background
logotype
image1 image2 image3

Muhammad s.a.v. ummatida ishonch va fazilat qolmadimi?

Bir kun Hazrat Umar (r.a.) ashobi kirom bilan suhbat qurib o‘tirar edi. Ikki odam bir yigitni turtib, qo‘llaridan mahkam ushlab Xalifa huzuriga olib keldilar:

— Biz qasos olishni isgaymiz, ey Amiral-mo‘‘minin! Qasos!.. — deb baqirardi ular.

Amiral-mo‘‘minin Hazrat Umar (r.a.):

— Qanday dardingiz bor? Da’voni bilmay turib, qasos olinmaydi. Nega yigitni urib olib keldingiz? — dedi.

Yigitni olib kelganlardan biri:

— Ey Amiral-mo‘‘minin! Bu yigit otamizni bizning bog‘imizda o‘ldirdi. Buning ham o‘ldirilishini istaymiz. Qasos olinishini, o‘limini istaymiz, — dedi.

Hazrat Umar (r.a.) yigitga qarab:

— Nima deysan, bularning aytgani to‘g‘rimi? Seni otalarini o‘ldirganliqda ayblamoqdalar, — dedi.

Nurli bir chehra sohibi bo‘lgan, nur yuzli yigit:

— Yo Amiral-mo‘‘minin! Bu odamlar to‘g‘ri gapirmoqdalar. Bo‘lgan voqeani mushohada qilib ko‘ring, men tushuntirishga harakat qilaman. Men uzoqlardan kelayotgan bir yo‘lchiman, yo‘lga chiqqanimga uch kun bo‘ldi. Biroz istirohat qilay, dam olay, dedim. Otimni bu odamlarning xurmo bog‘lari yonida bir shoxga bog‘lab, dam olmoqchi bo‘ldim. Otim bo‘ynini cho‘zib ularning xurmo daraxtidagi bir shoxning bargini yebdi. Uyg‘onsam bir chol otimga tosh otmoqda. O‘rnimdan turdim. Chol otgan oxirgi tosh otimning peshonasiga tegdi va otim o‘lib qoldi. Nihoyat sevgan otimning o‘lganini ko‘rib, jahl bilan chol otgan oxirgi toshni uning o‘ziga otdim. Chol yiqilib tushdi. Shu payt jonini taslim etib o‘lib qoldi. Men bunday bo‘lishini xohlamagan edim, — dedi.

Adolat noziri, islomning xojai xalifasi Hazrat Umar (r.a.):

— Aybingni e’tirof etding. Qasos lozim,—dedi.

— Hayhot! Mening bir uzrim bor. Quron nima desa, shu to‘g‘ri. Men Qur’on buyruqlariga buysunaman. Mening sizlardan bir iltimosim bor. Qasos olib meni o‘ldirishdan avval mening bir yetim haqqini berib qo‘yishimga ijozat bersangiz. Men uni berishim kerak. Bizning otamiz o‘ldi. Pullari qaerda ekanligini men bilaman. Bir singlim bor, u bilmaydi. Menga uch kun muhlat bering, borib pullarimizning turgan joyini singlimga ko‘rsatib kelayin, — dedi.

Yigitning bu iltimosini da’vogarlar qabul qilishni istamasalar ham, Hazrat Umar (r.a.):

— Senga kafil bo‘ladigan bir odam bo‘lsa, uning kafilligida ruxsat berardik, — dedi.

Ma’sum yuzli bu yigit shu yerda yig‘ilgan barcha ashobga bir-bir qarab chiqdi. Oxiri Abu Zarr G‘iforiyni ko‘rsatdi. U zaif zotga qarab:

— Bu zot menga kafil bo‘la oladi, — dedi.

Xalifa huzurida hozir bo‘lgan ashobi kirom hayratga tushdilar. Abu Zarrning og‘ziga qarab qoldilar. Xalifa Hazrat Umar (r.a):

— Nima deysan, ey Abu Zarr? Bu qishloqlik yigitga kafil bo‘la olasanmi? — deb so‘radi.

— Albatta kafil bo‘laman. Hozir ketib, uch kundan so‘ng yetib kelsin, — javob berdi Abu Zarr.

Da’vogarlar Abu Zarrning mavqeini yaxshi bilishardi. Abu Zarr ashobning peshvolaridan edi. Shuning uchun uning kafilligini qabul qildilar. Yigit xalifa huzuridan chiqib ketdi. Shoshilib to‘g‘ri qishlog‘iga ketdi. Hamma uch kun kutish kerakligini bilib tarqaldi.

