background
logotype
image1 image2 image3

Yaxshilikning rahmati va yomonlik qabohati

Inson toki o‘zini mayda gap, o‘chakish, janjal, shikoyat, norozilik, ohu vohlardan ozod qilolmas ekan, u iflos va pastlik tabiatidan xalos bo‘lolmaydi.

Abu Ali ibn Sino


Makorimul-axloq (yuksak xulq) quyidagi o‘n xislatdan ibodatdir: saxovat va hayo, rostgo‘ylik va omonatni joyiga berish, kamtarlik va rashk, shijoat va halimlik, sabr va shukr.

Ali ibn Abu Tolib


Yomonlik butun nuqsonlar majmuidir.

Husayn Voiz Koshifiy


Qo‘rquv bilmayin desang, yovuzlik qilma.

Qobus


Kim yovuzlik urug‘ini sepsa, pushaymonlik yig‘ar.

Sa’diy Sheroziy


Qachonki savdogar kiyimning yaxshi tarafini ko‘rsatib, yomon joyini yashirib sotsa, o‘sha - yolg‘onchidir. Shuningdek, molini qorong‘u joyda ko‘rsatsa, shu kabi maxsining eng yaxshi poyini ko‘rsatib sotsa, u -firibgardir.

Abu Homid al-G’azzoliy


Biz - insonlar xuddi yaxshilikka undamaslik va yomonlikdan qaytarmaslik to‘g‘risida bir-birimiz bilan kelishib olganga o‘xshaymiz. Bu ketishda boshimizga qanday azoblar tushajagini koshki bilsaydik.

Molik bin Dinor


Birovga sog‘insa har kim yomonlik,
Nihoyat ul o‘zi topmas omonlik.

Abulqosim Firdavsiy


Yaxshiliklarning eng foydalisi sadaqadir.

Abu Ali ibn Sino 


Insonga «Nima ish yaxshidir?» dedi, - Xomushlik, xomushlik, yana xomushlik!

Ibn Kamolposhsho


O’z farzandingni yaxshi xulq-odobli va aqlli bo‘lishga o‘rgat. Kimki yoshlikdan yaxshi xulq-odob egallamas ekan, ulg‘ayganda undan bilim talab qilma.

Majididdin Xavofiy


Tunu kunni o‘tkazaman-u, ammo bugungi kunim kechagi kunimdan yaxshiroq bo‘lmayotir. Chunki zamona kundan-kunga halokat tomon bormoqda. Shunday ekan, kechagi kun bugungidan a’loroq, bugungisi esa ertangidan yaxshiroqdir.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Kim aqli bilan cheklansa, adashadi. Kim odamlarga kibr qilsa, xor bo‘ladi. Kim amalga berilsa, qiyinchilikka duchor bo‘ladi. Kim odamlar ustidan faxrlansa, sinadi. Kim ahmoqlik qilsa, haqoratlanadi. Kim razillar bilan suhbatdosh bo‘lsa, tubanlashadi. Kim ulamolar bilan o‘tirsa, viqorli bo‘ladi. Kim yomonlik ko‘chasiga kirsa, tuhmatga yo‘liqadi. Kim dinda dangasalik qilsa, o‘tirib qoladi.

Mansur ibn Ammor


Odamlarning yaxshirog‘i o‘z qalbida yaxshilikka yo‘l ochgani va yomonlikni hamda ochko‘zlikni haydab chiqarganidir.

Muhammad Zehniy


Yaxshilik va ezgulik yomonlikdan qochgani yanglig‘ yomonlik ham yaxshilikdan qochib ketadi.

Majididdin Xavofiy


Muloyimlik daraxtini ekkan kishi salomatlik mevasini teradi. Qiynalishdan qo‘rqib, o‘rganishni davom ettirmagan kishi ilmni egallay olmaydi. To‘g‘ri, haq gapirgan kishi hammaning ishonchini qozonadi. Dushman bilan yaqinlashgan kishidan uning do‘stlari qochadilar. Ishining oqibatini o‘ylagan kishi falokatlardan omon qoladi.

Abu Mansur as-Saolibiy


Yomonlar suhbatidin hazar et,
Yomonlar ulfatiga qo‘shilma, ket.

Ahmad Tabibiy


It qopmaydi, ot tepmaydi dema, negaki bu odat ularning tabiatida bordir.

