background
logotype
image1 image2 image3

Poraxo'rlik

Alloh taolo aytadi:

«Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq - harom yo‘llar bilan yemangiz! (Ya'ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!) Va (gunoh qilayotganingizni) bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini gunoh - harom yo‘llar bilan yeyish uchun (mollaringizni pora qilib) hokimlarga uzatmang!»(Baqara surasi, 188).

Ya'ni, boshqalarning haqqini sizlarga o‘zlashtirib berishlari uchun hokimlarga pora bermanglar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hukmda pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la'natladilar» (Termiziy, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Yana bir rivoyatda: «O‘rtadagi kishini ham», deyilgan.

Ummu Salama roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bironta hukmda pora beruvchini ham, pora oluvchini ham Alloh la'natlasin» (Tabaroniy rivoyati).

Ulamolar aytganlarki: «Pora beruvchining maqsadi musulmonga ozor yetkazish yoki haqi bo‘lmagan narsani qo‘lga kiritish bo‘lsa, u mal'undir. Bordi-yu, o‘zining haqqini qo‘lga kiritishi yoki o‘zidan zulmni daf qilish uchun pora bersa, u mal'un bo‘lmaydi. Hokim esa biron bir haqni bekor qiladimi yoki zulmni daf qiladimi farqi yo‘q, uning pora olishi haromdir. O‘rtasidagi kishi esa pora beruvchi kabi maqsadiga qarab baholanadi. Agar niyati yaxshi bo‘lsa, mal'un bo‘lmaydi. Bordi-yu niyati yomon bo‘lsa, u mal'undir».

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytganlar: «Hukmdagi pora kufrdir. Odamlar orasidagi esa haromdir» (Tabaroniy rivoyati).

Fasl

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir birodari uchun vositachilik qilsa-yu, buning evaziga unga hadya berganda hadyani qabul qilsa, batahqiq, u sudxo‘rlikning katta eshiklaridan biriga yaqinlashibdi», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Birodaringning hojatini bilib, uni ravo qilsang-u, (buning evaziga) senga hadya berganda, qabul qilsang, bu ishing haromdir».

Masruq (rahmatullohi alayh) Ibn Ziyod bilan gaplashib, uni zulmdan qaytardilar. Shunda zulmdan xalos bo‘lgan kishi u zotga xizmatkor hadya qilgan edi, qabul etmadilar va: «Ibn Mas'udning: «Kimki musulmondan zulmni daf etsa-yu, buning evaziga unga oz yoki ko‘p narsa bersa, u narsa haromdir», dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Abu Abdurahmon, faqat hukmdagi porani             harom, deb o‘ylardik», degan edi, u zot roziyallohu anhu: «U kufrdir», deya javob bergandilar», dedilar.

Allohdan barcha balo-ofatlardan sog‘-salomat saqlashini so‘raymiz.

Imom Abu Amr Avzo'iy (rahmatullohi alayh) Bayrutda yashayotgan chog‘larida huzurlariga bir nasroniy keldi-da: «Ba'labakka (shahrining) hokimi menga zulm qildi. Unga bir maktub yozib bersangiz», deb bir ko‘za asal uzatdi. Avzo'iy (rahmatullohi alayh): «Xohlasang asalni qaytarib, maktub yozib beraman, xohlasang asalni olaman», dedilar. So‘ngra hokimga: «Bu nasroniyning yer solig‘ini kamaytir», deb maktub yozib berdilar. U asal bilan maktubni olib, hokimga uchrashdi va unga maktubni berdi. Imomning sharofati sababli hokim undan o‘ttiz dirhamni olib tashladi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.