background
logotype
image1 image2 image3

Zulm

Zulm bir necha turli bo‘ladi. Botil yo‘l bilan mol topish, yetim molini yeyish, bandalarni o‘ldirish, urish, jarohat yetkazish, haqorat qilish, la'natlash, tuhmat qilish va hokazo.

«(Ey Muhammad), siz hargiz: «Alloh zolim kimsalarning qilayotgan amallaridan g‘ofil» deb o‘ylamang!»

Ya'ni, Alloh zolimlarning qilmishlarini unutib yuboradi, deb o‘ylamang. Zero, Allohning sunnati (odati) o‘zi shunday - osiylarni ozgina muddat o‘z holiga qo‘yib qo‘yadi-da, so‘ng izzati va qudratiga xos tarzda tutadi-jazolaydi.

«Faqat Alloh ular(ning jazolari)ni ko‘zlar (dahshatdan) qotib qoladigan (qo‘rqinchli qiyomat) kuniga qoldirmoqda, xolos».

Ya'ni, ularni jazolashni dahshati va shiddatidan ko‘zlar ochilgan ko‘yi qimirlamay qoladigan qiyomat kuniga kechiktirmoqda.

«(U kuni) ular boshlarini (osmonga) ko‘targan hollarida (chorlangan tomonga hisob-kitob uchun)chopurlar. Ko‘zlari o‘zlariga qaytmaydi (ya'ni, qo‘rquvdan qotib qolib, o‘zlarining qanday holda ekanliklarini ham ko‘rmaydilar). Dillari (dahshatdan) bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolur. (Ey Muhammad),odamlarni ogohlantirib qo‘yingki, ularga azob kelar kunda (qiyomatda) zolim kimsalar: «Parvardigoro, bizlarga ozgina muhlat bergin, (ya'ni, bizlarni dunyoga qaytarib, ozgina hayot bergin, albatta) Sening da'vatingni qabul qilurmiz va payg‘ambarlaringga ergashurmiz» deydilar.(Shunda ularga javob qilinur): «Ilgari (hayot paytingizda) hech qachon zavolga yuz tutmasligingiz(ya'ni, hech qachon o‘lmasligingiz va oxirat jazosiga duchor bo‘lmasligingiz) haqida qasam ichmagan edingizlarmi? Holbuki, sizlar o‘zlariga zulm qilgan kimsalarning maskanlariga (ular zavolga yuz tutganlaridan keyin) joylashgan edingizlar. Ularni qanday (halok) qilganimiz ham sizlarga aniq m'lum edi. Biz sizlar uchun (qanchadan-qancha) misollar keltirgan edik (lekin sizlar bu ko‘rgan-bilganlaringizdan ibrat olmadingizlar, haq yo‘lga yurmadingizlar)» (Ibrohim surasi, 42-45).

«Faqat odamlarga zulm qiladigan va yerda nohaq hadlaridan oshadigan kimsalar(ni ayblash va zulmu zo‘ravonliklari uchun jazolash)gagina yo‘l bordir» (Sho‘ro surasi, 42).

«Zolim kimsalar yaqinda qanday oqibatga qarab ketayotganlarini bilib olurlar» (Shuaro surasi, 227).

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zulmdan saqlaninglar. Zero, zulm qiyomat kuni zulmat bo‘lur. Ziqnalikdan saqlaninglar. Zero, ziqnalik sizlardan oldingilarni halok etdi - ularni o‘zaro qonlarini to‘kishga va harom ishlarni halol qilishga olib keldi» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Parvardigor azza va jalla aytadi: «Ey bandalarim, Men O‘zimga zulmni harom qildim va uni sizlarning orangizda ham harom qildim. Bas, bir-biringizga zulm qilmanglar» (Muslim, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Abu Muso roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh zolimga uzoq umr beradi. Uni ushlagan vaqtda esa, qutula olmaydi», dedilar va Hud surasining 102-oyatini o‘qidilar:

«Parvardigoringiz (ahli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi - azobi alamli va qattiqdir» (Muttafaqun alayh).

