background
logotype
image1 image2 image3

Qarindoshlar bilan aloqani uzish

Alloh taolo aytadi:

«Oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi solinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh urug‘laringiz (bilan ajralib ketishdan saqlaningiz) (Niso surasi, 1).

«Agar (iymondan) yuz o‘girsangizlar, yaqinki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilursizlar va qarindosh-urug‘laringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzursizlar! Unday kimsalarni esa Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini pand-nasihat etishidan) kar, ko‘zlarni esa (to‘g‘ri yo‘lni ko‘ra olmaydigan) ko‘r qilib qo‘ygandir» (Muhammad surasi, 22-23).

Qurtubiy rahimahulloh aytadilar: «Alloh taolo bu ishni qilgan kimsa la'natga duchor bo‘lishini, ko‘zi va qulog‘idan haqiqiy suratda foydalanishdan mahrum etilishini, natijada ko‘rsa ham, yaxshi eshitsa ham, haqqa ergashmasligini va uni aql yuritmaydigan hayvon kabi qilib qo‘yishini xabar berdi».

«(Bu oyatlardan) faqat Allohga bergan ahdlariga vafo qiladigan va miysoq-va'dalarini buzmaydigan aql egalariga eslatma olurlar. Ular Alloh bog‘lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni, qarindosh-urug‘lar bilan aloqani) bog‘laydilar. Parvardigorlaridan qo‘rqadilar va og‘ir hisob-kitobga duchor bo‘lishdan qo‘rqib, (doim chiroyli amallar qilishga intiladilar)» (Rad surasi, 20-21).

«Bu masal sabab (Alloh) ko‘plarni adashtiradi va ko‘plarni (haq yo‘lga) hidoyat qiladi. Bu(masal) sabab faqat Allohning aniq ko‘rsatmalarini buzadigan, U bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan fosiq kimsalarnigina adashtiradi. Ular shubhasiz, ziyon ko‘rguvchilardir» (Baqara surasi, 26-27).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzuvchi kimsa jannatga kirmaydi», deganlar (Mutaffaqun alayh).

Kim boy bo‘lib, kambag‘al qarindoshlaridan takabburlik qilib aloqani uzsa, ularga xayr-ehson qilmasa, mazkur hadisi sharifdagi tahdid unga ham taalluqli bo‘lib, u jannatga kirishdan mahrum bo‘ladi. Magar Alloh azza va jallaga tavba qilib, qarindoshlariga ehson qilganlar bundan mustasno.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Meni haq (din) bilan yuborgan Zotga qasamki, silai rahmga (xayr-ehsonga) muhtoj qarindoshlari bo‘laturib, boshqalarga ehson qiladigan kishining sadaqasini Alloh qabul qilmaydi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, unday kimsaga qiyomat kuni Alloh qaramaydi», deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir inson qarindoshining oldiga borib, Alloh unga ato etgan fazl-boyligidan so‘rasa-yu, u baxillik qilsa, Alloh unga jahannamdan «shujo'» deb nomlangan ilon chiqaradi. Ilon uni chaqib, bo‘yniga o‘ralib oladi», deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Kishi agar faqir bo‘lsa, qarindoshlarini ziyorat qilish, hollaridan xabar olish bilan aloqani bog‘lash kerak. Zero, qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash buyurilgan. Bu ish iymondandir.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ekan, qarindoshlari bilan aloqani bog‘lasin», dedilar» (Muttafaqun alayh).

Qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash rizqning ziyoda, umrning uzun bo‘lishiga sababdir va u yomon o‘limdan saqlaydi.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kimki umri uzun, rizqi keng bo‘lishi va yomon o‘limdan saqlanishidan xursand bo‘lsa, Allohga taqvo qilsin va qarindoshlari bilan aloqani bog‘lasin», deganlar (Abdulloh ibn Imom Ahmad va Bazzor rivoyati).

Oisha (roziyallohu anho) aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Rahm (qarindoshlik) Arshda muallaq turadi va: «Meni bog‘laganni Alloh bog‘lasin, meni uzganni Alloh uzsin», deydi», deganlar» (Muttafaqun alayh).

Qarindoshlar bilan aloqani uzish tez orada jazolanishning, uqubatga uchrashning asosiy sabablaridan biridir.

Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh gunohkorga oxirat uchun hozirlab qo‘ygan uqubatdan tashqari bu dunyoda ham tezda jazo berishiga zo‘ravonlik va qarindoshlar bilan aloqani uzishdan ko‘ra munosibroq gunoh yo‘q», dedilar (Termiziy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Javob qaytaruvchi (kelgannikiga boruvchi) qarindoshlik aloqalarini bog‘lovchi emas. Biroq qarindoshlik aloqasi uzilsa, uni bog‘lagan kishi qarindoshlik aloqalarini bog‘lovchidir» (Buxoriy va boshqalar rivoyati).

Ummu Gulsum binti Uqba (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Gina saqlovchi qarindoshga qilingan sadaqa-ehson eng afzal sadaqadir», dedilar (Ibn Xuzayma, Hokim rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda: «Sendan uzilgan kishiga bog‘langin», deyiladi.

Silai rahm qilib, qarindoshlik aloqalarini bog‘lash vojib bo‘lgan qarindoshlar - opa-singillar, xolalar, ammalar va opa-singillarning qizlaridir.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning mavlosi - ozod qilgan qul Sulaymon aytadi: «Payshanba oqshomi - jumaga o‘tar kechasida davramizga Abu Hurayra keldilar-da: «Oramizdan turib ketmaguncha qarindoshi bilan aloqani uzgan har bir kishi qiyin ahvolda qoladi», dedilar. Bu so‘zni uch marotaba takrorlasalar ham, hech kim o‘rnidan qimirlamadi. Keyin bir yigit turib, ikki yildan beri aloqasini uzib qo‘ygan ammasining oldiga keldi. Huzuriga kirgach, ammasi: «Ey jiyan, qaysi shamol uchirdi?!» deb so‘radi. U: «Abu Hurayra shunday-shunday dedi», degan edi, ammasi: «Borib so‘ra-chi, nega bunday dedi ekan?» dedi. U borib so‘ragan edi, Abu Hurayra roziyallohu anhuning javobi quyidagicha bo‘ldi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Bani Odam amallari har payshanba oqshomi (jumaga o‘tar kechasi) Alloh taboraka va taologa ro‘baro‘ qilinadi. Shunda qarindoshlari bilan aloqani uzgan kishining amali qabul qilinmaydi», dedilar» (Imom Buxoriy «Adabul-mufrad» kitoblarida keltirganlar).

Alloh taolodan toatiga muvaffaq etishini tilaymiz. Albatta, U saxovatli va marhamatli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.