background
logotype
image1 image2 image3

Cho'chqa go'shtining zararlari

Bir necha yillardan buyon mendan cho‘chqa go‘shtining zarari, aniqrog‘i, «cho‘chqa nuhsini» deb nomlangan zaharli moddalar haqida ilmiy-ommabop maqola yozishimni so‘rab kelardilar.Bu ishga ko‘p marta qo‘l urdim-u, lekin bahsning kengligi va vaqtning kamligini hisobga olib, ahdimdan qaytdim. Aniqrog‘i, jur’atim yetmadi.

Shuning uchun bu bahsimda ko‘plab misollar keltirolmadim va xulosalarimni juda qisqa tarzda bayon qildim. Shunday bo‘lsa-da, bu mo‘’jaz maqola kishilarga taomlardagi zaharli narsalarni yo‘qotish orqali sog‘likni qanday muhofaza etish yo‘llarini ko‘rsatib beradi.

Menimcha, cho‘chqa go‘shtidan saqlanmay turib, sog‘likni hech qachon tiklab bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda, Ovrupa madaniyatiga asosiy ta’sir ko‘rsatgan madaniyatlar sohiblariga Muso payg‘ambar va boshqa payg‘ambar alayhissalomlarni va xossatan, payg‘ambar Muhammad alayhissalomni eslab o‘tmoq lozim. Ularning risolatlari (pay- g‘ambarliklari) tabiat qonunlariga muvofiq kelgan.
Yahudiy millatiga mansub Yaxve ta’limoti tabiat qonunlariga to‘g‘ri keladi. Insonga bu qonunlardan chetga chiqish joiz emas, aks holda, shubhasiz, azobga uchraydi.
Cho‘chqa go‘shti yeyishning xatarli ekani issiq mintaqalarda o‘tkazilgan tajribalarda ochiq-oydin ko‘rinadi. Bu farq Afriqodagi musulmon o‘lkalarni g‘arbiy madaniyatga ergashgan o‘lkalar bilan solishtirib ko‘rilganida, ochiq ravshan bo‘ladi. Bir xil iqlimda yashasalar-da, bu holni Himolay tog‘larida istiqomat qiluvchi qabilalarda ham kuzatish mumkin. Musulmon qabilalar cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilmaydilar va salomatliklari ham yaxshi: ular keksayib qolgan payt-larida ham ko‘plab eskpeditsiyalarda ishchi bo‘lib ishlaydilar. Lekin vodiyning boshqa tarafida yashovchi, ovqatlanishda Islom ta’limotlariga amal qilmaydigan Hanza qabilalari a’zolari ma’lum kasalliklardan azob chekadilar.
Islom ta’limoti asosida yashayotgan kishilarning salomatliklari juda yaxshi, g‘arbiy madaniyat asoslari bo‘yicha yashayotganlar bo‘lsa, aksincha, cho‘chqa go‘shti iste’mol qilish natijasida kelib chiqadigan barcha kasalliklar bilan og‘riydilar. Ma’lumki, cho‘chqa go‘shti faqat yahudiy dinidagina emas, balki musulmonlarda ham batamom harom qilingan. Ba’zilar bu taqiqlash din ulamolari tarafidan cho‘chqa go‘shtida bo‘ladigan mikrob — “trixina”dan saqlanish uchun kiritilgan sihhiy bir vasila deb da’vo qiladilar. Asl haqiqat hech kimning xayoliga kelmagan ulkan bir tajribada ayon bo‘ladi. Unda ko‘pgina tabib birodarlar ishtirok etishgan.