Xavla binti Omir Ansoriya roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Ayrim kishilar Allohning moliga tajovuz qiladilar. Qiyomat kuni ularga do‘zax bo‘lur», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida: «Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘l, zero, uning duosi bilan Allohning orasida parda-to‘siq yo‘qdir», degan edilar» (Muttafaqun alayh).   

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bir birodarining nomusi yoki boshqa narsasiga zulm qilgan bo‘lsa, dinoru dirham bo‘lmaydigan (kundan) ilgari qutulib olsin. Aks holda, uning yaxshi amallaridan zulmiga yarashasi mazlumga olib beriladi. Bordi-yu, yaxshiliklari bo‘lmasa, mazlumning yomonliklaridan olinib, unga yuklanadi» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Muflis (o‘ta miskin, nochor) kimligini bilasizlarmi?» deb so‘ragan edilar, sahobalar: «Bizning nazdimizda chaqasi ham, matosi ham yo‘q kishi muflisdir», deya javob berishdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mening ummatimdagi muflis shunday kishiki, u qiyomat kuni namozi, ro‘zasi va zakoti bilan keladi. Keladi, biroq kimnidir haqorat qilgan, boshqasini badnom etgan, bunisining molini yegan, boshqasining qonini to‘kkan, yana birovni urgan bo‘ladi. Keyin uning yaxshiliklaridan ularga olib beriladi. Mabodo bo‘ynidagi narsalar bitmay turib, yaxshiliklari tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib unga yuklanadi. So‘ng do‘zaxga uloqtiriladi» (Muslim rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim qarich yer ustida zulm qilsa (o‘ziniki qilib olsa), o‘sha yerning yetti qavati uning bo‘yniga osib qo‘yiladi» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Minoda xitob qilib: «Ogoh bo‘linglarki, Alloh sizlarga qonlaringizni va mollaringizni ushbu kuningiz va ushbu oyingiz hurmati kabi harom (hurmatli) qildi. Yetkazdimmi?» dedilar. Ular: «Ha», deyishgach, uch marotaba: «Ey Allohim, O‘zing guvoh bo‘l», dedilar» (Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Unays roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh qiyomat kuni bandalarni (yoki insonlarni) yalong‘och, xatna qilinmagan va yo‘qsil holda tiriltiradi», dedilar. Biz: «Yo‘qsillik nima?» deb so‘ragan edik, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Ularning hech narsasi bo‘lmaydi. So‘ng ularga uzoqdagi kimsa ham yaqindagi kimsa kabi eshitadigan ovozda: «Men hakamman, men podshohman. Bironta do‘zaxiyning bironta jannatiyda haqqi bo‘lsa, to unga qasosini olib bergunimcha do‘zaxga tushishi joiz emas. Va bironta jannatiyning bironta do‘zaxiyda haqqi bo‘lsa, hattoki bir tarsaki bo‘lsa-da, unga ham qasosini olib bermagunimcha jannatga kirishi joiz emas», deb nido qiladi», dedilar (Ahmad rivoyati).

Huzayma ibn Sobit roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Mazlumning duosidan saqlaninglar. Zero, u bulutda ko‘tariladi. Alloh: «Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, garchi ozginadan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta, yordam beraman», deydi» (Tabaroniy rivoyati).

