background
logotype
image1 image2 image3

Yunus Emro

ISMI GO’ZAL O’ZI GO’ZAL MUHAMMAD

Jonim qurbon bo’lsin sening yo’lingga,
Ismi go’zal, o’zi go’zal Muhammad.
Shafoat aylagin kamtar qulingga,
Ismi go’zal, o’zi go’zal Muhammad.
Mo’min bo’lganlarning ko’pdir jafosi,
Oxiratda bo’lur zavqu safosi.
O’n sakkiz ming olamning Mustafosi,
Ismi go’zal, o’zi go’zal Muhammad.
Yetti qavat ko’kni sayron aylagan,
Samo minbarida javlon aylagan.
Me’rojida ummatini tilagan,
Ismi go’zal, o’zi go’zal Muhammad.
To’rt choriyor uning sodiq yoridir,
Uni sevgan gunohlardan beridir.
O’n sakkiz ming olamning sultonidir,
Ismi go’zal, o’zi go’zal Muhammad.
Sen haq payg’ambarsan, shaksiz-gumonsiz,
Yo’lingdan yurmagan ketar iymonsiz.
Oshiq Yunus naylar, dunyoni sensiz?
Ismi go’zal, o’zi go’zal Muhammad!

***

Tog’lar ila, toshlar ila chaqirayin Mavlom seni,
Saharlarda qushlar ila chaqirayin Mavlom seni.

Suv tagida mohi ila, sahrolarda ohu ila,
Devonadek “yo, Hu!” ila chaqirayin Mavlom seni.

Samolarda Iso ila, Tur tog’ida Muso ila,
Qo’limdagi aso ila chaqirayin Mavlom seni.

Hamdu shukri Iloh ila, vasfi qulhuvalloh ila,
Doimo zikrulloh ila chaqirayin Mavlom seni.

Angladim dunyo holini, tark etdim qiylu qolini,
Bosh ochiq oyoq yolini chaqirayin Mavlom seni.

Yunus o’qir tillar ila, ul qumri bulbullar ila,
Haqqa ochiq qo’llar ila chaqirayin Mavlom seni.

Yunus Emro 
(Nosir Muhammad tarjimasi)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.