background
logotype
image1 image2 image3

Dilorom Afzalova

QALBGA QULOQ TUTING

Qalbing to’la o’kinchga,
Seni tinglar bir zot yo’q.
Yo’l qidirding sevinchga,
Hech bir joydan najot yo’q.
Nola qilmagin also
Hayot sinovlaridan.
Sabr do’st bo’lar tanho,
Qo’rqma qirovlaridan.
Oldinda ming bir so’qmoq
Qay birin bossang, o’yla,
Boshingga tegsa to’qmoq,
Faqat haqiqat so’yla.
Qalbing ko’z yoshga cho’msa,
Namlanmasin ko’zlaring,
Diling qayg’uga to’lsa,
Titramasin so’zlaring.
O’tma dunyodan gumroh,
Yoru do’st tashvishin qil.
Ortingdan bo’lgin ogoh,
Yaxshi nom qoldira bil.
Gardish aylanaverar
Soniya, asr bo’lib,
Dunyo go’yo tuyular
Tuynuksiz qasr bo’lib.
Ota-ona ko’ngliga
Gard yuqtirma, shodon et.
Poyiga ta’zim ayla,
Qalbini charog’on et.
Vaqtida ado etg’il
Haq buyurgan farzlarni,
Fursatni boy bermagin
Kechikmay uz qarzlarni.
Yo’lni bosib o’tishda
Hamrohing bo’lsin Islom,
Dilingning eng to’rida
Mustahkam tursin imon.

Dilorom Afzalova

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.