Jobir aytadilar: «Dengiz muhojirlari qaytib kelgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Habash yerida ko‘rgan narsalaringizdan ajoyibini gapirib bermaysizlarmi?» dedilar. Bir yigit: «Aytib beramiz, yo Rasululloh» deb, so‘z boshladi: «Bir joyda o‘tirgan edik. Yonimizdan boshida bir ko‘za suv ko‘targan rohiba kampir o‘tdi. U yerlik bir yigit turgan edi. U bir qo‘lini kampirning kuraklari orasiga qo‘yib itarib yubordi. Kampir cho‘kkalab qoldi, ko‘zasi sindi. O‘rnidan turib unga qaradi-da: «Yaqinda bilasan, ey zolim! Alloh kursini qo‘yib, avvalgilaru oxirgilarni to‘playdigan, qo‘l va oyoqlar qilib o‘tgan ishlarini so‘zlaydigan kunda Uning huzurida sen bilan mening holim qanday bo‘lishini bilib olasan!» dedi». Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rost aytibdi, rost aytibdi. Kuchlilardan zaiflarining haqqi olib berilmaydigan ummatni Alloh qanday qilib aziz qilsin», dedilar» (Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, besh toifa odamdan Alloh g‘azablanadi. Xohlasa, Uning azobi shu dunyoning o‘zida beriladi. Xohlasa, oxiratda ularni do‘zaxga hukm qiladi. Ular: bir qavmning boshlig‘iki, rayiyatidan o‘z haqqini to‘la-to‘kis oladi, o‘zi esa ularga insof qilmaydi, ularni zolimlardan himoya qilmaydi; bir qavmning yetakchisiki, odamlar unga itoat etishadi, u esa kuchli bilan kuchsizni teng ko‘rmaydi va havoi nafsidan gapiradi; bir kishiki, ahlini va bolalarini Allohga itoat etishga buyurmaydi, ularga diniy ishlarni o‘rgatmaydi; bir kishiki, mardikor yollab ishini qildiradi-da, haqini to‘liq bermaydi; bir kishiki, xotiniga mahri borasida zulm qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Tuvaloq qush zolimning zulmidan ozib uyasida jon beradi».

Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu aytadilar: «Alloh taolo maxluqotlarni yaratgach, ular o‘rinlaridan turib, boshlarini ko‘taradilar-da: «Ey Parvardigor, Sen kim bilansan?» deb so‘rashadi. Alloh: «To haqqi olib berilmaguncha mazlum bilan birgaman», deydi».

Abu Umoma roziyallohu anhu aytadilar: «Qiyomat kuni zolim jahannam ustidagi ko‘prikdan o‘tayotganda, mazlum unga duch kelib, zulmini eslatadi. Zulm qilgan kimsalar to qo‘llaridagi yaxshiliklarni olib qo‘yishmaguncha, mazlumlar oldidan keta olmaydilar. Agar ularning yaxshiliklari bo‘lmasa, qilgan zulmlari barobarida mazlumlarning yomonligi ularga yuklanadi. So‘ng ular do‘zax qa'riga qulaydilar».

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytdilar: «Qiyomat kuni erkak yoki ayol bandaning qo‘lidan ushlab, butun maxluqotlar ko‘z o‘ngida: «Bu falonchining o‘g‘li falonchi. Unda kimning haqqi bo‘lsa, kelib haqqini olsin», deb nido qilinadi. Ayol kishi otasi, akasi yoki erida haqqi qolgan bo‘lsa, bundan shod bo‘ladi».

So‘ng: «U kunda oralarida (qarindosh-urug‘chilik) nasablari bo‘lmas. Bir-birlaridan (biron narsa haqida) so‘ramaslar», oyatini o‘qib, so‘zlarida davom etdilar: «Alloh O‘z haqqidan xohlaganini kechiradi. Biroq, insonlarning haqlaridan biron narsani kechmaydi. Bir banda odamlarga ro‘baru qilinadi. So‘ng Alloh taolo haqdorlarga: «Haqingizni olgani kelinglar», deydi va farishtalarga: «Uning solih amallaridan olib, har bir haqdorga haqqiga yarashasini beringlar», deya amr etadi. Agar banda Allohning valiyi (do‘sti) bo‘lsa va zarra misqolichalik yaxshi amali ortib qolsa, Alloh taolo o‘sha amalini ko‘paytiradi va u sababli bandani jannatga doxil qiladi. Bordi-yu, banda badbaxt bo‘lib, yaxshi amali qolmasa, farishalar: «Parvardigoro, uning yaxshiliklari tugadi, biroq hali talabgorlari bor», deydi. Shunda Alloh: «Ularning yomonliklaridan olib, uning yomonliklariga qo‘shinglar», deydi. So‘ngra u do‘zaxga haydaladi».