Uch kun o‘tdi. O‘sha vaqtda bo‘lganlar yana xalifa huzuriga yig‘ildilar. Hazrat Abu Zarr ham keldi. Muddailar (da’vogarlar) ham kelib u yigitni kutib o‘tirishdi. Vaqt o‘tib qolgandi. Yigit maydonda ko‘rinmasdi. Abu Zarr hech hovliqmay, hayajonlanmay sukut saqlardi. Abu Zarr ashobning peshvolaridan, buyuklaridan bo‘lib, ko‘p vaqt Rasulullohning iltifotlariga erishgan qadrli zot edi. Vujudi zaif, bir muhtaram edi. Shu onda da’vogarlar:

—Ey, Abu Zarr! Sening ulug‘ zot ekanligingni bilamiz. Ammo biz otamizning qasosini olishni xohlaymiz. Sen o‘zing tanimagan yigitga kafil bo‘lding. Agar kelmasa, biz otamizning haqini sendan talab qilamiz, dedilar.

Xalifa Hazrat Umar (r.a.):

— Yo Abu Zarr! Valloh, men ham shunday deb o‘ylayman, qasos amalga oshiriladi, — dedi.

Hazrat Abu Zarr esa:

— Men ham roziman, — dedi.

Hozir bo‘lganlar hayajonga tushdilar. Hammaning yuragi qattiq ura boshladi, nafasi ichiga tushib ketdi. Xalifa huzurida hozir bo‘lganlar da’vogarlarga yalina boshladilar:

— Otangizning xunini beramiz, — dedipar.

Muddailar qabul etmadilar. Berilgan muhlat o‘tmb qoldi.

Abu Zarr o‘rnidan turib tayyorlana boshladi. Abu Zarr tahorat qipardi. Hammaning ko‘zi yoshga to‘lgandi. Shu payt uzoqlardan chang-to‘zon ko‘tarilib shoshib kelayotgan yigit ko‘rindi. Terga pishib ketgan qishloq yigiti ichkariga kirdi. Salom berdi va uzr so‘radi:

— Meni avf etinglar. Sizlarni hayajon ichida yo‘lga qaratdim. Yetimning enagalari uzoqqa ketgan ekanlar, ularni kutib kechikdim. Ular bilan uchrashib yetim singlimni ularga topshirdim, omonatini berdim. Shoshilib endi yetib keldim, — dedi u.

U majlisda hozir bo‘lganlar hayratga tushdilar. Hayajonlari bosilgach, butun majlis ahli «Bu odam nega keldi?» deyishdi. Yig‘ilganlarning yuzlarida taajjub va hayronlikni ko‘rib, yigit:

— Meni kelmaydi, deb o‘ylaganmidingiz? Yuzingizda hayronlik, hayrat alomati ko‘rinadi. Men qanday qilib kelmayman! Men mo‘minman-ku! Mo‘min deb ahdiga vafo qilganni, bergan so‘ziga sodiq qolganni aytadilar, — dedi.

So‘ngra qo‘llarini duoga ochib, osmonga qarab:

— Yo Rabbiy! Mening senga bo‘lgan imonimning nuri yuzimda aks etmaydimi, bular mendan shubhaga tushmoqdalar, — deb ko‘zlariga yosh oldi.

Yigitning yuragidan chiqqan bu so‘zlar Umarning ko‘zlariga ham yosh keltirdi.

Islom Xalifasi Hazrat Umar (r.a.) hayratga tushib Abu Zarrdan bir so‘zni so‘rashdan o‘zini tiya olmadi:

— Yo Abu Zarr! Bu yigitning otasini taniysanmi? Qabilasini bilasanmi?

Hazrat Abu Zarr:

— Tushundim, yo Amiral mo‘‘minin! Bu yigitni tanimasdan turib nega kafil bo‘lding, deb so‘ramoqchisiz, shundaymi? — dedi.

— Xuddi shunday, yo Abu Zarr, — javob berdi Xalifa, — shu ma’noda so‘radim.

— Yo Umar! — dedi Abu Zarr. — Meni hamma biladi. Hazrat Muhammadga qanday ishonganimni va u buyuk Payg‘ambarning menga qanday rutba (daraja) berganligini bu yerda bilmagan odam yo‘q. Men, muhammadiylarda ishonch, fazilat qolmabdi, deb o‘ylagandim. Yigit mendan yordam so‘radi. Yordam berib, ishonch, fazilat uchun «xo‘p» dedim. Insonlarda yaxshilik qolmabdi deb aytishlaridan qo‘rqdim.

Ul majlisda bo‘lganlar junbushga keldilar. Da’vogarlar bunchalik Islomga sodiq, jonini Islom amrlari uchun fido eta oladigan bir imon sohibi yigitning holidan ibrat olib rahmga yuz burdilar va:

— Yo Amiral-mo‘‘minin! Biz ham Alloh uchun otamizning qasosidan voz kechamiz. Haqqimizni halol etdik. Biz ham insonlarda afv etish, kechirish xislati qolmabdi deb aytishlaridan qo‘rqdik. Yigit xohlab bu ishni qiladiganlardan emas ekan. Bu fidokorligi uchun biz uni hurmatlaymiz, — dedilar.

Yusuf Tovasliyning “Hikmatlar xazinasi” kitobidan.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.