Ikkinchi jahon urushi paytida general Rumel boshchiligida Shimoliy Afriqoga qilingan harbiy yurish davrida, nemis askarlari ichida “issiq mintaqalar yallig‘lanishi” deb nomlangan kasallik ko‘payib ketdi. Bu kasalga duchor bo‘lgan askarlarning boldirlariga yara chiqib, yurolmay qolardilar. Ularni askariy kasalxonalarda uzoq vaqt davolashga va hatto mo‘’tadil mintaqalarga yuborishga majbur bo‘lishardi. Ko‘rilgan choralar natija bermaganidan so‘ng, ba’zilar yara chiqishining sababi askarlarning ovqatida bo‘lsa kerak, degan fikrga kelishdi. Chunki mahalliy arablar bu kasalga mutlaqo chalinmasdilar. Shunday qilib, askarlarning ovqati cho‘chqa go‘shtidan xoli, yerli musulmon aholining ovqatiga o‘xshash qilindi. Natijada yara chiqishi batamom yo‘qoldi.
Urushdan avval ham cho‘chqa go‘shtining naqadar zaharli ekanini bilardim. Lekin bu narsa yangi cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan turli ovqatlargagina taalluqli, tuzlangan, dudlangan va kolbasa qilinganlarining zarari yo‘q, deb o‘ylardim. Yangi cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan ovqatlar, odatda, oshqozon-ichak yo‘llarining yallig‘lanishi, tif, o‘tkir ekzema, yara chiqishi va boshqa ko‘plab og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarar edi.
O‘sha paytda quritilgan cho‘chqa go‘shti yoki yog‘idan tayyorlangan taomlar ham kasalliklarga sabab bo‘lishini anglay olmagan ekanman.
Lekin kutilmagan bir tajriba fikrimni batamom o‘zgartirib yubordi. Urush davomida va undan keyingi yillarda ham nemis xalqining sog‘ligi yaxshi edi. O‘sha paytlarda nemislar ichida to‘yib ovqat yeydigan kam, cho‘chqa go‘shti yo‘q edi. Yog‘ juda oz tarqatilar edi, qand esa ahyon-ahyondagina uchrardi. Donlardan tayyorlanadigan ovqatlar, non, xamirli narsalar, shuningdek, sabzi va ko‘klarni esa, harholda, topish mumkin edi.
O‘sha paytlarda ko‘richak yallig‘lanishi, o‘t pufak kasalliklari hali ilmga ma’lum emasdi. Shuningdek, revmatizm (bod), umurtqa suyaklaridagi kasalliklar deyarli batamom yo‘qolib ketgan edi. Yurak qopqoqchalarining to‘silib qolishi, ateroskleroz, qon bosimining ortishi kabi xastaliklar ham kamaygan edi.
1948 yildan so‘ng bu holat boshdan-oyoq, batamom o‘zgarib ketdi. Iqtisodiy islohot o‘tkazilib, cho‘chqa go‘shti, xususan, yog‘i ko‘paydi va yangitdan ko‘richak, o‘t pufagining yallig‘lanishi, o‘t-pufak kasalliklari, turli o‘simtalarning paydo bo‘lishi kabi og‘ir kasalliklar yuzaga keldi. Davolash uchun ishlatilgan kimyoviy dorilar natijasida ko‘plab boshqa xastaliklar ham kelib chiqdi. Eng dahshatlisi, saraton (rak) kasalligi ko‘payib ketdi, avvallari sog‘-salomat yurgan kishilar 60—70 yoshlarida oshqozon kasalliklariga chalindilar. Ayon bo‘lishicha, bu holning sababi qizilo‘ngach, oshqozon va ichak yo‘llarining saratonga yo‘liqqanida ekan. Tadqiqotlar davomida tinimsiz urchiyotgan xastalanishning bosh aybdori zaharlanish ekanini aniqladilar.
Buni inson uchun zararli moddalar haqidagi birinchi maqolamda ham yozgan edim. Yillar o‘tgach, tajribalar davomida bo‘g‘inlarning yallig‘lanishi, unga taalluqli kasalliklar va bosh-qa ko‘pgina shunga o‘xshash bemorliklarning asosiy sababi cho‘chqa go‘shti tanovul qilish ekani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, bu go‘shtni yeyish boshqa ko‘pgina dardlarni ham keltirib chiqarishi oydinlashdi. Ayollarning tanosil a’zolaridan keladigan chiqindilarning ko‘payishi, quloqning, eski jarohatlar hamda singan joylarning yiringlashi va boshqalar shular jumlasidandir. Bunday kasallikka chalingan kishilar cho‘chqa go‘shtini iste’mol etishdan batamom o‘zlarini tiymagunlariga qadar dori-darmon ta’sir qilmaydi.
