background
logotype
image1 image2 image3

To‘g‘riso‘zlik hikmati (qatag‘on davri voqealaridan)

Bir kuni, ilgari Eski Jo‘vada bo‘lgan “Turon” kutubxonasida “Zarafshon” gazetasining 20-yillardagi taxlamlarini varaqlab o‘tirgan edim, tepamga bir kishi keldi. Ko‘zoynak taqqan, qo‘ltig‘ida muallimlar papkasi. Tanishib, bir-ikki og‘iz gaplashgan bo‘ldik. Abdusalom akaga yozayotgan tadqiqotim mavzuidan so‘zladim. 20-yillarda yashab ijod qilgan bir munaqqidning 30-yillari qamoqqa olinganini aytdim. “Qamoq muddatini Kargapoli mahbusxonalarida o‘tagan”, deganimda suhbatdoshimning ko‘zlari chaqnadi. Beixtiyor seskandi. “Kargapoli” so‘zi u kishini xayolga toldirdi. So‘ngra bobosi Abdusamad buvani esladi. U kishining tilidan ajib bir hodisani so‘zlab berdi.
“Kargapoli qamoqxonasida o‘n to‘qqiz yil umrim o‘tdi. Xudo bandasining boshiga solmasin ekan. Mahbuslik qursin... Birovning qo‘liga qaramsan. Buyruq-ko‘rsatma bilan nafas olib, nafas chiqarasan go‘yo. Har qadaming sanab turiladi. Ammo men do‘xtir bo‘lganim uchun nisbatan erkin, bir oz imtiyozga ega edim. Kerak bo‘lib qolsam, kasal mahbuslar uchun mendan foydalanishardi.
Bir kuni yarim tunda: “Do‘xtir buva, turing, gap bor”, deb qoldi shopmo‘ylov sariq yuzli navbatchi. Angrayibroq turganimni ko‘rgach, qo‘shimcha qildi: “Bittasi o‘libdi. Akt tuzib, rasmiylashtirish kerak”, dedi. Men apil-tapil kiyinib unga ergashdim. Shopmo‘ylovning aft-angoridan biror narsani uqish qiyin. Qiyofasi mutlaqo majhul. Kimdir o‘lgan. Xo‘sh, kim? O‘ylab boryapman. Shu zaylda ketatursak, yonimizga yana uchta kishi qo‘shildi. Beshovlon yerto‘ladagi panjarali temir eshiklar tomon yurdik. Menga bu yo‘laklar tanish.
Yuragim “shuv” etdi. Chunki navbatchi Saidnosir eshon kamerasi oldida to‘xtagan edi. Eh, dedim ichimda, eshonga nimadir... Nahot... yaxshi inson edi. Nahot... O‘zimga ishonmayman. Sheriklarim o‘zaro o‘rischalab shivir-shivir qilishdi:
“Kim bilibdi o‘lib qolishini”.
“Quladi-yu, hushidan ketdi. Tomirini ushlasam, tinchigan...”.
“Endi biz kichkina odammiz, topshiriqni bajardik-da”.
“O‘z joniga qasd qilgan. Mana, do‘xtir buva tasdiqlab imzo qo‘yadi”.
Bu gap-so‘z qandaydir soniyalar ichida yuz berayotgan edi. Shu mahal men eshikni ochishlaridan oldin — o‘likni ko‘rishga yuzim betlamay — darichadan sekin mo‘raladim. Subhonalloh! Ne ko‘z bilan ko‘ray, Saidnosir qiblaga yuzlanib namoz o‘qib o‘tirardi!
Navbatchi meni ichkari kirishga undab: “Davay, davay”, dedi. Men unga javoban: “Bir oz kutaylik, ibodat qilyapti”, dedim. Bu gapdan barchasi hangu mang bo‘lib qolishdi. “O‘lgan edi-ku. Qanday tirildi?”. Ular o‘zaro pichirlashib bahslasha ketishdi. “Boshliqqa nima deb javob beramiz?”
Tasavvurimda Saidnosir uzala tushib yotgan, yuzlari momataloq, og‘zidan qoni kelgan edi go‘yo... U ikki yoniga salom berib, qisqa duo qildi. So‘ng ortga o‘girildi va meni ko‘rib: “Tinchlikmi, Abdusamad og‘ayni, yarim tunda?” Bir muddat duduqlandim, tilimga bir so‘z kelmadi. Bazo‘r: “Doimgi ishimiz, taqsir, bir-bir xabar olib yuribmiz. Ahvollar yaxshimi?” dedim o‘zimni sergakroq tutib.
Hammamiz sekin ortga qaytdik. Joyimga borib yotishim buyurildi. Yotdim. Biroq ko‘zga uyqu kelmadi. Hali tong yorishmasidan meni boshliq yo‘qlabdi. Eshikdan kirishim bilan o‘dag‘aylab ketdi: “Sening yurtdoshing ekan, sen o‘zbeklar millatchi bo‘lasanlar. Gapir, qanaqa ukol qilding? Qanday tiriltirding?” Dag‘dag‘aning ma’nosini shunda angladim. Men tiriltirgan emishman. “Eshigidan kirmadim, yoniga yo‘lamadim. Ana, navbatchi guvoh, — dedim. So‘ngra butun jasoratimni tilimga jamlab, to‘g‘risini aytdim: — Mendan so‘rab nima qilasiz? Allohdan so‘rang... U Zot bilguvchiroq”.
Xonada u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan boshliq taqqa to‘xtadi. O‘ylanib qoldi... So‘ng menga ruxsat tegdi.
Saidnosir aka bilan hibsxonada ko‘p bora yuzma-yuz keldim. Ammo o‘sha tundagi tashrifimiz sababini ochiq aytmadim. U kishi ham so‘ramadi”.

* * *

Kargapoli degan so‘z Abdusalom aka xayolida shu xotiralarni jonlantirdi. Enam rahmatli: “Qirq yil qirg‘in bo‘lsa, ajali yetgan o‘ladi”, der edilar. Saidnosir akaning qazosi yetmagan ekan. 1956 yili eson-omon oilasi bag‘riga qaytibdi. Uni Allohning o‘zi asragan edi.

Bahodir Nurmuhammad,
“Hidoyat” jurnalining 2008 yil 3-sonidan olindi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.