Rivoyat qilishlaricha, qiyomat kuni banda uchun o‘zini taniydigan kishini uchratishdan ko‘ra yoqimsizroq narsa bo‘lmaydi. Chunki u dunyoda qilgan zulmiga to‘lov talab etishidan xafvsirab turadi. Bu xususda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Qiyomat kunida haqlar haqdorlarga olib beriladi. Hatto shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yning o‘chi olib beriladi» (Muslim rivoyati).

Ayrim kitoblarda yozilishicha, Alloh taolo: «Mendan o‘zga yordamchisi bo‘lmagan kishiga zulm qilgan kimsa Mening qattiq g‘azabimga duchor bo‘libdi», deydi.

Bir shoir aytadi: «Qodir bo‘lsang-da, zulm qilma, chunki zulmning oqibati nadomatdir. Mazlum bedor bo‘lib duoibad qiladi, sening ko‘zlaring uxlar, biroq Alloh uxlamas».

Salaflardan biri aytar ekan: «Zaiflarga zulm qilma. Aks holda eng yovuz kuchlilardan bo‘lasan».

Vahb ibn Munabbah aytganlar: «Zo‘ravon podshohlardan biri baland qasr bino qilibdi. Bir kambag‘al kampir qasrning yoniga kichkina kulba qurib unda yashay boshlabdi. Kunlardan bir kuni podshoh otiga minib qasri atrofida aylanib yurib bir kulbaga ko‘zi tushib qolibdi. «Bu kimniki?» «Kambag‘al ayolniki». U kulbani buzib tashlashni buyuribdi. Kampir kelib kulbasi buzilganini ko‘rib, hammasini surishtirib bilgach, boshini osmonga ko‘tarib debdi: «Ey Parvardigoro, men bu yerda bo‘lmagan ekanman, Sen qaerda eding?» So‘ng Alloh Jabroilga qasrni ichidagi kishilari bilan qo‘shib ag‘darib tashlashni buyurgan edi, u darhol buyruqni bajardi».

Xolid ibn Barmak va o‘g‘li hibsga olinganida o‘g‘li: «Kechagina aziz edik, bugun esa kishanlangan mahbusmiz» degan edi, Xolid: «Ey o‘g‘lim, mazlumlar tuni bilan duoibad qilgan. Biz undan g‘aflatda bo‘lganmiz. Alloh esa g‘ofil emas», dedi.

Yazid ibn Hakim aytar ekan: «Bir kishidan qo‘rqqanimdek boshqalardan sira qo‘rqmaganman. Men unga Allohdan o‘zga yordamchi yo‘qligini bilaturib zulm qilgan edim. U esa: «Alloh menga kifoya. Sen bilan mening oramizda Alloh (hakam)dir», der edi».

Abu Atohi ismli shoirni Rashid hibsga oldi. Shoir unga qamoqdan quyidagi ikki baytni yozib yubordi:

«Allohga qasamki, zulm - yomonlik,
Yomon kimsa esa zolimdir, so‘zsiz.
Ey zolim, ertaga Alloh oldida
«Malomat» tutingay senga og‘a, do‘st...»

Zikr etishlaricha, Kisro (fors podshohi) o‘g‘liga ta'lim-tarbiya beradigan ustoz tayin qildi. Bola fazlu odobda barkamol bo‘lib o‘sdi. Bir kuni ustozi uni qattiq urdi. Bola esa katta bo‘lguncha, ustoziga nisbatan ich-ichidan kek saqlab yurdi. Uning xayolidan o‘sha sababsiz urilgan zarba ketmasdi.

Otasi o‘lib taxtga chiqqach, birinchi ustozini yoniga chorladi:

- Falon, falon kuni hech bir sababsiz, aybim bo‘lmasa-da, meni qattiq urgan edingiz. Bunga sizni nima majbur qildi?

- Ey podshoh, fazlu odobda kamolga yetganingizga, siz otangizdan so‘ng taxtga o‘tirishingizni bilgan edim. Shuning uchun sizga kaltak og‘rig‘ini, zulm alamini tottirishni xohladim, toki biron kimsaga ham zulm qilmagaysiz.