Dastlab, bu mulohazalarimizning to‘g‘riligiga shubha bilan qarardim, biryoqlama qarash yoki boshqa xatolar tufayli kelib chiqqan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Shuning uchun ham hayvonlarda o‘tkaziladigan tajriba paytida odatdagidan ko‘ra qattiqroq shartlar qo‘yardim. Mulohazalarimning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rish uchun o‘ttizta katta shisha idishga oq sichqonlarni joylashtirib, ularga turli ovqatlar berib, tajriba o‘tkazdim...
Natijalarni 1955 yilda chop qilingan kitobimda yozganman. Cho‘chqa go‘shti berib boqilgan sichqonlar bir-birlarini yeyishga moyil bo‘lib o‘sdilar. Ma’lum muddat o‘tgach, sichqonlarning ko‘pchiligi saraton kasaliga yo‘liqdi. Shuningdek, teri kasalliklariga ham duchor bo‘lishdi.
Oddiy ovqat yegan sichqonlar esa saratonga ham, boshqa xatarli kasalliklarga ham duchor bo‘lmadilar. Shuningdek, ularda bir-birini yeyishga moyillik ham kuzatilmadi.
Aytib o‘tmoqchimanki, bu haqda boshqa bir qancha olimlar ham yozgan edilar. Qolaversa, cho‘chqa go‘shtini boksyor turiga mansub itlarga hech berib bo‘lmasligini bildim. Aks holda, albatta qo‘tir va boshqa teri kaksalliklariga yo‘liqadi. Xuddi shu narsa sirk hayvonlariga, xususan, arslon va qoplonlarga ham tegishli bo‘lib, ularga cho‘chqa go‘shti berish mumkin emas, yo‘qsa semirib, tez harakatlanolmay qoladilar, qon bosimlari oshib, burunlari qonaydi, va nihoyat, halok bo‘lishadi.
Daryo baliqlarini boquvchi bir tanishim, agar baliqlarga maydalangan cho‘chqa go‘shti berilsa, bir necha kunda barchasi qirilib bitishini aytgan edi.
1948 yili shifoxonamdagi bemorlarni davolash jarayonida kishini dahshatga soladigan ma’lumotlar to‘plashga erishdim. Insonning zaharlanishi haqidagi ilmga suyanib, mazkur ma’lumotlarni tartibga solishga muyassar bo‘ldim.
Cho‘chqa go‘shti inson uchun zaharlidir va shu zahar sababidan jismda o‘zgarishlar bo‘lib, kishi turli kasalliklarga chalinadi. Agar tibbiy adabiyotlarda keltirilgan natijalarga qarasak, cho‘chqa go‘shtidagi ko‘pgina moddalar insonni zaharlovchi va sog‘ligiga putur yetkazuvchi toifaga mansub bo‘lib chiqadi. Bu moddalarni «cho‘chqa go‘shtidagi zaharlar» deb nomlash ham mumkin.
Ma’lumki, inson yoki hayvon iste’mol qilgan yog‘ jismda asl holida yig‘iladi. Misol uchun itga qo‘chqor yog‘i berilsa, shu yog‘ uning jismida to‘planadi. Ustiga ustak, qonda ham yog‘ nisbati ko‘payadi. Bu esa qon bosimining ortishiga, yurak tomirlarining siqilishiga olib keladi.
Keyinchalik, yog‘li ovqatning bu boradagi katta zararini kashf qildim. Professor Havs o‘z kitobida yog‘ning jismga zarari haqida batafsil so‘zlab, ayniqsa, charchash, xorish kabi boshqa omillar qo‘shilsa, o‘limga eltuvchi xatarli kasalliklar kelib chiqishini aytgan edi.
