background
logotype
image1 image2 image3

Qalblari dunyodan xoli edi

Imom A’zam tijorat bilan shug‘ullanganlari, juda badavlat inson bo‘lganliklari ma’lum. Bu ulug‘ zot peshingacha talabalarga dars berar, peshindan keyin esa tijoriy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Bir kuni dars paytida masjid eshigidan kimdir ovoz berdi:

– Hazrat, kemangiz cho‘kib ketibdi (u zotning mol tashiydigan kemalari ham bo‘lgan)!

Imom A’zam bir onlik taradduddan keyin:

– Alhamdulillah, – dedilar.

Bir ozdan keyin yana boyagi odam yangi xabar keltirdi:

– Adashibmiz, hazrat, cho‘kkan kema boshqasiniki ekan.

Imom A’zam bunga ham boyagidek javob berdilar. Xabar keltirgan odam hayratda qoldi:

– Hazrat, kemangiz cho‘kkanini aytdik, «Alhamdulillah», dedingiz. Cho‘kkan kema sizniki emasligini eshitib ham, shu javobni berdingiz. Sababi nima?

Imom A’zam izoh berdilar:

– Kemamning cho‘kib ketganini eshitganimda qalbimga nazar tashladim. Dunyo molini yo‘qotish sababli ozgina bo‘lsa ham qayg‘uni ko‘rmadim. Buning uchun Alloh taologa hamd aytdim. Cho‘kkan kema meniki emasligini bilganimda ham shunday qildim; dunyo molini qo‘lga kiritish sababli zarracha quvonch yo‘q edi. Bu safar qalbimni dunyo matosiga hirs qo‘yishdan muhofaza qilgani uchun Alloh taologa hamd keltirdim, shukr aytdim.

“Irfon” taqvimining 2012 yil 2-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.