Mahmud Qoshg‘ariy


Odam borki, odamlarning naqshidur,
Odam borki, hayvon undan yaxshidur.

Alisher Navoiy


Yolg‘on so‘zlash, ezmalik, takabburlik, chaqimchilik kishining obro‘sini yo‘qotadi. Vafodorlik, sabr qilishlik, shoshma-shosharlikdan parhez qilish va tavoze’ obro‘sini ko‘taradi.

Junayd Bag‘dodiy


Bolalarini pisand qilmagan millatlar inqirozi ularni yot qo‘llarga va yot madaniyatlar ixtiyoriga berib qo‘yganlari sababliki, ulardan ayrilishga mahkumdirlar.

Abdulla Avloniy


Kumushning tashqi ko‘rinishi oppoq bo‘lsa ham, qo‘lda va cho‘ntakda ko‘p ushlansa, qora yuqtiradi. Shunga o‘xshash ba’zi odamlarning so‘zlari zohirida kumush kabi porloq va toza ko‘rinsa ham, lekin qayg‘u va zarar keltiradi.

Jaloliddin Rumiy


Yaxshilar ketidan agar choparsan,
Istaging, baxtingni shunda toparsan.

Sa’diy Sheroziy


Haqiqiy va komil inson yomon xislatlardan, noma’qul va nomarg‘ub xulq-atvordan pok bo‘ladi, go‘zal sifat va axloq bilan o‘zini orasta qiladi, halol mehnat qilib umr kechiradi, yomonlardan chetlanadi, yaxshilar qatoridan joy oladi, hech kimga ozor bermaydi.

Aziz ibn Muhammad Nasafiy


Jiddu jahd - serharakatlilik, g‘ayrat va matonat bilan bir ishga kirishmoqlikdir. Bu sifat eng go‘zal sifatlardan bo‘lib, himmatga tobe’dir.

Husayn Voiz Koshifiy


Yaxshiga yaxshi bo‘l, yomonga yomon,
Gulga gul bo‘lgin-u, tikonga tikon.

Sa’diy Sheroziy


Yaxshilik qilganingizda Allohga hamd ayting, mabodo biror gunoh ish sodir etib qo‘ysangiz, albatta Allohdan mag‘firat so‘rang.

Abu ad-Dardo


Tinglashda birinchi, gapirishda esa oxirgisi bo‘l.

Efendi Kapiev


Insof - oliyjanoblik belgisidir.

Ali ibn Abu Tolib


Yaxshi qiliq, go‘zal muomala bir yo‘ldirki, u yo‘l bilan yurmasdan turib, izzat va sharaf manziliga yetib bo‘lmaydi. U yo‘lga qadam bosmasdan turib, vujud yukini hayvoniyat biyobonidan insoniyat dorilmulkiga eltib bo‘lmaydi.

Husayn Voiz Koshifiy


Odamlar bilan ularning aqliga monand gaplash.

Sa’diy Sheroziy


Agar yaxshilikka burishning bironta yo‘li bo‘lsa, mo‘min birodaringdan chiqqan so‘z haqida faqat yaxshi gumon qil.

Umar ibn Xattob


Jamiyatda bir odamning yomon xulqi hammaga ta’sir qiladi. Sachragan ozgina loy ming chandon ko‘p hajmdagi suvni bulg‘aydi.

Majididdin Xavofiy


Bu sham boshqa bir shamni yoqishi bilan nuridan hech narsa kamaymaydi.

Sa’diy Sheroziy


Yaxshi kishilar haqida yomon gumon qilish - badgumonlik. Lekin ahli fisqdan nima fosiqlik zohir bo‘lgan esa, shuni gumon qilishga haqqimiz bor.

Zajjoj


Buzuq niyatli va yomon axloqli kishilar o‘rtaga kirib olishi bilan ish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Abu Rayhon Beruniy


Biron qog‘ozga qo‘l qo‘ymoqchi bo‘lsang, biron odamni xafa qilib qo‘ymaslikni o‘yla!

Qozi Ahmad G’afforiy


Qo‘lda tosh bo‘lsa-yu tosh uzra ilon,
Jinoyat bo‘ladi urmasang shu on.

