background
logotype
image1 image2 image3

Nodon do‘stdan aqlli dushman yaxshiroq

Ayiqqa bahaybat ilon hujum qildi. Ayiq jon tahlikasidan o‘kirayotganida, uni jasur bir yigit ko‘rib qolib, ilondan qutqardi. Ayiq o‘z xaloskoriga minnatdorchilik bildirdi. Uning ortidan ergashdi, hech ayrilmas, orqasidan qomasdi. Kunlarning birida yigit dardga chalindi. Ayiq esa do‘stini sira yolg‘izlatmay, yonida o‘tirib tuzalishini kutardi. Bir yo‘lovchi ularning yonidan o‘tayotib, yigitga: «Birodar, bu nima hol. Ayiq bilan nima aloqang bor seni?», deb so‘radi.
Yigit unga bo‘lgan voqeani tushuntirib, shundan buyon ayiq uni yaxshi ko‘rib qolgani, sodiq do‘st bo‘lib yurganini aytib berdi. Yo‘lovchi: «Sen ayiqqa bunchalik ishonib ko‘ngil berma. Nodonning do‘stligi dushmanning yovligidan ham yomon. Aqling bo‘lsa, uni o‘zingdan uzoqlashtir», deb maslahat berdi.
Yigit: «Sen bu gapni bizga hasad qilganing uchun, do‘stligimizni ko‘rolmayotganing uchun aytayapsan. Sen ayiqqa emas, uning sadoqatiga boq!», dedi.
Narigi kishi: «Mening hasadim ham bu ayiqning do‘stligidan yaxshiroq. O‘rningdan tur, ketdik, hayvonni insondan ustun ko‘rma. O‘zing kabi insonlardan do‘st qidir!», dedi.
Lekin xasta yigit uning gapiga quloq solmasdan: «Ey hasadgo‘y! Ket bu yerdan!», deb yo‘lovchini haydadi.
Musofir: «Men bilan ketsang, o‘zingga yaxshilik qilgan bo‘larding!», deb yo‘lida davom etdi.
Birozdan so‘ng xastaning uyqusi kelib, uxlab qoldi. Ayiq bemorning boshida o‘tirib, unga ozor beradigan pashshalarni haydardi. Bir pashsha yigitning yuziga qo‘nib, hech ketmay turaverdi. Ayiqning jahli chiqib, o‘rmondan katta tosh olib keldi. Qarasa, haligi pashsha do‘stining yuzida uyoqdan-buyoqqa vizillayapti. Ayiq jahl bilan toshni unga qarab otdi va do‘stini o‘ldirib qo‘ydi.

Ahmoqning muhabbati ayiqnikiga o‘xshaydi. «Nodon do‘stdan aqlli dushman yaxshiroq», deb bejiz aytmaganlar.

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan
Turkchadan Abdulloh Rahimboyev tarjimasi


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.