Dunyoning muhabbati va oxirat nadomati
Mol-dunyoni qancha termagin, u tugaydi, ozayadi. Yozilsa-chi, so‘z abadiy qoladi, olamni kezadi.
Allohga osiy bo‘lmaslik - ulug‘likdir. Dunyoni oxiratdan afzal ko‘rmaslik - hakimlikdir.
O’lim yo‘lda turib, bizni kutmoqda. Inson esa sayr qilish va umrni behuda sarflash bilan ovora.
Bu dunyo va uning mol-mulkiga ko‘ngil qo‘ymagin. Chunki hech bir kishi undan vafo ko‘rmagan.
Mol-dunyoim ko‘p, deb kibrlanmagin. Mol-dunyoning foydasi nimaga arziydi?! (O’lganda) yalong‘och ketasan. Hamyoning, to‘rvang, boylik to‘la sandig‘ing - bari qolib ketadi.
Boylikka hirs qo‘yish - joduning sirtmog‘iga tushib qolish bilan barobar.
Faqat qalbida oxirat tushunchasi bo‘lgan kimsagina yomonliklardan uzoq tura oladi.
Dunyoning azizligi mol bilan, oxiratning azizligi solih amallar bilan.
Bizdan oldin kelib-ketganlarning bu dunyoda izlari bor, bizdan keyin keladiganlarga esa biz iz qoldiramiz. To‘g‘ri iz qoldirgan kishi qandayin baxtli!
Dunyoni yamadik yirtib olib dinimizdan,
Din ham ketdi, dunyo ham ketdi qo‘limizdan.
Dunyoning qiyinchiligi to‘rtta: g‘urbatda kasallik, qarilikda yolg‘izlik, hech narsasi bo‘lmaganda qarzdorlik, safarda uzoq yo‘l.
Dunyo kezib oxiratini topganni ko‘rmadik, lekin oxiratini qidirib, dunyosini topganlarni ko‘rdik.
Dunyosini tark etib, faqat oxirati uchun amal qilgan odam ham yoki oxiratini tark etib faqat dunyosi uchun amal qilgan odam ham sizlarning yaxshilaringiz emas. Balki unisiniyam, bunisiniyam ushlagan odam yaxshilaringizdir.
Dunyo - ilon, ilonbozdir dunyo qidirgan, ilonbozdan qasdin olur ilon oqibat.
Dunyoning ichiga kir, sayr qil, ammo ehtiyot bo‘l - dunyo sening ichingga kirmasin!
Alloh bandasi uchun biron yaxshilikni niyat qilganda, unga bir dunyolik beradi, u tugagach, yana beradi. Agar bandasining nazarida bu dunyolik haqir ko‘rinsa, unga ahamiyat bermasa, Alloh yanada mo‘lroq beradi.
Bu dunyoning adolatsizligi shundaki, u insonni mehnatiga yarasha taqdirlamaydi: yo xizmatini oshirib baholaydi, yo kamsitib.
Bir bandaga dunyo molidan nima yetsa, saxiy bo‘lsa ham, Alloh nazdidagi darajasi pasayadi.
Kim musulmon bo‘lib, badani ham sog‘lom bo‘lsa, unda dunyo va oxirat ne’matlarining kattasi jamlanibdi. Chunki dunyo ne’matlarining sayyidi - salomatlik, oxirat ne’matlarining sayyidi - Islomdir.
Alloh o‘rtaga qo‘ygan mashru’ (qonuniy) yo‘l bilan topganlaringga qanoat qil. Halol bo‘lmagan biron narsani o‘zingga mol deb bilma. Halol molingni va halol topganingni o‘z o‘rnida sarfla. Shunda dunyo sevgisi senga zarar bermaydi.
Hukmdorlarning va qirollarning dabdabali yashashlariga qarama, ularning qanday tezlik bilan bu olamdan ko‘chib ketayotganlariga va hayotlarining xotimasi yomonligiga qara.
Eh, bizlar bu dunyoda faqir va bechorahol bo‘lishdan qo‘rqamiz. Ammo oxiratda faqir, nochor va rasvoyi jahon bo‘lishdan qo‘rqmaymiz. Holbuki, biz - bandalarning yaxshi amallarga faqiru kambag‘al bo‘lishimiz bu dunyodagi kambag‘alligimiz va nochorligimizdan qo‘rqinchliroq va uyatliroqdir.
Dunyoning musaffoligi ketgan, oqavasi qolgan. O’lim musulmon uchun sovg‘adir.
Allohga ont ichib aytamanki, pul aziz qilgan har insonni Alloh xor aylagay.
Pul - munofiqlarning tizgini, ular otashdan qochmoqchi bo‘lib turganlarida pul tizgin bo‘lib turadi.
Pul - chayondir, agar halolidan topmasang va o‘rnida ishlatmasang, yaqinlasha ko‘rma. Chunki chaqsa, zahari seni o‘ldiradi.
Dunyoda sevintiruvchi biron narsa yo‘qki, ketidan xafa qiluvchi bir narsa kelmasa.
Dunyo hayotining mas’uliyatsiz, iflos va g‘ayriaxloqiy yo‘rig‘iga kirish oson, lekin chiqish qiyin.
Ey odamzot, amalingga erishganda sevinding, lekin bilib qo‘yki, ajaling yaqinlashdi, umring bitayotir. Kelajak uchun oldindan yiqqanlaringning foydasini boshqalar ko‘radi.
