background
logotype
image1 image2 image3

“Ilm bilan mustahkamlanmagan har qanday ulug‘likning oqibati xorlikdir”

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Kechaning bir qismida ilm muzokarasi bilan mashg‘ul bo‘lish menga kechani butunlay bedor o‘tkazishdan mahbubroqdir». Abu Hurayra (r.a.) va Ahmad ibn Hanbaldan ham shu ma’nodagi rivoyat naql qilingan.

Hasan Basriy (r.a.) «Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato et, oxiratda ham yaxshilik ato et» (Baqara surasi, 201), oyatini shunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».

Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.

Olimlardan biri aytadi: «Kim ilm va hikmatni qo‘liga yugan qilib ushlasa, odamlar uni o‘ziga imom qilib oladi. Kim ilmu hikmat bilan tanilsa, boshqalar unga hurmat bilan qaraydi».

Imom Shofe’iy (r.a.) aytadilar: «Ilmdan nasibador kishilar ozgina olgan ilmiga xursand bo‘lib, birgina narsani unutganda xafa bo‘lishi ilmning sharafiga yetarli dalildir».

Umar (r.a.) aytadilar: «Ey insonlar, ilm o‘rganinglar, Alloh taoloning huzurida Uning o‘zi sevgan bir libos bo‘lib, ilmning bir bobini o‘rgangan kishiga u libosni kiygizadi. Agar olim bir gunoh qilsa, libos undan olinmasligi uchun, unga uch marta tanbeh beradi. Garchi, bu gunohi vafotigacha davom etsa ham (libos yechib olinmay, tanbeh berilaveradi)».

Ahnaf ibn Qays (r.a.) aytadilar: «Olimlar ehtiromga loyiq buyuk insonlardir. Ilm bilan mustahkamlanmagan har qanday ulug‘likning oqibati xorlikdir».

Salim ibn Abul Ja’d aytadilar: «Meni bir ulug‘ zot uch yuz dirhamga sotib olib, qullikdan ozod etdi. Shundan so‘ng men ilm o‘rganishga qaror qildim. Hech qancha vaqt o‘tmasdan, shahar amiri ziyoratimga keldi, men unga huzurimga kirishiga ruxsat bermadim».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.