Sa’diy Sheroziy


Go‘zal fe’l-atvorning nishonasi o‘n narsadir: birinchi nishonasi -yaxshilik, ikkinchi - insofli bo‘lish, uchinchi - boshqa odamdan ayb qidirmaslik, to‘rtinchi - biror kishida nojo‘ya harakat ko‘rsa, uni yaxshi yo‘lga boshlash, beshinchi - bir odam o‘z aybiga iqror bo‘lib uzr aytsa, uzrini qabul qilish, oltinchi - boshqalar uchun mashaqqatni o‘z ustiga olish, yettinchi - faqat o‘z manfaatinigina ko‘zlamaslik, sakkizinchi - ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘lish, to‘qqizinchi - muhtojlarning hojatini chiqarish, o‘ninchi - muloyim va tavoze’li bo‘lishdir.

Husayn Voiz Koshifiy


Fojirlar bilan hamsuhbat bo‘lma, ularning fujurlaridan o‘rganasan.

Umar ibn Xattob


Kimsaki tark ayladi o‘z aslini,
Qayta izlar ro‘zg‘orin vaslini.

Jaloliddin Rumiy


O’z istagiga erishishga taqdir yordam bermagan kishiga malomat qilinmaydi.

Abu Rayhon Beruniy


Bir kishi sen bilan munosabatida xato qilsa-yu, senga uzr bayon etsa, uzrini qabul qilishni kechiktirma!

Abu Ali ibn Sino


Dahr orzularni yangilaydi, taqdirni yaqinlashtiradi, yomon istaklardan uzoqlashtiradi.

Ali ibn Abu Tolib


Vaqti-soati o‘tgandan so‘ng ijro bo‘ladigan  va’dadan hech bir yaxshilik bo‘lmas.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Ko‘nglimizga qo‘nmas birovdan g‘ubor,
Bizdan ham birovga yetishgay ozor.

Pahlavon Mahmud


Yaxshining so‘ngagi tuproqda chirisa ham, nomi qoladi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Ilonning bolasi ilondir, ilon,
Zaif shoxdan yomon mevadir nishon.

Faxriddin Jurjoniy


Bir joyda axloqsizlik yoyilsa, Alloh (yaxshi-yomonni ayirmay) barchaga birday balo yuboradi.

Abu Bakr Siddiq


O’zgalar g‘amini chekmasa odam,
Anga noloyiqdir inson, degan nom.

Sa’diy Sheroziy


Qadimda ezgu ishlarni ko‘p qilishardi, lekin gapirishmasdi. Keyin ham qiladigan, ham gapiradiganlar keldi. Endi esa faqat gapirishmoqda.

Umar ibn Horis


Yaxshilar bilan hamsuhbat bo‘lish va donolar bilan muloqot qilish saodatga eltadi.

Husayn Voiz Koshifiy


Foydasiz narsaga urinma.

Umar ibn Xattob


Kishilardan o‘zingga nisbatan qanday muomala kutsang, ularga o‘zing ham xuddi shunday muomala qilgin.

Abu Homid al-G’azzoliy


Kasalning vasiyat qilishi uning uchun yaxshilik keltiradi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Kimki baxt-iqbolli, solih kishilarning etagini tutsa, u albatta murodiga erishib, xayru baraka topadi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Yaxshilik haqida o‘ylashlik o‘sha yaxshilikka amal qilishga undaydi. Yomonlikka nadomat esa, o‘sha yomonlikni tark etishga chorlaydi.

Abdulloh ibn Abbos


Kimki ehtiyot sovutini kiyib olsa, zamon hodisalarining o‘qidan omon bo‘ladi.

Qozi Ahmad G’afforiy


Insonlarga marhamatli bo‘ling, qadringiz oshadi.

Ali ibn Abu Tolib


Chiyabo‘ri qo‘shnichilikka rioya qilib qo‘shnisini yemaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Agar bizni va roziligimizni istasang, buning ko‘ngillarni ishg‘ol qilish bilan amalga oshishini unutma!

Jaloliddin Rumiy


Alloh banda yaxshiligiga muhtoj emas, ammo bir yomonlik seni yaxshilikka eltsa ajab emas.

Ali ibn Abu Tolib


Kim o‘zining aybini bilsa, boshqa kishining aybi bilan ishi bo‘lmay qoladi. Kim taqvo libosidan yalang‘och bo‘lsa, unga hech kim parda tutolmaydi. Kim Allohning bergan rizqiga rozi bo‘lsa, boshqalarning qo‘lidagi narsaga xafa bo‘lmaydi. Kim zulm qilichini sug‘ursa, shu qilich bilan qo‘li kesiladi. Kim birodariga choh qazisa, unga o‘zi tushadi. Kim birovning parda-hijobini oyoqosti qilsa, o‘zining avrati ochiladi. Kim o‘z xatosini unutsa, boshqaning xatosini katta biladi. Kim katta ishlarga kirishsa va o‘ziga xatarli yo‘l topsa, halok bo‘ladi.

