background
logotype
image1 image2 image3

Qadri qultum suvga teng emas...

Bir yili Shaqiq Balxiy* hajga borish niyati ila yo‘lga tushdi. Bag‘dodga kelganida, xalifa Horun ar-Rashid bu zotning kelganini eshitib, huzuriga chaqirdi. Shaqiq Balxiy xalifaning huzuriga keldi. Xalifa so‘radi:
— Zohid zot Shaqiq Balxiy sizmisiz ?
— Shaqiq menman ammo, zohid emasman.
Xalifa Shaqiq Balxiydan o‘ziga nasixat qilishini so‘ragach, Shaqiq dedi:
— Aqlingni yig‘ib ol va juda diqqatli bo‘lki, Alloh taolo senga Abu Bakr siddiq roziyallohu anhuning maqomini berdi. Sendan u zotdagidek to‘g‘rilikni xohlaydi. Senga Umar al-Foruq roziyallohu anhuning maqomini berdi. Sendan u zotda bo‘lganidek, haq ila botil orasini ajratishingni xohlaydi. Senga Usmon Zinnurayn roziyallohu anhuning maqomini berdi. Sendan u zot kabi hayo va karam sohbi bo‘lishingni xohlaydi. Senga Aliyul Murtazo roziyallohu anhuning maqomini berdi. Sendan u zot kabi ilmli va adolatli bo‘lishingni hohlaydi.
— Yana biroz nasihat qiling!
— Alloh taoloning jahannam degan bir yeri borki, seni u yerga qorovul qilib qo‘ydi. Qo‘lingga uch narsa berdi. Ular mol-mulk, qilich va qamchi. Bu uch narsa bilan insonlarni jahannamdan uzoqlashtir. Yoningga bir muhtoj kelsa, unga mol ber. Allohning amriga qarshi chiqqanlarni bu qamchi bilan adabini ber, yo‘lga sol. Boshqalarga haqsizlik qilganlar, nohaqdan odam o‘ldirganlar qarshisiga sen shu qilich bilan chiq. Agar bu ishlarni qilmasang, jahannamga birinchi tushadigan sen bo‘lasan.
— Yana biroz nasihat qiling!
— Sen suvning manbai kabisan. Vazir va qo‘mondonlaring esa, suv oqadigan yo‘l kabi. Suvning manbai toza va pokiza bo‘lsa, uning yo‘li ham pokiza bo‘ladi. Suvning manbai pok bo‘lib, yo‘llarida ifloslik bo‘lsa, bunda zarar yo‘q. Pok suv buni yuvib ketadi. Agar manbai ifloslansa, endi yo‘llarining pok bo‘lishidan ham umid qilib bo‘lmaydi.
— Yana biroz nasihat qiling!
— Tasavvur qil, cho‘lning o‘rtasida qolding. Suvsizlikdan o‘lar holdasan. Kimdir kelib, bir yutum suv sotaman desa, qanchaga olar eding?
— Qancha hohlasa shuni berib, suvni olardim!
— Suv keltirgan odam suvi evaziga yarim saltanatingni berasan desa, rozi bo‘larmiding?
— Ha, rozi bo‘lardim.
— Tasavvur qilki, saltaningni yarmini berib, sotib olgan suvingni ichding. Bir muddat o‘tgach suvni tashqariga chiqarish kerak bo‘ldi. Lekin chiqara olmading. O‘lar holga kelding. Bir odam kelib, seni bu holdan qutqaraman. Evaziga qolgan davlatingni berasan desa, rozi bo‘larmiding?
— Albatta rozi bo‘laman. Jonim hiqildog‘imda tursa, saltanatning nima keragi bor.
— Shunday ekan avval ichib, keyin tashqari chiqarib yuboradigan suvingchalik qadri bo‘lmagan bu saltanatinga suyanma. Bu mol-dunyoga suyanib, hech kimga katta ketma.
Bu nasihatlardan so‘ng Horun ar-Rashid ko‘p yig‘ladi. Shaqiq Balxiyni hurmat va ehtirom ila yo‘liga kuzatdi...

* Shaqiq Balxiy — buyuk avliyolardan bo‘lgan, kunyasi Abu Ali, otasining ismi Ibrohim. Ibrohim Adhamning tolibi, Hotamul Asomning ustozi. Dunyoga ko‘ngil qo‘ymagan, xarom va shubhalardan shiddat ila qochgan. Tijorat bilan shug‘ullangan. 790 (hijriy 174) yilda vafot etgan.

Manba: www.ehlisunnetbuyukleri.com
Turkchadan Islom Abdulmajid tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.