Bu borada cho‘chqa yog‘i eng xatarli ekanini ta’kidlab o‘tmoq lozim. Frankfurtlik professor Fand qon tomirlarining qotishi, qand kasalligi, qon aylanishining buzilishi kabi kasalliklarning asosiy sababini balg‘am moddasini hosil qiluvchi yog‘lardan deb biladi. Balg‘am hosil qiluvchi modda esa cho‘chqada bo‘ladi.

CHO`CHQA GO`SHTIDAGI ZARARLI MODDALAR

Cho‘chqa go‘shti va boshqa go‘shtlar orasidagi farq haqida o‘zimga o‘zim ko‘p savol berardim. Bu haqdagi ilmiy ishlarni topish qiyin, borlari esa talabga javob bermas edi. Shunga qaramasdan, quyidagi natijalarga erishdim:
1. Cho‘chqa go‘shti juda yog‘li. Hatto yog‘siz bo‘lib ko‘ringan bo‘laklari ham anchagina yog‘ni o‘z ichiga oladi. Chunki boshqa go‘shtlar, jumladan, qo‘y va mol go‘shtidan farqli o‘laroq, cho‘chqa go‘shti to‘qimalarida juda ko‘p yog‘ bor. Boshqa hayvonlarning charvisi alohida, ajragan holda bo‘ladi. Faqat ba’zi qari mollarning go‘shtida ozgina yog‘ bo‘lishi mumkin. Cho‘chqa go‘shtida yog‘ nisbati, avval aytganimizdek, nihoyatda yuqori. Buni (aniqlash uchun) bir parcha cho‘chqa go‘shtini qizib turgan tovaga tashlasak, go‘shtdan darhol yog‘ ajrab chiqadi va uni qovuradi. Bu yog‘ning kaloriyasi boshqa moddalarnikidan bir necha marta ortiq bo‘lgani uchun jismda ko‘p yog‘ to‘planadi. Bu esa, o‘z navbatida, cho‘chqa go‘shti yeydigan kishilarda o‘ta se-mizlikni keltirib chiqaradi.
2. Cho‘chqa yog‘ida xolesterin ko‘p bo‘ladi. Bu modda qonda ko‘paysa, uni buzadi. Bu esa o‘z navbatida qon bosimi oshishiga va qon tomirlarining torayishiga olib keladi. Bunga boshqa omillar ham qo‘shilsa, yurak qopqoqchalarining to‘silishi va yurak-qon tomirlarining torayishiga sabab bo‘ladi. Mazkur omillardan biri nikotin moddasidir. Professor Rufunning ta’kidlashicha, xolesterin moddasi saratonga chalingan to‘qimalarda ko‘p uchraydi.
3. Birlashtiruvchi to‘qimalardagi fosforli moddalar ko‘pgina dardlarga sabab bo‘ladi va har xil kasalliklarni keltirib chiqaradi. Cho‘chqa go‘shtidagi mazkur moddalar to‘qimalarda yopishqoqlikni kuchaytiradi va ulardagi yog‘ bilan birlashib, xatarga aylanadi.
Shuning uchun ham cho‘chqa go‘shtini muntazam iste’mol qiluvchilarda birlashtiruvchi to‘qimalar shishib ketadi, natijada ular, xuddi o‘pkadek suvni simira boshlaydi. Yopishqoq moddalar paylarda, bo‘g‘inlarda, kemirchak va boshqa joylarda yig‘ilib qoladi hamda revmatizm (bod), bo‘g‘in kasalliklari, yallig‘lanish, umurtqa pog‘onasi xastaliklari va boshqa dardlarga sabab bo‘ladi. Chunki insonning birlashtiruvchi to‘qimalari qattiq moddalardan iborat bo‘lib, cho‘chqa go‘shti iste’mol qilishi tufayli u yumshaydi va qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini yo‘qotadi.