Mansur ibn Ammor


Odamlarga odamlarning yoqimlirog‘i odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va undan so‘ragani, Allohga odamlarning yomonrog‘i Undan behojat bo‘lgani va hech narsa so‘ramaganidir.

Fuzayl ibn Iyoz


Haromdan topilgan bir dirhamni tark etish yuz ming dirhamni sadaqa qilishdan afzaldir.

Abdulloh ibn Muborak


Yaxshi fe’l bilan odamlar ko‘nglini olib, o‘zingni yomon qiliqlardan saqlab yasha.

Ahmad Yugnakiy


Sabr ikki xil bo‘ladi: yomon ko‘rilgan narsaga chidamoqlik va yaxshi narsani eshitishga sabr etmoqlik.

Ali ibn Abu Tolib


Agar xalqning boshchisi yaxshi bo‘lsa, uning xizmatchilari yaxshi bo‘ladi.

Yusuf Xos Hojib


Shirinso‘zlik va muloyimlik baloni qaytarishga qodir.

Barxurdor ibn Mahmud


Kuchli odamlarga yarashmaydigan ish - kuchsizlardan qasos olish.

Almaiy


To‘g‘ri va haq yo‘ldan yurgan kishining qadam bosishi arslon yurishidan ham mahobatliroq haybatliroq dir.

Abdulqosim az-Zamaxshariy


Kechira olishlik - mardlik, kechira bilmaslik - nomardlik sanaladi.

Amir Temur


Vayron ko‘ngullarni karam changi bila obod qil.

Ogahiy


Payg‘ambarlar va ularning vorislari - avliyolar, ya’ni komil inson bo‘lganlar bashariyat niqobi bilan o‘ralgan quyoshlardir. Ularning himoyasida bo‘lki, senga doim yomonlik qiladigan nafsingning qo‘lidan qutulasan.

Jaloliddin Rumiy


Har na yaxshilik qilsang, qilki yurt uchun,
O’zingdan orttir-u o‘zgaga bermak uchun.

Haydar Xorazmiy


Yaxshi qiliq oq sut bilan kirsa, o‘lim kelib tutmaguncha o‘zgarmaydi.

Yusuf Xos Hojib


To‘rt narsa saodat dalilidir: to‘g‘ri so‘z, tavoze’, halol kasb-hunar, sir saqlash.

Husayn Voiz Koshifiy


O’zingga yaxshilik qilinishini istasang, yaxshilik qil, hech kimga ozor berma, yaxshilikni ulug‘ ish deb bil!

Sayyid Ali Hamadoniy

 
Kishi o‘zligidan yaxshi-yomon ham,
Qazo-yu qadaru quvonch yoki g‘am.

Umar Xayyom


Yaxshi odam bo‘lish uchun ibodat qilishning o‘zi kifoya emas, balki yaxshi qalbli, yomonlarni yomon ko‘ruvchi bo‘lish kerak.

Abdulloh ibn Mas’ud


Husni xulqdan yaxshilik ustiga yaxshilik qo‘shadigan, hasaddan ko‘ra yomonlik ustiga yomonlik qo‘shdigan narsa ko‘rmadim.

Najmiddin Kubro


Yomon, noraso e’tiqod bilan qilingan ezgu ish sarob va kul kabi hech qanaqa foyda bermaydi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Mening ikki toifadagi odamlarga: biror narsaga intilmaydigan iqtidorli odamga va qobiliyatsiz serhafsala odamga rahmim keladi.

Majididdin Xavofiy


Qutulishing qiyin bo‘lgan odamga nafratingni bildirma!

Xisrav


Eng yaxshi kishining ikki qo‘li ham to‘g‘ri bo‘ladi, u bir qo‘li bilangina emas, ikki qo‘li bilan yaxshilik qiladi.

Abu Yazid Bastomiy


Maqsad talabi yo‘lida himmatingiz onqadar bo‘lsinkim, basharti mening boshimga oyoq qo‘yib o‘tishga to‘g‘ri kelsayu va siz o‘tmasangiz - aslo kechirmasmen.