Podshoh bu javobdan mamnun bo‘lib: «Alloh sizga yaxshi mukofotlar ato etsin», dedi va sovg‘a-salom bilan kuzatib qo‘ydi.

Fasl

Qurbi yetaturib, qarzini to‘lamay yurish ham katta zulmdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Boyning (qarzni to‘lashni) paysalga solishi zulmdir» (Muttafaqun alayh).

Yana bir rivoyatda: «Qodir odamning (qarzni to‘lashni) paysalga solishi zulm bo‘lib, uning sha'niga yomon gap aytish va jazolash (hibsga olish) halol bo‘ladi», deyilgan (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Fasl

Ayolning mahr, nafaqa, kiyim-kechak ta'minoti kabi haqlariga tajovuz qilish ham zulmdir.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaramog‘idagilarni zoe qilish (qarovsiz tashlab qo‘yish) kishining gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi» (Abu Dovud, Nasoiy, Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh har bir boshliqdan qo‘l ostidagilarni saqlaganmi yoki zoe qilganmi, albatta, so‘raydi. Hattoki kishidan ahli oilasi haqida so‘raladi» (Ibn Hibbon rivoyati).

Fasl

Mardikor ishlatib haqini bermaslik ham zulmdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo dedi: «Men uch toifa odamga xusumatchi - raqibman va kimga xusumatchi bo‘lsam, uni aniq yengaman. Ular: Mening nomim bilan berilgan narsaga xiyonat qilgan kimsa, hur odamni sotib pulini yegan kimsa, mardikor yollab, ishini qildirib, haqini bermagan kishi» (Buxoriy rivoyati).

Yahudiy yoki nasroniyga zulm qilgan, xorlagan, toqatidan tashqari ishni buyurgan yoki biron narsasini norozi qilib olgan kimsa ham mazkur hadisdagi insonlar sirasiga kiradi.

Zimmasidagi qarzni inkor qilib yolg‘on qasam ichish ham zulmdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki (yolg‘on) qasam ichib, musulmon kishining haqini o‘ziniki qilib olsa, batahqiq, Alloh unga do‘zaxni vojib etib, jannatni harom qiladi», dedilar. «Yo Rasululloh, arzimagan narsa bo‘lsa hammi?» deb so‘rashgan edi, «Butaning novdasi bo‘lsa ham», deb javob berdilar (Muttafaqun alayh).

Rivoyat qilishlaricha, qiyomat kunida birinchi bo‘lib er-xotin janjallashadi. Allohga qasamki, xotinining tili gapirmaydi. Balki qo‘l-oyoqlari bu dunyoda eriga qilgan sarkashliklari haqida guvohlik beradi. Erning qo‘l-oyoqlari ham u xotinini qanday boshqargani haqida guvohik beradi. So‘ng kishi va xizmatkorlari orasida mana shunday tortishuv bo‘ladi. Ulardan dinoru dirham olinmaydi. Biroq zolimning yaxshiliklari mazlumga olib beriladi, mazlumning yomonliklari zolimga yuklanadi. So‘ng zo‘ravonlar oldiga temir gurzi ko‘targan (farishtalar) keladi va: «Ularni do‘zaxga haydanglar», deyiladi.

Shurayx Qoziy aytgan ekanlar: «Zolim jazo-uqubatni, mazlum esa nusratu savobni kutib turganini zolimlar yaqinda bilib oladilar».

Rivoyat qilishlaricha, Alloh bir bandasiga yaxshilikni iroda qilsa, unga zulm qiladigan kimsani boshliq qilib qo‘yadi.

Tovus Yamoniy Xalifa Hishom ibn Abdulmalikning huzuriga kirdilar va unga: «Azon kuni borasida Allohdan qo‘rqing», dedilar. Hishom: «Azon kuni qaysi?» deb so‘ragan edi, u zot: «Alloh taolo: «Bas, ularning o‘rtalarida bir jarchi (muazzin): «Zolimlarga Allohning la'nati bo‘lgay», deb jar solur»,degan-ku», dedilar. Buni eshitgan Hishom hushidan ketdi.