Shu o‘rinda professor Pier o‘tkazgan ilmiy tekshirishlarga ishora qilib o‘tish juda o‘rinli deb o‘ylayman. U tajriba o‘tkazilayotgan hayvonlarga fosfordan ukol qilganida, ularning jismi fosfor to‘qimalarini o‘zida to‘plagan, natijada kemirchaklarda fosfor kamaygan va ularning mustahkamligi ziyoda bo‘lgan. Shundan ko‘rinadiki, fosfor yig‘indisi faqat asosda markazlashadi, ya’ni jismda to‘planadi. Ma’lumki, kemirchakning qarshilik ko‘rsatish quvvati fosfor kamayganida ko‘payadi. Cho‘chqa go‘shtida bo‘lsa, fosfor nisbati juda ham ko‘p.
Go‘shtlarning sasishini qiyoslash uchun o‘tkazilgan tajribalar cho‘chqa go‘shtida fosfor ko‘pligini ravshan ko‘rsatadi. Go‘sht achish (sasish) davrida fosfor ajrab, buzuq vodorod chiqadi, bu esa nihoyatda yomon hidli gazdir. Cho‘chqa, mol va qo‘y go‘shtlari bilan tajriba o‘tkazilganida qo‘y go‘shtida fosfor juda oz ekanligi aniqlandi. Cho‘chqa go‘shti solingan idishlar mahkam berkitilgan bo‘lishiga qaramay, chiqayotgan hidning sassiqligi nihoyatda kuchli bo‘lganidan, ularni tajriba xonalaridan olib chiqib tashlashga to‘g‘ri keldi. Mol go‘shti dastlab bir oz achidi, lekin undan cho‘chqa go‘shtidan chiqqan kabi yomon hid chiqmadi. Qo‘y go‘shti bo‘lsa, uch hafta davomida salgina aynidi, xolos.
Olmoniyaning Gedenburg shahrida ishlovchi professor Litri to‘qimalarning sirtdan yangilanish jarayonini hayvonlarda tajriba qilib ko‘rgan. U o‘z tajribasida to‘qimalar, a’zolar va bezlardan namunalar ishlatgan. Bu tajribalar hujayralar jismga singganidan so‘ng, ko‘pincha biologik jihatdan o‘zi qaerga oid bo‘lsa, o‘sha yerga intilishini ko‘rsatdi.
Bu narsani men o‘z shifoxonamdagi kashfiyotlarim bilan tasdiqlash imkoniyatiga egaman. Cho‘chqaning yelka qismi yog‘ini iste’mol qilgan kasallarning yelkasida yog‘ to‘plamlari hosil bo‘ladi. Cho‘chqaning qornidagi yog‘ni ko‘p yeganlarning esa qornida yog‘ to‘planadi.Cho‘chqaning sonidan ko‘p iste’mol qilganlarning dumbalari buzilib, xunuk bo‘lib ketadi, bu ayniqsa, ayollarda yaqqol seziladi.
Cho‘chqa go‘shtining bundan boshqa xatarlari ham ko‘p bo‘lib, ulardan ba’zilarini aytib o‘tmog‘imiz lozim. Cho‘chqa go‘shtida o‘sish gormoni bo‘lib, u shamollashlar va to‘qimalar shishishining asosiy omilidir. Gohida u inson jag‘i va qo‘l-oyoqlarining shishib ketishiga, shuningdek, ortiqcha semizlik va ziyoda o‘sish, xossatan, saraton kasalligiga duchor bo‘lgan a’zolarning kattalashuviga sabab bo‘ladi.
Shunday qilib, moliyaviy islohotdan so‘ng be-vosita saraton kasalligiga duchor bo‘lganlar olt-mish-etmish yoshlarda bo‘lib, ular har kuni dudlangan cho‘chqa moyini nonga surkab yeganlar. Hayvonlarda olib borgan tajribalarim cho‘chqaning dudlangan moyi haqiqatda saraton kasalligining sababchisi ekanini isbotladi. Bu moyda faqat xolesterin moddasigina emas, balki o‘sish garmoni ham bo‘lib, u saraton hujayrasini rivojlantiradi. Undagi binzprin moddasi esa, saratonni keltirib chiqaruvchi xavfli omildir.
