background
logotype
image1 image2 image3

Qo'shniga ozor berish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga qasamki, mo‘min emas. Allohga qasamki, mo‘min emas. Allohga qasamki, mo‘min emas», dedilar. «Kim, yo Rasululloh?» deb so‘rashgan edi, «Yomonligidan qo‘shnisi xotirjam bo‘lmagan kimsa», deya javob berdilar (Muttafaqun alayh).

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Yomonligidan qo‘shnisi emin bo‘lmagan kimsa jannatga kirmaydi», deyilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Alloh nazdidagi eng ulkan gunoh qaysi?» deb so‘rashgan edi, u zot uchta gunohni zikr qilib: «Allohga boshqa narsani sherik qilishing. Holbuki, U seni yaratgan; ovqatingga sherik bo‘lishidan qo‘rqib farzandingni o‘ldirishing va qo‘shningning jufti haloli bilan zino qilishing», deya javob berdilar (Muttafaqun alayh).

Sahih hadisda aytiladiki: «Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ekan, qo‘shnisiga ozor bermasin» (Muttafaqun alayh).

Qo‘shni uch toifa bo‘ladi: Musulmon, kofir, qarindosh qo‘shni.

Musulmon qo‘shnining qo‘shnilik va musulmonlik haqlari bor.

Kofir qo‘shnining qo‘shnilik haqi bor.

Qarindosh qo‘shni - uning qarindoshlik, qo‘shnilik haqlari (agar musulmon bo‘lsa, musulmonlik haqi ham) bor.

Ibn Umarning bir yahudiy qo‘shnisi bor edi. Agar jonliq so‘ysalar: «Yahudiy qo‘shnimizga undan olib chiqib beringlar», der edilar.

Rivoyat qilinishicha, qiyomat kunida kambag‘al qo‘shni boy qo‘shnisiga osilib oladi va: «Ey Rabbim, mana bundan so‘ra-chi, nima uchun eshigini qulflab, mendan fazlini to‘sdi ekan», deydi.

Kishi qo‘shnisining ozor-aziyatlariga bardoshli, toqatli bo‘lishi lozim. Bu ish qo‘shniga yaxshilik qilish jumlasidan sanaladi.

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, menga jannatga doxil etadigan amalni o‘rgating», degan edi, «Muhsin (yaxshilik qiluvchi) bo‘l», dedilar. «Muhsinligimni qanday bilaman?» deb so‘ragan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Qo‘shnilaringdan so‘ra, agar seni muhsin deyishsa, demak, muhsinsan. Bordi-yu seni yomon deyishsa, demak yomonsan», dedilar (Bayhaqiy rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, kimdan-kim ahli (oila a'zolari) va mol-mulkidan qo‘rqib, qo‘shnisidan eshigini bekitsa, u mo‘min emas. Shuningdek, yomonligidan qo‘shnisi emin bo‘lmagan kishi ham mo‘min emas.

Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan: «Zino haqida nima deysizlar?» deb so‘ragan edilar, ular: «U harom ish. Uni Alloh va rasuli harom qilgan bo‘lib, u qiyomat kunigacha haromdir», deya javob berishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘nta ayol bilan zino qilishi qo‘shnisining xotini bilan zino qilishidan yengilroq», dedilar-da yana so‘radilar: «O‘g‘irlik haqida nima deysizlar?» «Alloh va Uning rasuli uni harom qilgandir. U harom ish», deya javob berishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘nta uydan o‘g‘rilik qilishi qo‘shnisining uyidan o‘g‘irlik qilishidan yengilroq», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, qo‘shnisidan shikoyat qildi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Bor, sabr qil», dedilar. Haligi kishi yana ikki yo uch marta keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oxiri: «Bor, matohlaringni ko‘chaga uloqtirib tashla», deb maslahat berdilar. So‘ng u kishi shunday qildi. Ko‘chadan o‘tayotgan kishilar undan nima uchun bunday qilganini so‘rashar, u esa qo‘shnisi haqida so‘zlab berar edi. Ular bu javobni eshitib, qo‘shnisini la'natlashar, ayrimlari duoibad qilishardi. Shunda qo‘shnisi kelib, unga: «Uyingga qaytaqol, bundan keyin sira mendan yomonlik ko‘rmaysan», dedi» (Abu Dovud, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Qo‘shni garchi zimmiy bo‘lsa ham, undan yetadigan ozoru aziyatlarga sabr qilish lozim.

Rivoyat qilishlaricha, Sahl ibn Ubaydulloh Tustariyning zimmiy qo‘shnisi bo‘lib, uning hojatxonasidan Sahlning uyiga iflos-nopok narsalar sizib chiqar edi. Sahl har kuni uning tagiga bir idish qo‘yib qo‘yar, majusiyning hojatxonasidan chiqqan narsalar idishga to‘planar va kechqurun hech kim ko‘rmaydigan joyga olib borib tashlanar edilar. Sahl hazratlari uzoq muddat shu taxlit ish yuritdilar. Vafotlari yaqinlashgach, majusiy qo‘shnisini chorlab: «Mana bu uyga kirib, bu yerda nima borligini ko‘rib qo‘y», dedilar. U kirib idishga tushayotgan iflos, nopok narsalarni ko‘rdi va: «Bu nima?» deb so‘radi. «Bu uzoq muddatdan beri hovlingdan mana shu uyga tushadi. Uni kunduzlari shu idishga to‘plab, kechalari olib chiqarib tashlar edim. Mabodo, ajalim yaqinlashib qolmaganida, buni senga aytmas edim. Boshqa biron kishining xulqi buni o‘ziga singdira olmasligidan qo‘rqdim. Endi xohlaganingni qil», dedilar. Shunda majusiy: «Ey shayx, men kofir bo‘lsam ham, uzoq vaqtdan beri menga shunday go‘zal munosabatda bo‘lib kelayotgan edingizmi?! Qo‘lingizni bering, men Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik beraman», deb musulmon bo‘ldi. Sahl roziyallohu anhu shundan so‘ng vafot etdilar.

Alloh taolodan barchamizni xulqlarning, amallarning va so‘zlarning eng go‘zallariga yo‘llamog‘ini tilaymiz. Albatta, U saxovatli, mehribon va rahmli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.