Bahouddin Naqshband


Itdan - kiyikka, mushukdan - kabutarga shafqat maholdir.

Alisher Navoiy


Yomon ham o‘tar, yaxshi ham - yaxshi bil,
Seni yaxshi nom birla yod etsin el.

Sa’diy Sheroziy


Adabli bo‘lmoq faqirlarga yo‘lanmakdir. Adabli bo‘lmoq dunyodorlarga ziynat va oroyish bag‘ishlaydi.

Abu Usmon Jaririy


Xo‘kizlar gunoh qilsa har qachon,
Poda sohibi to‘laydi tovon.

Sa’diy Sheroziy


Yomon fe’lli kishidan haromdan parhez qilgandek parhez qilinglar.

Abu Bakr Varroq Termiziy


Yaxshilarning suhbati bandani Allohga yaqin qilur.

Abdul Abbos


Evaziga narsa kutib qilingan yaxshilik-yaxshilik hisoblanmaydi, balki u oddiy oldi-berdidan iborat, xolos.

Abdibek Sheroziy


Go‘zal sifat va husni xulq siyratlari bezamagan kishini hech qanday chiroyli kiyimlar ko‘rkam qilolmas, gunoh va xatolardan saqlanmagan kimsaning qalbi sira aybdan forig‘ bo‘lmas.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Gar qilsa sitam kishi kishig‘a,
Go‘yo sitam aylamish o‘zig‘a.

Uvaysiy


Yomonlarga marhamat va yaxshilik qilish yaxshilarga zarar va alam keltiradi.

Alisher Navoiy


Odamlarga zarari ham, foydasi ham tegmaydigan kishidan faqirroq odam yo‘q.

Qobus


Yer yuzida yaxshilarga,
Yaxshilikdan yaxshi yo‘q.

Gadoiy


Odamlar ichida eng bo‘lmag‘uri istagi yo‘q kishidir.

Abay Qo‘nonboev


Shon-shavkat yuksak maqsad sari intilganning mulkidir.

Abulqosim Firdavsiy


Odamiyga yomon ayb shuki, o‘ziga ziyon yetkazadigan narsaga erishganiga shod bo‘lgay.

Hakim at-Termiziy


Kishini ranjitmoq juda ham yengil,
Ko‘nglin olmoq esa, unday emas, bil.

Nosir Xisrav


Mas’uliyatsiz, kayfu safo ichra yashash ishtiyoqi va gunohlar qalbni butunlay o‘rab oladi. Yaxshilik va haqiqat tuyg‘ulari endi qalbga qanday qilib kirsin?!

Abdulloh ibn Muborak


Yaxshilikni bilmasang, bori, yaxshilarga qo‘shul.

Alisher Navoiy


Yaxshi qo‘shni senga ziyon va tashvish yetkazmaydigan qo‘shni emas (aslida bunday qo‘shni ham yaxshi), balki sening yomonligingga chidab yashayotgan qo‘shnidir.

Hasan Basriy


Xalq yaxshi bo‘lsa, yaxshi boshliq keladi, xalq yomon bo‘lsa, yomon boshliq.

Ka’bul Axbor


Yaxshilik qilmishdir kim senga bir bor,
Yodingdan chiqarma sen uni zinhor.

Nosir Xisrav


Agar yomonlik qilmagan bo‘lsang, kishilardan hadiksirmagin. Hamisha o‘z qilmishingninghimoyatiga sig‘ingin.

Abdurazzoq Samarqandiy


Yordamini o‘zgalardan darig‘ tutmagan inson zikri keng yoyiladi.

Ali ibn Abu Tolib


Niyatlarga ko‘ra qancha-qancha ishlar ulug‘ bo‘ladi, yana qancha-qancha katta ishlar niyatlarga ko‘ra arzimasga aylanadi.

Abdulloh ibn Muborak


Bir musulmonning  og‘zidan chiqqan so‘zni yomonga yo‘yma,  sen  u  so‘zni yaxshilikka yo‘yishga harakat qil.

Umar ibn Xattob


Har bir kishi o‘ziga qarab ta’rif qilinsa, ishiga qarab tavsiflanadi, maqtaladi. Fazilat nasl-nasab bilan emas, aql-adab bilandir.

Abu Mansur as-Saolibiy


Quruq yog‘och egilmaydi, quruq novda gullamaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


O’zgalarga ozor berishdan saqlanish yaxshilik alomatlaridandir.

