background
logotype
image1 image2 image3

Bir qoshiq asal

 Inson bitta gunoh qilib jannatdan tushirildi, sinov uchun yer yuziga haydaldi... Shundan keyin ham Rabbidan izzat-ikrom ko‘rdi, ne’matlaridan nasiba oldi. Shunday ne’matlarki, ulardan aqalli bittaginasini tafakkur qilib ko‘rgan kishi ushbu fikr qarshisida lol qoladi: "Osiy va gunohkor bandaga bergan ne’mati shunchalar buyuk ekan, hali taqvodor bandalari uchun jannatlarda tayyorlab qo‘yganlari qanchalik bo‘ldi!" 

 
• Vaqfuddin Bag‘dodiy yozadi: “Rasululloh (s.a.v.) har kuni asalni sovuq suvga aralashtirib ichganlar”

• Asalarining ko‘zi uzoqdagi narsalarni oltmish marta kattartirib ko‘radi.

• Bir kilo asal o‘ttiz mingta ari, yetmish besh mingta chechak, qirq ming kilometrga uchish demakdir.

Ha, biz gunoh ustida siylov topgan bandalarmiz. Ammo bu siylov faqat va faqat tafakkur qilishimiz, ne’matlar in’om etgan Zotga nisbatan insofli bo‘lishimiz uchundir. Alloh aytadi:
"(Ey Muhammad), Parvardigoringiz asalariga vahiy — amr qildi: "Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) quradigan inlarga uya sol. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoring (sen uchun) oson qilib qo‘ygan yo‘llardan yur!" Uning qornidan odamlar uchun shifo bo‘lgan alvon rangli ichimlik - asal chiqur. Albatta, bu ishida tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibrat bordir" (Nahl, 68-69).
Keling, hammamiz yaxshi bilgan asalari ishini va uning asalini bugungi ilm-fan xulosalari yordamida bir tafakkur qilib ko‘raylik.
Avstraliyada chop etiladigan tibbiyotga oid jurnalning 1992 yil noyabr sonidagi maqolada asalning o‘n beshdan ortiq kasalliklarga qarshi ishlatilayotgani, ayniqsa, amaliyotdan keyin yaraga qo‘yilsa, tezda bitib ketishi, hatto tikishga ham hojat bo‘lmasligi aytilgan.
"Surgery" jurnalining 1993 yilgi sonlarida asalning yiringlash kasalligiga shifo ekani, Efen ismli shifokor shunday kasal bilan og‘rigan yigirmaga yaqin bemorni yarasiga asal surtish va ichirish bilan davolagani yozilgan. 
Angliyada bemorlarning yara va jarohatlariga asal surtilayotgani va ulardan hech bir asar - iz qolmayotgani tibbiy jurnalda qayd etilgan. Shuningdek, hozir bu yurtda bemor bolalarni asosan asal bilan davolashga e’tibor berilmoqda.
Jidda shahridagi Malik Fahd nomli qurolli kuchlar shifoxonasining yurak xastaliklari bo‘yicha maslahatchisi doktor Xasan Shamsiy Poshsho "Hakim maslahatlari" kitobida Amriqo Qo‘shma Shtatlari olimlarining asal bilan bog‘liq ilmiy tajribalari xulosalarini keltiradi: tabiiy asal amaliyot qilingan a’zolarga surtilganda umuman mikrob qoldirmas ekan.
Yana o‘sha tajribada asalning o‘rniga eritilgan shakar qo‘llab ko‘rilgan. Ammo asal bilan fizik xossalari teng bo‘lgani holda shakarning mikroblarni o‘ldirishga qurbi yetmagan.
Yiringlaydigan jarohatlarga bog‘lanadigan "Dressing" malhamining o‘rnini ham asal bosishi mumkin.
Xullas, dunyoning turli burchaklaridagi ilm dargohlari asalning foydali xususiyatlarini kashf qilmoqda, bu kashfiyotlari ila yuqorida eslaganimiz Allohning oyatlarini, rasulimiz Muhammad alayhissalomning: "Sizlar uchun ikkita shifo bor: Qur’on va asal", degan hadislarini isbot etmoqda, bizni tafakkur qilishga, ibratlanishga undamoqda...

"Islom olami" gazetasidan (2000 y. 8-14 may) Faxriddin Muhammad tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2000-yil, 6-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.