background
logotype
image1 image2 image3

Ilm, rizq va tavakkul

Domla Hindistoniy hikoya qiladilar:
“Bandaning tavakkuli uning rizqiga kafildir.
…Buxoroga ta’lim uchun ketayapman. Yonimda 3 so’mgina pulim bor. Poyezdda bir mo’ysafid bilan birga ketdik. U so’radi:
- O’g’lim, qayerga ketyapsiz?
- Buxoroga o’qigani ketyapman.
- Qaysi madrasaga borasiz? U yerdan birontasini taniysizmi?
- Bilmayman. Biron tanishim ham yo’q.
- Buxoro katta joy bo’lsa, u yerdagi xonadonlarda ham joy yo’q: hammasi mullavachchalar bilan to’lgan. Qayerda turasiz?
- Bilmayman...
- Ajabo, sizni hech kim qaytarmadimi?
- Qaytarishgandi, unamadim…
- U holda men bilan yuravering.
Bir xonaqohga bordik. Xonaqohdagi eshon zot shu kishining akasi ekan. Mo’ysafid o’sha zotni ko’rgani kelayotgan ekan. 
Mo’ysafid yo’q bo’lib ketdi. Men esa masjidning chetidagi supada o’tiribman. Meni hech kim so’ramayapti. Namozi asr bo’ldi, shom bo’ldi. Xufton bo’ldiyamki, haligi odamdan darak yo’q. Xuftonda dilimga “bir “taborak”ni o’qiy” degan fikr keldi. O’qidim, hazrati eshon menga qarab qo’ydilar. Xuftondan so’ng hamma ustozning ziyoratiga shoshildi. Men esa yana supada qoldim. Bir mahal eshonning bir halfasi chiqib, meni chaqirdi. Hazrati eshonning huzuriga kirdik. Mendan so’radilar:
- O’g’lim, siz qayerdan keldingiz?
- Qo’qondan keldim.
- Buxoroga nimaga keldingiz?
- Ilm talabida keldim.
- O’zingiz murattab qorimisiz?
- Ha, murattab qorimiz.
- “Ya ayyuhal muzammil”ni o’qib berasizmi?
Darrov cho’kka tushib “Muzammil”ni o’qib berdim. “Barakalloh!” deb maqtadilar. So’ng, halfalariga kichkina eshonni chaqirishni buyurdilar. U men tengi bir yigit ekan. So’ng dedilar:
- Bu kishi “Sharhi Mullo” o’qiydi. Siz ham shu kitobni o’qiysiz. Birga hujrada turasizlar. Domlaga ham birga borasizlar. Endi, o’g’lim sizga bir xizmat bor. Saxar muazzin sizni uyg’otadi. Tahorat qilib kelasiz. Men tahajjud o’qiganimda shu yerda o’tirib, “Muzammil”ni o’qib berasiz.
Saxar hazrati eshonning huzuriga borib, xizmatni ado etdim. Hazrat rosa yig’ladilar. Har kuni ahvol mana shu...
Olti oy shu yerda tahsil oldim. Hech narsadan kamim bo’lmadi. Shunda dadamga xat yozdim. Bir mahal shu manzilga buzrukvorim kirib keldilar. Sharoitni ko’rdilar, hazrati eshonni ziyorat qildilar, so’ng dedilar:
- Juda fayzli joyga kelibsiz-da, bu yerdan hargiz qimirlamang.
Otamiz avvaliga mening bu yerga kelishimga ko’nmagandilar. Lekin meni ko’rib, hazratning xonaqohini ko’rib, rosa quvondilar.
Alloh mening tavakkulimga yarasha, poyezddayoq katta ustozning ukasi bilan birga qildi. Rizqimni ham komil qildi, ilmni ham berdi...”

Domla Hindistoniy rahmatullohi alayh ma‘ruzalari asosida tayyorlandi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.