Ali ibn Abu Tolib


Bu eski olamda aylag‘il bunyod -
Bir narsaki, xalqing etsin seni yod.

Xusrav Dehlaviy


Kim o‘z sirini berkitsa, yaxshilik uning qo‘lidadir.

Umar ibn Xattob


Adabli  bo‘linglar,  chunki  u  muhtoj  paytingizda mol  bo‘ladi,  istig‘no vaqtingizda husn-jamol.

Abdulmalik ibn Marvon


G’oz qo‘zg‘olsa, ko‘lni o‘rdak egallaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Kechirish - eng yaxshi g‘alabadir.

Ali ibn Abu Tolib


Dunyodagi barcha ne’matlardan faqat yaxshi nom qoladi, hatto shuni ham qoldirolmagan odam baxtsizdir.

Sa’diy Sheroziy


Kim o‘zini tuhmat qilinadigan o‘rinda ko‘rsatsa, unga nisbatan yomon gumon qiladiganlarni malomat etmasin.

Umar ibn Xattob


Egrilik hosili qabohat erur,
To‘g‘rilik hosili saodat erur.

Abulmajd Sanoiy


Odamlar yoqtirgan  kishilari tarafini olib, yomon  ko‘rgan  kishilarini ta’na qilishadi.

Abu Rayhon Beruniy


Savdogarning moli toza, beshubha bo‘lsa, yo‘l ustida yeydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


To‘g‘rilikdan kelmish hamma yaxshi ot,
Egrilikdan foyda ko‘rmadi bir zot.

Abulqosim Firdavsiy


Har kimki poknazardir, jahonda mo‘‘tabardir.

Farididdin Attor


Agar havoda chang va tutun bo‘lmasa edi, kishi ming yil yashagan bo‘lardi.

Abu Ali ibn Sino


O’zgalar aybiga tetik nazar sol,
O’z aybing ko‘rgandek undan ibrat ol.

Nizomiy Ganjaviy


Yomondan nari yurish farz, bu qabohatning oldini oladi. Yaxshiga yondoshgan ayni muddao, bu fazilatga yo‘l ochadi.

Mu’iniddin Juvayniy


Qarindosh-urug‘ va do‘stlarning xato-ayblarini kechirish - muruvvat va oliyhimmatlilik belgisidir.

Fuzayl ibn Iyoz


Odamda bo‘lsa gar yaxshi tilak,
Xalq uchun tebratgusi doim bilak.

Anbar otin


Komil narsa ortiqchalikni ham, kamchilikni ham qabul etmaydi.

Abu Rayhon Beruniy


Saodatmand, dono odamlar xush fe’l-atvorni o‘zlariga abadiy najot sarmoyasi deb biladilar. Fursat, vaqtni qo‘ldan qochirmaydilar, g‘animat sanaydilar. Go‘zal axloq-odob bilan ziynatlanadilar.

Ziyoulloh


To‘g‘rini de, to‘g‘rini ko‘r, to‘g‘ri yur,
To‘g‘ri gapir, to‘g‘ri eshit, to‘g‘ri tur.

Abdurahmon Jomiy


Hakimlarning aytishicha, xushmuomalalikning o‘nta belgisi bor: insof, aql, ilm, hilm, oliyjanoblik, ko‘rkam fe’l, yaxshilik, sabr, shukr, muloyimlik.

Qayum Nosiriy


Birovni biron ayb bilan ayblamaslik - oqillik belgisi. Agar men birovni qachondir ayblab qo‘ygan bo‘lsam, yigirma yildan keyin bo‘lsa ham, jafosini tortganman.

Yahyo ibn Maoz


Tamom umringizda har bir yomonlikdan va bekorchilikdan saqlaning. Inson o‘z uyining eshigini bekitib, vujudini saqlay oladi-yu, lekin qalbining eshigini bekitishdan ojiz bo‘ladi. Qalbiga qayg‘u, alam ko‘p vaqt hujum qilib turadi.

Abul A’lo al-Maariy


To‘rtta narsa kishining muruvvatidan: tilining rostgo‘yligi, birodarlarining xato-kamchiliklarini kechirishi, ahli zamonining taniqli kishisiga saxovat qilishi, tanish va qo‘shnilarga ozor berishdan tiyilishi.