Fasl

Zolimlarga aralishib yurish va yordam berishdan qaytarish haqida

Alloh taolo aytadi:

«Zulm yo‘lini tutgan kimsalarga moyil bo‘lmanglar...»

Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyatni «Ularga yaxshi gapirib, yaxshi ko‘rib butunlay berilib ketmanglar», deb tafsir qilgan bo‘lsalar, Suddiy va Ibn Zayd: «Zolimlarga tilyog‘lamalik qilmanglar», Abu Oliya esa: «Ularning amallaridan rozi bo‘lmanglar», deb tafsir qilishgan. Ikrima: «Ularni yaxshi ko‘rib itoat etishdan qaytarmoqda», deganlar.

«...Aks holda sizlarga do‘zax o‘ti yetar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biron do‘st yo‘qdir. Keyin(zolimlarga ergashsangizlar), sizlarga yordam berilmas» (Hud surasi, 113).«... Keyin (zolimlarga ergashsangizlar), sizlarga yordam berilmas» (Hud surasi, 113).

Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Sizlarni Allohning azobidan saqlovchi hech kim yo‘q», deb tafsir qilganlar.

«(Ey farishtalar, sizlar) zolim-kofir bo‘lgan kimsalar va ularning hamtovoqlarini (ergashuvchilarini)to‘planglar...» (Vas-soffot surasi, 22).

Ka'b ibn Ujra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mendan so‘ng amirlar bo‘ladi. Kim ularning huzuriga kirib yolg‘onlarini tasdiqlasa, zulmlariga yordam bersa, u mendan emas, men ham undan emasman. U hovuzga yaqin kelmaydi. Kim ularning huzuriga kirmasa va zulmlariga yordam bermasa, yolg‘onlarini tasdiqlamasa, u mendan va men ham undanman. U hovuzga keladi» (Termiziy rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, kim zolimga yordam bersa, zolim unga ho‘jayin bo‘lib qoladi.

Said ibn Musayyab aytgan ekanlar: «Solih amallaringiz kuyib ketmasligi uchun zolimlarning yordamchilariga faqat qalbingiz bilan inkor qilgan holdagina nazar tashlanglar».

Makhul Dimashqiy aytganlar: «Qiyomat kuni bir jarchi: «Zolimlar va ularning yordamchilari qani?» deb nido qiladi. Shunda zolimlarning xatcho‘pini siyohga botirib bergan yoxud qalamini uchlab bergan va yo bundan boshqa xizmat qilgan har bir kimsa ular bilan hozir bo‘ladi. So‘ng ular olovdan bo‘lgan tobutga to‘planadilar-da, jahannamga uloqtiriladilar».

Bir tikuvchi kishi Sufyon Savriydan: «Men sultonning kiyimlarini tikib beraman. Ayting-chi, men zolimlarning yordamchilaridanmi?» deb so‘ragan edi, «Yo‘q, sen zolimning o‘zisan. Senga ip-igna sotadigan kishi zolimlarning yordamchilaridandir», deb javob berdilar.

Rivoyat qilishlaricha, qiyomat kuni do‘zaxga birinchi bo‘lib, zolimlar huzurida odamlarni savalaydigan qamchili kimsalar kiradi.

Ibn Umar roziyallohu anhumo aytganlar: «Zolimlarning yordamchilari va mirshablar qiyomat kunidagi do‘zax itlaridir».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlardan birortangiz musulmon kishi mazlum holda o‘ldirilayotgan joyda turmangiz. Zero, uni himoya qilishmagan vaqtda u yerda hozir bo‘lganlarga la'nat yog‘iladi» (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, bir bandani qabrida yuz darra urishga buyurildi. U duo qilib so‘rayverganidan bir darraga tushirildi. So‘ng qabri olovga to‘ldi. Undan chetlashgach, o‘ziga keldi va: «Meni nima uchun urdinglar?» deb so‘radi. «Sen tahoratsiz namoz o‘qiding va mazlumning yonidan o‘tding-u, unga yordam bermading», deyildi.

