background
logotype
image1 image2 image3

Jalolxon Umarov

G’AZAL

Bugun Haqdin najot keldi, menga sen yor, namozimsan,
Riyozatni tilab ko’nglim bo’lur bedor, namozimsan.

Yaratganga ibodatning ajib sehrin bilib oldim,
Azon, sajda va ruku’ga bugun men zor, namozimsan.

Go’zal oyat qiroat-la bo’lur malham bu qalblarga,
Senga oshufta bo’lgan bo’lmagay hech xor, namozimsan.

Iqomat, tasbehu niyat yarashgay xo’p musilmonga,
Egam farz aylagan tole’ abad poydor - namozimsan.

Asl imon musulmonga haqiqiy farz ekan, do’stlar,
Ibodatlar ichinda ko’p o’zing sardor – namozimsan.

Dilim Parvardigor zikrin qilib tolmaydir, albatta,
Va besh bora burib qibla tomon diydor, namozimsan.

Muazzinlar nidosiga quloq tutgim sahar to kech,
Seni yetkazgan Allohga shukr ming bor, namozimsan.

Asosing asli Qur’ondir, yurakka nuri darmondir,
Bihisht – jannatga imkondir safo bisyor, namozimsan.

Darig’o, kech bilibsan bul salot qadrin, Jalol banda,
Judo qilma meni endi, Egam, zinhor namozimdan.

Jalolxon Umarov
Qo’qon shahri.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.