Hasan Basriy


Muruvvat oltita, uchtasi muqimlikda, uchtasi musofirlikda bo‘ladi. Muqimlikdagisi - Qur’on tilovati, Alloh taoloning masjidlarini obod qilish, Alloh yo‘lida birodar tutinish. Musofirlikdagisi - ozuqani sarf etish, sheriklarga kam xilof qilish, Allohga osiy bo‘lmaydigan o‘rinlarda hazil-mutoyiba qilish.

Robiatur-Ra’y


Yoyni egri ko‘rib, to‘g‘riligidan o‘q undan qanchalik qochganiga boq.

Pahlavon Mahmud


Qayda ravshan bo‘lsa to‘g‘rilik nuri,
Egrilik so‘nadi, quriydi sho‘ri.

Abulqosim Firdavsiy


Qabohatli suvrat, chirkin yuzning va yomon chehraning orqasida yaramas xulqdan boshqa narsa yo‘qdir.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Donishmandlar: «O’z g‘arazi, manfaatinigina ko‘zlagan odam qarindosh, xesh-aqrabo emasdir», deganlar.

Sa’diy Sheroziy


Ikki narsani kishi o‘zidan quvolmaydi: biri soya, ikkinchisi - badfe’llik.

Xurramiy


Adab kichik yoshdagilarni ulug‘lar duosiga sazovor etadi va u bu barakotdan umrbod bahramand bo‘ladi.

Alisher Navoiy


Adab - irfon ilmi ichradur sham’.

Anbar otin


Beg‘araz o‘git misoli qanddir,
G’arazli o‘git oyoqqa banddir.

Abdulmajd Sanoiy


Vijdon azobiyu ta’nadan to‘g‘ri bo‘lmagan kimsani ta’lim-tarbiya va qiynash bilan ham to‘g‘rilash amri mahol.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Ishining mazasi bo‘lmagan kishining nasabi ish bermay qo‘yadi.

Ali ibn Abu Tolib


Yaxshilik chirimaydi va yomonlik unutilmaydi.

Abu ad-Dardo


Agar tarbiyat ko‘rmasa odam,
Eshak bo‘lib qolur yuzga kirsa ham.

Sa’diy Sheroziy


Qalb-tanada podshoh, a’zolar esa uning lashkarlaridir. Demak, a’zolar neki amal qilayotgan bo‘lsa, hammasi qalb amri bilandir.

Ahmad ibn Taymiyya


Odamning tashqi qiyofasiga emas, ichki dunyosiga e’tibor berish kerak. Agar odamning tashqi qiyofasi ham, ichki dunyosi ham go‘zal bo‘lsa, yanada yaxshiroqdir.

Aziz ibn Muhammad Nasafiy


Yaxshilarni sevib, siz haqingizda haq bir gap aytilganida qabul qilar ekansiz, xayr-barakot ichidasiz.

Abu ad-Dardo


Pastkash kimsaning o‘z nasl-nasabini maqtab, u bilan faxrlanishi chanqoq kishining suv shu’lasi (sarob)ni ko‘rib aldangani kabidir.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Kimdaki bo‘lmasa zamona g‘ami,
Yo olamdan emas, yo emas odam.

Pahlavon Mahmud


Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qiluvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, o‘g‘rilar, giyohvandlar va nashavandlar... kecha tarbiyalariga e’tibor berilmagan bolalardir.

Abdulla Avloniy


Agar buzruk va donolardan bo‘lmoqni xohlasang, o‘z suratingni boshqalar oynasida ko‘rgin.

Jaloliddin Davvoniy


Yaxshilik mol va farzandlarning ko‘pligida emas. Yaxshilik keng fe’lli, axloqli bo‘lish, ilm olish va Allohga ibodat qilishda boshqalarga ibrat bo‘lishdadir.

Abu ad-Dardo


Insoniylik shafqat va marhamat bilan boshlanadi va nihoyasiga yetadi. Insoniylikning asli shafqat va marhamatdir.

Muhamad Kamol Pilav


Sizga uzatilgan hamma qo‘lni tutavermang, chunki inson niqobidagi necha shaytonlar bordir.

Jaloliddin Rumiy


Boshqani yo‘lga solaman, deb adashganlar juda ko‘p.

Shahobiddin


O’z qo‘ling bilan ado eta olmagan yaxshilikni boshqaning qo‘li bilan hech qachon qilolmaysan.

Vahb ibn Munabbah

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.