background
logotype
image1 image2 image3

Loy tekkan devor

Boyazid Bastomiy yomg‘irli havoda juma namoziga borish uchun uyidan chiqdi. Sharros quyayotgan yomg‘irdan tuproq yo‘l loy bo‘lib ketgan edi. Bir uyning devori ostida panalab, yomg‘ir pasayishini kuta boshladi. So‘ng loyli poyabzalini devorga surtib tozaladi. Yomg‘ir sekinlashgach, masjid sari yurdi. Ketayotib, birovning devorini kir qilgani xayoliga keldi-da, yurishdan taqqa to‘xtadi. “Hovli egasidan uzr, rozi-rizolik so‘ramay turib, qanday qilib juma namozini o‘qiysan? Birovning devorini loyga belab, Allohning huzurida qanday turasan?!” – deya o‘z-o‘zini so‘roq qilarkan, ortiga qaytdi va eshikni qoqdi. Uni qarshilagan majusiy:
– Keling, xizmat? – dedi.
– Sizdan uzr so‘rashga keldim...
– Men sizni tanimayman, nima uchun uzr so‘raysiz? – dedi uy egasi.
– Hozirgina loyga belangan oyoq kiyimimni devoringizga surtib, tozalagan edim. Aslida, bu judayam noto‘g‘ri ish. Devor kir bo‘ldi. Yomg‘irning shiddatidan nima qilayotganimni bilmay qolibman...
Hayratga tushgan majusiy:
 – Hechqisi yo‘q. Shundoq ham devorlarimiz loy ichida qolgan. Oyog‘ingizdan tekkan ozgina loy unga hech qanday zarar bermaydi, – dedi.
Boyazid Bastomiy:
Balki, ammo bu yerda qul haqi bor. Qilgan harakatim uchun egasidan rizolik so‘rashim lozim edi. Shuning uchun eshigingizga keldim, – dedi.
Majusiy:
– Bu qadar haq-huquq va adolatni sizga kim o‘rgatgan?– deya so‘radi.
– Dinimiz hamda Muhammad payg‘ambarimiz o‘rgatganlar, – deya javob berdi Bastomiy.
Shunda majusiy:
– Shunday adolatli din bor ekan, u holda biz nega uni qabul qilmaylik? – degancha kalima keltirib, musulmon bo‘ldi.

“Ibrat dengizi” kitobidan  Gulbahor ABDULLOH tarjimasi
"Hidoyat" jurnalining 2012-yil, 7-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.