background
logotype
image1 image2 image3

Hasan Basriy

Hasan Basriy (h. 21-110/728) - eng atoqli tobe’inlardan, hazrati Ali tarbiyalagan, ko‘plab sahobalar bilan uchrashgan, hadis va fiqhda buyuk olim bo‘lgan.



Sizlar xohlagancha ilm o‘rganaveringlar. Allohga qasamki, amal qilmaguningizcha Alloh sizlarga uning uchun ajr bermaydi. Ahmoqlar himmati rivoyat qilish, ulamolar himmati rioya qilishdir.
  
Olimlarning jazosi - qalblarining o‘lganidir. Qalbning o‘lishi esa ilmi va uxroviy amallari bo‘la turib, dunyoviy niyatlar ketida yurganidir.
  
Ilm talab qilinglar, faqat ilmni hilm (muloyimlik) va viqor bilan yashiringlar.
  
Olimlarning ilmini, faylasuflar nazariyasini to‘plab, amalda nodonlar darajasida ish ko‘ruvchilardan bo‘lma!
  
Olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qoni bilan o‘lchanadi. Shunda olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qonidan og‘ir keladi.
  
Olimlar bo‘lmaganida insonlar chorva mollari kabi bo‘lib qolardilar.
  
Olimlar yulduzlarga o‘xshaydi. Agar ko‘rinib tursa, odamlar ular bilan yo‘l topishadi. Agar ko‘zdan yo‘qolib, zulmatda qolsalar, qayoqqa yurishni bilmay hayron qolishadi.
  
Bir kishi ilm o‘rganib, so‘ng uni boshqalarga o‘rgatishi ham amal hisoblanadi.
  
Amal qilmay turib, jannatni talab etish gunohlardan biridir.
  
Allohga qasamki, qay bir banda do‘zaxga aniq ishonsa, unga keng dunyo tor bo‘lib qoladi. Munofiq esa do‘zax garchi mana shu devorning ortida turgan bo‘lsa ham, unga tushmagunicha shubha qilaveradi.
  
Ey Odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi. Bittasi o‘ng tarafingda turib yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi chap tomoningda yomonliklaringni bitadi. Nimani xohlasang, qilaver. Vafot etganingda sahifang berkitiladi va qabringda bo‘yningga osib qo‘yiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan.
  
Yaxshi gap - amri ma’ruf, nahiy munkar, qilmu avf, kechirim va shirin so‘zlardan iboratdir.
  
Alloh taolo hokimlarga uchta narsani bildirdi: havoyi nafsga ergashmaslikni, Alloh taolodan qo‘rqishni va insonlardan qo‘rqmaslikni, Alloh oyatlarini ozgina pulga sotmaslikni.
  
So‘z amal bilan durust bo‘ladi. Amal va so‘z niyat bilan durust bo‘ladi. So‘z, amal va niyat sunnat bilan durust bo‘ladi.
  
“La ilaha illalloh” - jannatning bahosidir.
  
Agar munofiqlarning gunohlari yer yuzidagi o‘simliklar singari bo‘lsaydi, oyoq bosishga joy topolmasdik.
  
Gunoh qilmaslik tavba qilishdan osonroq.
  
Mo‘min degan o‘z nafsining hokimi bo‘lmog‘i kerak. U nafsini Alloh uchun hisob berdiradi. Dunyoda nafs bilan hisob-kitob qilganlarning oxiratdagi hisob-kitobi osonroq o‘tadi.
  
Fikr - yaxshilik va yomonliklarni ko‘rsatadigan oina.
  
Kimning kalomi hikmat bo‘lmasa, u lag‘vdir,  kimning sukuti tafakkur bo‘lmasa, u sahvdir, kimning nazari ibrat bo‘lmasa, u lahvdir (o‘yindir).
  
Bir soatlik tafakkur kechasi bilan qoim turishdan yaxshiroq.
  
Oqillar zikrdan tafakkurga, tafakkurdan zikrga o‘tadilar. Qalblarining gapirishini talab qiladilar. Va nihoyat qalblari hikmatli so‘zlarni ayta boshlaydi.
  
Dunyo kezib oxiratini topganni ko‘rmadik, lekin oxiratini qidirib, dunyosini topganlarni ko‘rdik.
  
Alloh bandasi uchun biron yaxshilikni niyat qilganda, unga bir dunyolik beradi, u tugagach, yana beradi. Agar bandasining nazarida bu dunyolik haqir ko‘rinsa, unga ahamiyat bermasa, Alloh yanada mo‘lroq beradi.
  
Allohga ont ichib aytamanki, pul aziz qilgan har insonni Alloh xor aylagay.
  
Men shunday insonlarni ko‘rdimki, ular uchun dunyo hayoti shu sizlar kezib yurgan tuproqdan ham tuban. Dunyo ortdimi yo yo‘q bo‘ldimi, unga kulib boqdimi, bunga kulib boqdimi - hech ahamiyat bermaydilar.
  
Odamzot uch narsaga afsuslanib bu dunyodan ko‘chadi: to‘plagan moli va boyligi bilan to‘ymaydi, orzulariga erisholmaydi, oxirat hayoti uchun hozirligini qilolmaydi.
  
Eng quturgan hayvon ham pishiq qarmoq bilan ilintirishga nafsingchalik loyiq emas.
  
Pulni o‘ylab sarf qilmoq yarim foydadir.
  
Torlik-ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi.
  
O’lim dunyo hayotini bir pul qildi. Shu tufayli farosatli insonlarga quvonish uchun hech imkon qoldirmadi.
  
Quyoshning har botishida bir parcha kamayishing bor.
  
Yaxshi qo‘shni senga ziyon va tashvish yetkazmaydigan qo‘shni emas (aslida bunday qo‘shni ham yaxshi), balki sening yomonligingga chidab yashayotgan qo‘shnidir.
  
To‘rtta narsa kishining muruvvatidan: tilining rostgo‘yligi, birodarlarining xato-kamchiliklarini kechirishi, ahli zamonining taniqli kishisiga saxovat qilishi, tanish va qo‘shnilarga ozor berishdan tiyilishi.
  
Hammomga ikki izor bilan kirish durust. Birinchi izor avrat uchun, ikkinchisi - ko‘z uchun, ya’ni ko‘zini odamlarning avratidan to‘sish uchun.
  
Birodarlarimiz biz uchun ahli oilamizdan ham qimmatliroqdir. Chunki ahlimiz bizga nuqul dunyoni eslatadi, birodarlarimiz esa - oxiratni!
  
Xotinining   nafsoniy   orzulariga   bo‘ysungan   har   bir   erkakni   Alloh jahannam otashiga otmay qo‘ymaydi.
  
Kishi ahli ayoliga ishlatish uchun qarz so‘rab, keyin uni uzishga harakat qilsa-yu shu qarz bilan vafot etib qolsa, Alloh taolo uning da’vogarlarini rozi qiladi.
  
Ey odam bolasi, nega birodaringga hasad qilasan? Agar Alloh suyganligi sababli u bandaga ne’mat ato qilgan bo‘lsa, sen Alloh suygan bandaga qanday hasad qilasan? Agar uning mol-davlat topishiga boshqa sabab bo‘lsa (ya’ni, harom yo‘llar bilan topgan bo‘lsa), oqibatda do‘zaxga eltuvchi bo‘lgan mol-davlatning nimasiga hasad qilasan?
  
Kim senga gap yetkazsa, bilginki, sening gapingni ham boshqaga yetkazadi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.