background
logotype
image1 image2 image3

Nasiba

I

Qadim zamonlarda bir odil shoh va uning dono vaziri o‘tgan ekan. 
Ular kechalari eski-tus­ki kiyimda, yashirincha saroydan chiqishar, mahalla-ko‘ylarni kuzatib yurisha­rkan. Tunda temirchilar mahallasini aylanib yuri­shsa, bir uyning deraza­sidan miltiragan nurni ko‘rib qolishibdi. Yaqinroq borishsa, ichkaridan kichkina bolg‘achaning “tiq-tiq” tovushi eshitilarmish.
– Ajabo! – debdi shoh. – Bolg‘a urishi temirchimas, zargarnikiga o‘xshaydi.
– Tirikchiligiga kunduzi yetmay, tunda ham ishlayotgan kim ekan? – debdi vazir.
Kulba eshigini sekin taqillatishsa, ochilib ketibdi. Qulflanmagan ekan-da.
Ichkaridan qirq-qirq besh yoshlardagi yigit chi­qib, ularni ichkariga taklif qilibdi. Oldilariga g‘aribona dasturxon yozib, zog‘ora non, jiyda aralash turshak qo‘yib, qumg‘on tagiga olov yoqibdi.
– Ha, usta, bola-chaqa ko‘pmi deyman? Kunduzi yetmagandek, kechasi ham tinmayapsiz? – so‘rabdi vazir.
– Ha endi, tirikchilik-da... Kunduzi bosqonlarda, kechalari qo‘ni-qo‘shnining tinchini o‘ylab, bolg‘acha bilan ishlayman. Xudoga shukr, uchta qizim bor. To‘rt-besh tanga to‘plab qo‘ymasam bo‘lmaydi. Qiz degani – palahmon toshi...
– Qarilik hammaning boshida bor. Ertasini o‘ylagan odam kam bo‘lmaydi, – debdi vazir.
Ular bir piyoladan choy ichishibdi, bir turshakni ikki bo‘lib og‘izlariga solishgach, o‘rinlaridan turishibdi. Temirchi mehmon bo‘linglar deb qancha iltifot qilmasin, musofirxona – karvonsaroy yo‘lini so‘rab bilishgach, u bilan xayrlashishibdi.

II

Odil shoh bilan dono vazir yo‘l-yo‘lakay temirchining nochor ahvoliga achinib, unga qanday yordam berishni o‘ylab, saroyga qaytib kelishibdi...
Ikkovi maslahatni bir joyga qo‘yib, shohona bir palov qildirishibdi. Bir hamyonga yuz tillani joylab, chuqur tovoq tagiga qo‘yishibdi. Ustiga uyib osh suzdirgach, shom payti xizmatkorni chaqirishibdi:
– Buni falon termichining uyiga eltasan. Kimdan, qaerdan ekanini zinhor aytmaysan, – deb tayinlashibdi.
Hukmdor:
– Umrida qo‘­liga tilla tanga ushlamagan temirchini bu katta boylik ne ko‘ylarga solar ekan-a? – deb o‘ylabdi.
– Bosar-tusarini bilmay qoladigan unday ahmoqqa o‘x­shamaydi.
– Kim biladi? Tong otsin, bozor-o‘char boshlansin-chi, shuncha tillaning kuchini ko‘ramiz...

