background
logotype
image1 image2 image3

Men nega g‘am chekay

Bir zamonlar Balx shahrida ocharchilik boshlandi. Ahvol kundan-kunga og‘irlashib, barchaning yuziga birdek iztirob va g‘am soya solgan edi. Ammo bir qul bu kulfat unga sira aloqasi yo‘qdek doim kulib yurardi. Tabiiy, uning xursandligi bosh­qalarni hayron qoldiradi. Nihoyat odamlar undan:

– Hamma azob chekayotgan paytda iljayib yurishga uyalmaysanmi? – deb so‘rashadi.

U esa tabassum bilan:

– Nega shod bo‘lmay, nega g‘am chekay? Xo‘ja­yinimning qo‘l ostida katta bir qishloq va ko‘plab yer-suvi bor. Shunday bir boyning quliman. Egamning kuchi, unga bo‘lgan ishonchim ko‘nglimdan har qanday dardu qo‘rqinchni ketkazadi, – deb javob qiladi.

Bu voqeani kuzatib turganlar orasida Shaqiq Balxiy ham bor edi. Qulning javobini eshitib titrab ketdi va bu holatni uzoq mulohaza qildi. Bir muddatdan keyin ko‘nglidan kechganlarini ifodalab bunday dedi:

– Ey Rabbim, Sen qanchalar ulug‘san! Bu qul Sening mulkingga nisbatan igna uchicha bo‘lmagan bir qishloqqa ega bo‘lgan, o‘zini himoya qiladigan xo‘ja­yini borligi uchun quvonyapti. Rabbim, Sen butun mulklar Egasisan, borliqning yagona va haqiqiy sohibisan, rizqimizni yetkazishga va’da bergansan, shunga qaramay, nega biz rizq borasida bunchalik g‘amga tushamiz, iztirob chekamiz?!

Rivoyatga ko‘ra, shundan keyin Shaqiq Balxiy umrini Haq yo‘liga bag‘ishladi. Aslo rizq andishasini qilmadi, umr bo‘yi chin tavakkul, xotirjamlik va halovat ichra yashadi. U zot ko‘pincha ushbu jumlalarni takrorlardi:

– Men bir qulning talabasiman. Nimaga erishgan bo‘lsam, uning birgina sabog‘i bilan erishdim.

Toshkent Islom instiuti talabasi Nargiza Masharipova tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2012 yil, 4-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.