background
logotype
image1 image2 image3

Abdusalom Ibrohimov

BIR NAFS BANDASIGA

Mehmonsanu dunyoga, Mezbon bilan ishing yo’q,
Senga bu jonni bergan Hoqon bilan ishing yo’q.

Agar pok emas ruh, ko’ngil bo’lgay zimiston,
Uni zimiston etgan o’pqon bilan ishing yo’q.

Kim do’stu kim dushmaning, ajratolmaysan hamon,
Shaytonga do’st bo’libsan, Rahmon bilan ishing yo’q.

O’ylamaysan dunyoni kim aylagan ixtiro,
Mevasin yeb tunu kun, Bog’bon bilan ishing yo’q.

Bu molu davlatingdan foyda yo’q oxiratda,
Inson uchun eng muhim – iymon bilan ishing yo’q.

Nafsingga qul bo’lgansan, ko’rmas aql ko’zlaring,
Qalbingda qon yig’lagan vijdon bilan ishing yo’q.

Adog’I bor umrning so’rog’I ham bor, albat,
Yiqqan-terganlaring ko’p, ehson bilan ishing yo’q.

Jisming tushar tuproqqa, ruhing uchar samoga,
Tuproq ila mashg’ulsan, osmon bilan ishing yo’q.

Boylik, amal va shuhrat – bular dunyo g’aflati,
Bundan ham bexabarsan, Qur’on bilan ishing yoq.

Millat bugun mustaqil, o’zbek dunyoga mashhur.
Bobolaring yetmagan zamon bilan ishing yoq.

Ko’zingni och, ey odam, bandaliging unutma,
Nechun ushbu g’animat imkon bilan ishing yo’q.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.