III

Tong otib, quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilgach, shohu vazir eski kiyimlarini kiyib, qo‘llariga hassa tutib, temirchilar mahallasiga yo‘l olibdi. Tanish deraza oldiga borishsa, ichkaridan bosqonning taraq-turuqi eshitilibdi. Shoh vazirga qarabdi, vazir – shohga. Ikkisi ham hayron bo‘lishibdi.
Eshikni qoqishgan ekan, bos­qonning taraq-turuqi­dan temirchi eshitmabdi. Oxiri ustaxonaga o‘zlari kirib borishibdi.
– Kelinglar, kelinglar, mehmonlar! – debdi temirchi, ularni xushnudlik bilan kutib olib. Qo‘lidagi bosqonni bir chetga qo‘yib, yuzidan qora terni yelkasidagi belboqqa artib, das­turxon yozibdi, kechagi qora qumg‘onga olov yoqibdi. Das­turxonda yana o‘sha zog‘ora non bilan bir siqim turshak aralashgan jiyda bor emish.
– Bizlar qal’ani tomosha qildik. Endi qaytib ketyapmiz. Xayrlashgani kirdik, – debdi shoh.
Shohu vazir bir-bir­lariga sirli qarashibdi. Temirchi hushyor, sezgir ekan.
– Tinchlikmi? Bugun bosh­qacharoqsizlar.
– Kechagi tun qanday o‘tdi?
– Har doimgidek, ishdan bosh ko‘tarmadim.
– Kecha xuftondan oldin hech qanday voqea yuz bermadimi?
– Ha, ha, qaerdandir bir tovoq palov tashlab ketishdi. Allohga shukr, bola-chaqa bilan to‘yib yedik. Lekin bunday mazali, sergo‘sht palovni umrim bino bo‘lib yemagan edim.
– Xo‘sh, keyin-chi, keyin?..
– Nima “keyin”?
– Tovog‘i qani?
– O‘zimizga yetarlisini ikki laganga suzib oldim. Keyin o‘rtadagi uyumni buzmasdan, issig‘ida yesin deb qarovchisi yo‘q, kambag‘al qariya qo‘shnimga tovog‘i bilan chiqazib yubordim.
– Nasiba ekan-da! – debdi vazir.
– Palovni sizlar yuborganmidingiz, tovoqni so‘raya­p­siz?
Shu payt juda haya­jon­langan bir qariya, kampir va uning qizi ustaxonaga kirib kelishibdi. Ularning qo‘lida o‘sha tovoq – o‘rtasida bir hovuch tilla, yonida bo‘m-bo‘sh hamyon bor emish.
– E bolam! Baraka topkur, bu nima qil­ganing, bizlarni aqldan ozdirmoqchimisan? – debdi qariya.
Temirchi tanish tovoqdagi tillalarni ko‘rib, rosa hay­ron bo‘libdi.
– G‘aznani o‘mardingizmi yo xazina topdingizmi, ota? – deb so‘rabdi.
– Biz emas, sen topgansan.
– Ota, iltimos, tushuntirib gapiring... Bu tillalarni kim berdi? Kimniki bular?
– Seniki.
– Mening hecham tillam bo‘lmagan
– Tovoqni tanidingmi?
– Ha. Kecha sizga shunda palov chiqargan edim.
– Ha, barakalla.
– Men sizdan tovoqni emas, tillalarni so‘rayapman.
– Shu tillalar palovning tagidan chiqdi.
– Yo‘g‘-e, hazillashmang...
– Men ham hayronman. Chiqargan palovingdan yetarlicha suzib oldim-u, qolganini tovog‘i bilan, issig‘ida yeyishsin, deb men ham beva-bechora yon qo‘shnimga ilindim. Ular ertalab isitib yeymiz, deb tovoqqa bir lagan yopib, olib qo‘yishibdi. Ertalab oshni isitish uchun tovoqni qozonga ag‘darishsa, bir hamyon chiqibdi, ichi to‘la tilla. Qozon olovda, palov qozonda qolib ketaveribdi. Ona bola yugurgilab, tillani hamyonu tovog‘i bilan menga olib chiqishdi. Birgalashib, mana, senikiga keldik.
– Yo tavba, tavba, bu yerda bir sir bor! – debdi temirchi yoqasini ushlab. Keyin mehmonlarga hayratlanib qarabdi.
Shoh bilan vazirning hayrati ham unikidan zarracha kam emas ekan.
Shoh jandasining ichki cho‘ntagidan xuddi tovoqdagiga o‘xshagan bir hamyon tilla chiqarib, qariyaning qo‘liga tutqazibdi.
– Ota, bu sizga.
Chol hamyonga tikilib qa­rab­di, tovoqdagi hamyonga aynan o‘xshashligini muh­ridan tanibdi va nima gap ekanini darrov anglabdi.
– Nimaga? Qaysi qilgan xiz­­matim uchun? – deb so‘­rabdi u.
– Imon-e’tiqodingiz but­ligi, halol­ligingiz uchun.
Shu payt vazir ham shoh imosi bilan cho‘ntagidan xuddi shunday bir hamyon chiqarib, kampirga beribdi.
– Bu nima? – debdi u hayron bo‘lib.
– Tovoqdagi hamyonning sherigi, – debdi vazir.
– Menga? Nimaga, nima uchun?
– Halol-pokiza­ligingiz, mo‘m­­ina, soli­haligingiz uchun.
– Lagandagi nasiba esa temirchiniki, – debdi shoh.
Cholu kampir, temirchi yoqa ushlashib, Yaratganga shukrona aytishar ekan, shohu vazir astagina xayr-xo‘sh qilib, tashqariga chiqishibdi.
– Bular aqldan ozmasa bo‘ldi, – debdi vazir.
– Bularni yo‘qlik, muh­tojlik aql-hushdan ozdirolmagan ekan, demak, to‘qlik ham ozdirolmaydi.
– Sizdek shohi bor fuqa­roning armoni yo‘q, – debdi vazir.
– Aksincha, shunday fuqa­rolari bor shohning armoni yo‘q.
Odil shohu dono vazir suhbatlashib, saroyga yo‘l olishibdi...

Qadam Sayid Murod 
“Hidoyat” jurnalining 2011 yil, 10-sonidan olindi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.