo‘lishi kerak.

Xiyonat (xoinlik) savdosi

Xiyonat aslo yaxshilik keltirmaydi. Xiyonatning turi ko‘p: do‘stlikka xiyonat, oilasiga, juftiga, yaxshi ko‘rganlariga xiyonat, xo‘jayiniga, sherigiga, ahdlashganlariga xiyonat, ota ona, aka uka, opa singilga xiyonat, Vataniga, vatandoshlariga, diniga, dindoshlariga xiyonat, omonatga, molga xiyonat, ustozga xiyonat... Hech bir dinda, hech bir davlatda xiyonat oqlanmaydi.

O‘qituvchi, ishchi xizmatchi, shifokor, muhandis yo boshqa sohada ishlovchi ish vaqti o‘z joyida bo‘lmasdan, oylik maoshini olsa ham, xiyonat hisoblanadi. Chegarachi chegarada uxlab qolsa, bu ham xiyonat. Postda turgan posbon yoki qorovul ish joyini tashlab ketsa, bu ham xiyonat. Soliq oluvchi soliq to‘lovchi bilan kelishib, soliqni kamaytirish hisobiga bir qismini o‘zi o‘zlashtirib olsa, bu ham jinoyat, ham xiyonat. Har xil imorat quruvchi va ta’mirlovchilar, yo‘llar quruvchilar va ta’mirlovchilar yoxud boshqa sohalarning mas’ullari qilinmagan ishni qilindi deb, yoki oz xarajat qilingan joyga ko‘p xarajat ko‘rsatib, davlatning pulini o‘zlashtirsa, garchi buni boshqalar bilmay qolsa da, xiyonat, jinoyat, o‘g‘rilik va gunohning kattasini qilgan bo‘ladi.

O‘zini aqlli deb sanaydigan odamga ketidan jazoni jalb qiladigan amallar qilish hech to‘g‘ri kelmaydi. Uning bilaturib, bunday qilishi xuddi “Qamoqxonaga ham odam kerak, do‘zaxga ham odam kerak, men ana o‘shandaylar toifasidanman” deganiday bo‘ladi. Bu gaplarni aytishdan maqsad – mazkur ikki joyga do‘stlarimiz ham, yotlarimiz ham tushmasin. Hammamizning murodu niyatimiz mana shu nuqtada kesishuvi kerak.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

Yunusobod tumani bosh imom xatibi,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

"Mirza Yusuf" jome masjidi imom xatibi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.