background
logotype
image1 image2 image3

Yolg‘on tavbaning jazosi

Mansur ibn Ammor aytadi: “Mening haddidan oshib, o‘z nafsiga ko‘p zulm qilgan bir do‘stim bor edi. Keyin u tavba qildi. Uning ko‘p ibodat qilayotganini, nafl namozga berilayotganini ko‘rardim.

Bir necha kun ko‘rinmay qoldi. Surishtirsam: “Kasal bo‘lib qoldi” deyishdi. Uyiga bordim. Qarshimga qizi chiqib: “Sizga kim kerak?” dedi. “Falonchi” dedim. Ichkariga kirib, izn olib chiqdi. Keyin hovliga kirdim. Qarasam, do‘stim hovlining o‘rtasida to‘shakda yotibdi. Yuzlari qorayib, ko‘zlari ko‘karib, lablari do‘rdoqlashib ketibdi. Undan biroz xadiksiragan holda: “Ey do‘stim, “La ilala illalloh”ni ko‘paytir!” dedim. U ko‘zlarini ochib, menga yondan ko‘z qiri bilan qaradi-da, xushidan ketib qoldi. Men unga ikkinchi marta: “Ey do‘stim, “La ilaha illalloh”ni ko‘p ayt!” dedim. Keyin uchinchi marta: “Ey do‘stim, “La ilaha illalloh”ni ko‘paytir!” dedim. U yana ko‘zlarini ochdi va: “Ey do‘stim Mansur, men bilan bu so‘zning orasi to‘sildi” dedi. Men: “La havla va la quvvata illa billahil aliyyil aziym” dedim.

Keyin undan: “Ey do‘stim, namoz, ro‘za, tahajjud, tungi bedorlik qani?” deb so‘radim. U: “Ular Alloh uchun emasdi. Tavbam ham yolg‘on edi. Men u ishlarning hammasini odamlar men haqimda gapirishlari uchun, o‘sha ishlar bilan mashhurlikka erishishim, tanilishim uchun qilgandim. Men ularni odamlar ko‘rsin deb, riyo uchun qilardim. Agar o‘zim xoli qolsam, eshikni berkitib, pardalarni tushirib, xamr ichardim. Robbim bilan yolg‘iz qolganimda Unga gunoh qilardim.

Shunday holda bir muddat yurdim. To‘satdan menga kasallik keldi. O‘lim yoqasiga kelib qoldim. Qizimga: “Mushafni olib kel!” dedim. Mushafni qo‘limga ushlab: “Allohim, mana shu ulug‘ Qur’on haqqi menga shifo ber. Men bu gunohlarga hech qachon qaytmayman” dedim. Alloh mendan bemorlikni ko‘tardi.

Tuzalganimdan keyin yana avvalgi holimga qaytdim. Gunohga, havoi nafsga mukkasidan ketdim. Shayton men bilan Robbim o‘rtasidagi ahdni unuttirdi. O‘sha alfozda bir muddat yurdim. Keyin yana kasallikka yo‘liqdim. O‘lim yoqasiga yetdim. Ahlimga meni hovlining o‘rtasiga olib chiqishlarini buyurdim. Keyin Mushaf keltirishlarini so‘radim. Mushafni o‘qidim. Keyin uni ko‘tarib: “Allohim, shu ulug‘ Mushafdagi oyatlar haqqi menga shifo ber” dedim. Alloh duolarimni ijobat qildi va mendan bemorlikni ko‘tardi.

Keyin yana avvalgi gunohlarga qaytdim. Yana kasallikka duchor bo‘ldim. Ahlimga, ko‘rib turganingdek, meni hovlining o‘rtasiga olib chiqishlarini buyurdim. Keyin Mushafni o‘qish uchun keltirishlarini so‘radim. Ammo menga bitta ham harf ma’lum bo‘lmadi. Birorta harfini o‘qiy olmadim va bildimki, albatta, Alloh menga g‘azab qilibdi. Boshimni samoga ko‘tardim va: “Ey Alloh, mana shu Mushaf hurmati menga ofiyat ber. Ey yeru osmonning Xoliqi, ey Jabbor” dedim. Shu payt menga “Kasal bo‘lsang, tavba qilasan. Tuzalsang, gunohlarga qaytasan. Alloh sening qanchadan qancha mashaqqatingni aritdi. Sendan qanchadan qancha balolarni ko‘tardi. Sen gunohlar ustida turganingda o‘lim kelib qolib, abadiy baxtsizlikka duchor bo‘lishdan qo‘rqmaysanmi?!” degan nido eshitildi” dedi.

Bu gaplarni eshitgan Mansur ibn Ammor: “Allohga qasamki, uning oldidan ko‘zimdan seldek yoshlar quyilgan holda chiqdim. Endi eshikning oldiga yetganimda, menga: “U o‘ldi” deyishdi”.

Honiy Hojining “Solihlar hayotidan ming bir qissa” kitobidan

Nozimjon Hoshimjon tarjimasi


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.