background
logotype
image1 image2 image3

Allohga hadyangiz pokmi?

Mansub bo’lganimiz ummat orasida mashhur, ammo bugun unitilayozgan bir qoida bor: “Xushu’ bo’lmagan namozda xayr yoqdir”.
Xo’sh, xushu’ nima o’zi? 
Alloma ibn Kasirning aytishiga kora , namozda viqor va tavozu’ bilan sokin, xotirjam turish xushu’dir. “Madorij” asarining muallifi esa: “Xushu’ Rabb taoloning huzurida hokisorlik va xorlik bilan turishdir”, deydi.
Xushu’ ixlosdan alomatdir. Uning joyi qalbda, mevasi a’zolarda. Xushu’ili qalbgina Parvardigoriga egiladi, keyin a’zolar ham unga ergashib, Allohga bo’ysunadi. Agar qalb xushu’ qilmasa, ga’flatda qolsa, a’zolarning itoati ham buziladi. Chunki qalb tanadagi podshohga oxshaydi...
Xushu’li qalbni qozonish nihoyatda qiyin, ammo uni yo’qotish juda oson. Ayniqsa, bizningdek dunyoga ruju qo’ygan avlodlar zamonida. Tabaroniy va Haysamiylar rivoyat qilgan sahih hadisda Payg’ambarimiz (s.a.v.) ogoh etadilarki: “Bu ummatdan birinchi ko’tariladigan narsa xushu’dir. Hatto uning ichida bironta xushu’ qilguvchini topolmay qolasan”.
Namozni xushu’ bilan o’qish haqida gap ketganida ba’zi salaflarimiz aytishar ekan: “Namoz podshohga hadya qilinadigan cho’ri qizga o’xshaydi. Unga shol, g’ilay, ko’r, qo’l-oyog’i kesilgan yoki nogiron, xunuk qizni hadya qilgan odam haqida qanday gumon qilish mumkin? Xuddi shuningdek, kasal, rusiz namozni Rabbiga taqdim eta turib, yana o’sha namozi bilan Egasiga yaqinlashishni istaydigan banda haqida-chi? Alloh pokdir. Faqat pok narsani qabul qiladi. Ruhi bo’lmagan namoz esa, pok amal emas.”
Xushu’ bizga namozni sevdiradi, mashaqqatlarini ketkazadi, yengil qiladi. Alloh taoloning ushbu oyati so’zimiz dalilidir: “Sabr va namoz bilan yordam so’ranglar. Albatta, u (namoz) og’ir ishdir. Faqat xushu’ qilguvchilarga (og’ir emasdir)” (Baqara, 45).
Namozning ruhi xushu’dir. Xushu’ning ketishi borib-borib namozning ham yo’qolishiga sabab bo’ladi. Huzayfa ibn Yamon (r.a.) aytadiki: “Dininglardan birinchi yo’qotadigan narsa xushu’dir, oxirgisi namozdir”.
Xullas, butun namozlarimizga xushu’ni qaytarish biz uchun juda muhim. Chunki Alloh taolo Mo’minlar surasining avvalidayoq, faqat namozlarida xushu’ qilguvchi mo’minlar najot topishi haqida bayonot berib qo’ygan...

Abdug’afur Iskandar tayyorladi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.