background
logotype
image1 image2 image3

Xalifa Umar ibn Abdulaziz va o‘g‘li Abdulmalik

Yoqub Fasaviy (Ya’qub al Fasaviy, milodiy 890 yil vafot etgan) o‘zining "Ma’rifat va tarix" (al Ma’rifa vat tarix) kitobida (1/586) quyidagi ajoyib hikoyani sanadi ila keltiradi:
Xalifa Umar ibn Abdulaziz xizmatchisi-vaziri Muzohimga (u fozil kishi edi) qarab:
- Bular (qarindoshlarini nazarda tutib. Qarindoshlari katta umaviy boylar bo‘lgani hammaga ma’lum) menga bir bog‘ ajratib berishibdi. Buni men olmasligim kerak. Ular ham berishlari kerak emas edi. Egalariga qaytarib bermoqchiman, - deb qoldi.
Muzohim:
- Farzandlaringizni nima qilasiz (qanday boqasiz)? – dedi.
Shunda xalifa Umar ibn Abdulaziz ko‘zi g‘iltillab yoshga to‘ldi-da, yonoqlariga oqa boshlagan yoshlarini o‘rta barmog‘i bilan artar ekan, dedi:
- Allohga topshiraman.
Abdulloh (hikoyani Muzohimdan naql etuvchi roviy) shunday deydi: ma’lumki, boshqalar o‘z farzandlarini yaxshi ko‘rganlaridek, Umar ham farzandlarini yaxshi ko‘rar edi.
Muzohim xalifaning gapiga qoniqmay, uning to‘ng‘ich o‘g‘li Abulmalik ibn Umar oldiga bordi va unga shunday dedi:
- Amirulmo‘‘minin shunday ishni qilishga qaror qildiki, bu narsa senga ham, uka-singillaringga ham zarardan boshqani bermaydi: u Yamomadagi (joy nomi) katta bog‘ni egalariga qaytarmoqchi.
Farzandlarining kun kechirishi shu bog‘dan bo‘lishi kutilayotgan edi.
Abdulmalik unga javoban:
- Siz nima dedingiz otamga? – deb so‘radi.
Muzohim bo‘lib o‘tgan suhbatni aytib bergach, xalifa o‘g‘li Abdulmalik unga qarata:
- He xalifaga vazir bo‘lmay keting, - dedi-da, otalari – xalifa huzuriga kirmoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi.
Bu paytga kelib xalifa Umar ibn Abdulaziz bir mizg‘ib oladigan peshindan oldingi payt kelgan edi.
Kirishga ruxsat so‘raganda "dam olishga yotdi" degan javob keldi.
- Kirmasam bo‘lmaydi, - dedi o‘g‘il.
- Subhanalloh! Rahmlaring kelmaydimi? Bor-yo‘g‘i bir dam olib oladigan soati shu bo‘lsa! – deyishdi.
Umar o‘g‘lining ovozini eshitib:
- Abdulmalik? – dedi.
- Ha.
- Kir.
- Nima gap?
- Muzohim bunday-bunday xabar keltirdi.
- Ha, nima maslahat berasan? Bugun kechqurun shu ishni qilmoqchi bo‘lib turibman.
- Menimcha, buni kechiktirmay hozir qilish kerak. Kechqurungacha kim biladi, odam o‘ziga bir narsa bo‘lib qolishi yoki fikri o‘zgarib qolishi mumkin, - deb javob berdi o‘g‘il.
Umar ibn Abdulaziz bu gapni eshitib, qo‘llarini ko‘targancha:
- Zurriyotimdan dinim uchun yordam beradigan farzandni chiqarib qo‘ygan Allohga hamdlar bo‘lsin, - dedi-da, o‘sha zahoti turib, odamlarni yig‘ib bog‘ni egalariga qaytarishga buyruq berdi.

Ilova: yuqorida nomi o‘tgan Abdulmalik ibn Umar ibn Abdulazizni ko‘pchilik otasiga mengzatishadi. Uning taqvo, parhezkorlik va boshqa xislatlarda yosh yigit bo‘lishiga qaramay otasidek bo‘lganini hikoya qiladilar. Abdulmalik o‘sha yoshlik chog‘ida, otasi hayotligida vafot etib ketgan.
Alloh taolo barchalaridan rozi bo‘lsin, bizlarga ham shunday solih zurriyotlar ne’matini ato etsin, qiyomatda ulug‘larimiz bilan birga jamlasin, omin.

Sayfulloh Nosir tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.