Cho‘chqa go‘shti gestiyamin moddasidan kelib chiquvchi qo‘tir kasalligining ham sababchisidir, shuningdek, ko‘richak va vena (shohtomir)ning yallig‘lanishi, safro kasalligi, terining yiringlashi, qizamiq (ekzema) va boshqa kasalliklarni ham paydo qiladi.
Moliyaviy islohotdan so‘ng bir necha marta surunkali qichima dardiga chalingan bemorlarni davoladim. Kasal bolalar odatdagi muolaja bilan tezda shifo topdilar. Ammo katta yoshdagi kishilarda cho‘chqa go‘shti yeganlari hamono kasallik qaytalanaverdi. Haqiqatda shifo topish faqat bemor o‘zini cho‘chqa go‘shtidan tiyganida, shu jumladan, kolbasaning barcha turlaridan, hatto cho‘chqa go‘shtisiz, uning moyidan bir oz qo‘shilganlaridan ham mutlaqo iste’mol qilmay qo‘yganidagina ko‘ngildagidek bo‘ldi.
Tajribalar yana shuni ko‘rsatdiki, gestiyamin moddasi qorinda jarohat paydo qiladi, qichimaga, yallig‘lanishlarga, allergiya, nafasning siqilishi, burun yallig‘lanishi, yurak urish maromining buzilishi, hatto uning yo‘llari to‘silishiga ham sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham, mazkur xastaliklarga yo‘liqqanlar uchun cho‘chqa go‘shti yeyish man qilinadi.
Cho‘chqa go‘shtining boshqa zararlari ham ko‘p, ular cho‘chqa qonining qotishi tufayli kelib chiqadi. Mazkur holatlarga oid ilmiy tekshirishlar hali oxiriga yetgani yo‘q. Bu omillar: o‘simtalar, hujayralardagi besaranjomlik, turli shakldagi mikroblar, qizil qon donachalarining ko‘plab jamlanib qolishi va boshqalardir.
Hozirgacha bu moddalarning bir-biri bilan aloqasi va ularning vazifasi ma’lum bo‘lgani yo‘q. Sovet olimi Sperinskiyning tekshiricha, ular yo saratonni keltirib chiqaruvchi, yo shu kasallik bilan paydo bo‘luvchi alomatlardir.
Nima bo‘lishidan qat’i nazar, cho‘chqa qonida mikroblar tug‘diruvchi modda zarrachalarining majmualari ko‘pdir. Ular yangi nazariyalarga ko‘ra, hujayralardagi modda zarrachalari bo‘lib, kasal hujayralardan yoki o‘layotgan modda zarrachalaridan o‘tgan bo‘ladi.
Cho‘chqa go‘shtidagi juda zaharli omillardan biri grippni keltirib chiqaruvchi virusdir. London shahridagi viruslarni tekshirish institutining professori Shub janoblarining tasdiqlashicha, bu virus yozni cho‘chqaning o‘pkasida o‘tkazadi va cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan kolbasalarda ko‘p bo‘ladi. Kim cho‘chqa go‘shti yoki cho‘chqa o‘pkasidan bir oz aralashgan kolbasani tanovul qilsa, o‘sha mash’um virusni o‘z ichiga olib kirgan bo‘ladi.
Professor Letri bu virusni yaxshilab o‘rgangan. Uning aytishicha, virus inson jismida cho‘chqa jismidagiga o‘xshash joyni qidiradi va oqibatda uning o‘pkasiga borib joylashadi. Qish oxirlab, jism zaiflashib, vitaminlar ozaygan paytni poylab turib, ko‘payishni boshlaydi va shu vaqtda gripp epidemiyasi tarqaydi. Bu epidemiyaning tarqalishiga kasallik yuqishidan ko‘ra, ko‘proq cho‘chqa go‘shtini tanovul qilish oqibatida jismda o‘rnashib qolgan virus sababchi bo‘ladi.

Xayz Xizish ROVFIG

“Sharq yulduzi” jurnali,
1991 yil, 3-son, 203—207-betlar


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.