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birodaringga zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam ber», dedilar. Shunda bir kishi: «Yo Rasululloh, agar mazlum bo‘lsa-ku, yordam beraman. Bordi-yu, zolim bo‘lsa-chi, u holda qanday yordam beraman?» deb so‘ragan edi, u zot: «Uni zulmdan qaytarasan yoki to‘xtatasan. Mana shu unga yordam berishingdir», dedilar» (Buxoriy rivoyati).

Hikoyat

Bir kishi hikoya qiladi: «Qo‘li yelkasidan kesilgan bir kishini ko‘rdim. U: «Meni ko‘rgan har bir inson biron kishiga zulm qilmasin», deb nido qilardi. Unga yaqinlashib: «Ey birodar, nima bo‘ldi?» deb so‘radim. U: «Faroyib hodisa, - deb boshidan o‘tganini so‘zlab berdi. - Men zolimlarning yordamchilaridan edim. Bir kuni kattakon baliq tutgan baliqchini ko‘rib qoldim va uning oldiga kelib balig‘ini berishini so‘radim. U esa bu baliq puliga oilasiga u-bu narsa olib borishini aytib, bepulga bermasligini tushuntirdi. Men esa unga nisbatan kuch ishlatib, baliqni tortib oldim. Baliqni ko‘tarib uyga kelayotganimda, hali joni uzilmagan jonivor qo‘limni tishlab oldi. Uyimga kelib, baliqni tashlaganimdan so‘ng barmog‘im zirqirab og‘riy boshladi. Og‘riqning qattiqligidan uxlay olmadim. Qo‘lim shishib ketdi. Tong otgach, tabibga borib, og‘riqdan shikoyat qildim. U barmog‘imni ko‘rib: «Bu qorason (suyak chirishi) kasalining boshlanishi. Barmog‘ingni kesib tashlash kerak. Aks holda qo‘lingdan ayrilasan», dedi. Barmog‘imni kesib tashladim. So‘ngra qo‘lim og‘riy boshladi. Og‘riqning zo‘rligidan ko‘zimga uyqu kelmadi. «Kaftingni kesib tashla», deyishdi. Kaftimni ham kesib tashlashga majbur bo‘ldim. Keyin bu dard tirsakka o‘tdi, ko‘rib turibsizki, tirsakdan ham mahrum bo‘ldim. Butunlay qo‘limni kesib tashlaganlaridan so‘ng ba'zilar buning sababini so‘ray boshlashdi. Men baliq voqeasini hikoya qilib berganimdan so‘ng, ular: «Oldinroq borib, baliqchiga uzringni aytganingda, ehtimol biron-bir a'zoing kesilmasdi, haliyam kech emas, borib kechirim so‘ra, aks holda badaningga o‘tib ketmasin!» deb maslahat solishdi. Men baliqchini izlab topdim. Oyoqlariga yiqilib, yig‘lab o‘pa ketdim. «Sayyidim, Alloh haqqi, meni kechiring», deb yolvora boshladim. U: «Siz kimsiz?» deb so‘radi. «Men balig‘ingizni tortib olgan kishiman», deb bo‘lgan voqeani aytib berdim. Qo‘limni ko‘rib yig‘lab yubordi. «Ey birodar, boshingizga shunday balolar tushibdi. Mingdan ming roziman», dedi. «Sayyidim, Alloh haqqi ayting-chi, balig‘ingizni olib qo‘yganimda meni duoibad qilganmidingiz?» deb so‘ragan edim: «Ha, «Ey Allohim, bu bandang kuchliligi sababli menga rizq qilib bergan narsangni zo‘ravonlik qilib tortib oldi. Bas, menga shu bandang ustida O‘z qudratingni ko‘rsat», deb duoibad qilgan edim», dedi. «Sayyidim, mana Alloh mening ustimda O‘z qudratini ko‘rsatdi. Men endi zolimlarga xizmatchi bo‘lganimdan Alloh azza va jallaga tavba qildim. Inshaalloh, tirik ekanman, zolimlarning eshigiga qadam bosmayman va ularning yordamchilaridan bo‘lmayman. Tafviq Allohdandir», dedim».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.