Kim a’zolarining nafsoniy orzulariga bo‘yin egib, ularni shod etgan bo‘lsa, bu - qalbiga nadomat niholini o‘tqazgan, deganidir.
Quruq nondan nariga o‘tgan - nafsoniy orzularni hozirlagandir.
Arzimagan bir dunyolik kishini buyuk uxroviy masaladan qoldirib yuboradi.
Dunyoda hech bir narsa yo‘qki, sendan ilgari uning egasi bo‘lmagan bo‘lsin. Yana hech bir narsa yo‘qki, sendan keyin egasi bo‘lmasin.
Bu dunyoning ne’matlari bamisoli ilohiy g‘azabga uchraganday nopok kishilarga nasib bo‘ladi.
Dunyo molining sarmoyasi havoyi nafsdir. Topgani esa jahannam otashidir.
Dunyoda nafsoniy orzularni sevgan kishi xorlikka hozirlansin.
Bir millatda ishonchli kishilar ozaysa, dinini sotib dunyo yig‘uvchilar ko‘paysa, u millat orasida fitna bolalaydi.
Kim dunyolikni qattiq istasa-yu, unga bu berilsa, bunga hech qachon qanoat qilmaydi, yana istaydi. Kim oxiratlikni qattiq istasa-yu, unga bu berilsa, u ham bunga qanoat qilmaydi, yana istaydi. Na dunyolik orzularining, na-da oxiratlik orzularining so‘nggi bordir.
Dunyo shaytonning do‘konidir, undan biron narsa o‘g‘irlamaki, shayton uni olishga kelib, sening dodingni bermasin.
Qalbda pok tuyg‘ular va oxirat qo‘rquvi bo‘lgan bir paytda nafsning havoyi orzulariga berilgan bir hayot keladi-da, uning tinchligini buzib, o‘ziga bir joy ochmoqchi bo‘ladi.
Kishining yuragida dunyo xayoli va oxirat xayoli yuzma-yuz keladi. Qay biri g‘olib chiqsa, ikkinchisi unga tobe’ bo‘ladi.
Oltin-u kumush jamg‘arishga mayl qo‘yish nafsning nuqsonidir.
Kambag‘allik - dunyoda ofat, oxiratda rohatdir. Boylik - dunyoda rohat, oxiratda ofatdir.
Dunyo va oxirat yaxshiligini Rasul alayhissalomning sunnatlariga ergashishda ko‘rdim.
Dunyo hayotida sog‘lom odam xastadir. Zavqu safo surgan odam oxiri pushaymon bo‘lgusidir. Faqir odam hazindir. Boy odam baloga giriftordir. Molining halolining hisobi, haromining azobi bor, shubhali foydalardan ozor topilgusidir.
Havoyi nafsga berilib yashashdan saqlaning.
Bu dunyoda moli omonat, o‘zi mehmon bo‘lmagan biron kimsa yo‘q. Mehmon degan doimo keladi va ketadi, omonat esa egasiga berilishi kerak.
Bas! Dunyo va dunyo hayotidan bahslashib, uni yomonlamang! Agar qalbingizda dunyo sevgisi bo‘lmasaydi, uni yodga olmasdingiz. Zero, kim bir narsani sevsa, o‘shani ko‘p zikr etadi.
Hech kimga ozor bera ko‘rma - dunyo barchaga barobardir.
Dunyoyu oxirat yaxshiligini qanoatda, yomonligini ta’mada ko‘rdim.
Men shunday insonlarni ko‘rdimki, ular uchun dunyo hayoti shu sizlar kezib yurgan tuproqdan ham tuban. Dunyo ortdimi yo yo‘q bo‘ldimi, unga kulib boqdimi, bunga kulib boqdimi - hech ahamiyat bermaydilar.
Agar dunyo halol bo‘lsa ham va oxiratda hisob so‘ralmasa ham, bordi-yu menga berilsaydi, siz najasotdan qanday jirkansangiz, men ham dunyodan shunday jirkanardim.
Dunyo hayotida qo‘lga kiritolmagan narsalaring uchun qanchalik achinsang, oxirat tushunchasi qalbingdan shunchalik o‘chiriladi.
Dunyo hayoti bilan oxirat hayoti bir erkakning ayni vaqtda nikohida bo‘lgan ikki xotiniga o‘xshaydi. Biri mamnun bo‘lsa, ikkinchisi kuyaveradi.
Ko‘rdimki, Alloh dunyo qulligidan ozod qilgan kishigina haqiqiy hur ekan.
Shohlikdan, boylikdan aylama so‘roq,
Dunyo mashmashasi qalbida buloq.
Ortiqcha orzu-havasga berilish va har narsani keyinga qoldirish -parishonlik va bema’nilikdir.
Dunyo bir matokim, uning ketidan hirs qo‘yib yurmagil, o‘tgil yuzidan.
Nega nafsingga bo‘lursan tobe’,
Nega umringni qilursan zoe?!
Ko‘zingizni hayotda kattaroq ochingki, o‘layotib xotirjam yumasiz.
Sharq Haqni topdi, dunyodan kechib,
G’arb dunyo topdi, Allohdan kechib.
Ey xoja, qachongacha boylik to‘playsan, ular o‘limingdan keyin qolib ketadi-ku! Agar Xorun xazinasini jamlasang ham, baribir sening ta’magirliging va ochko‘zliging tugamaydi.
Pulu molga bo‘lgan tashnalik suvga bo‘lgan tashnalikdan ko‘ra dahshatlidir.
Agar ne’matning bir chekkasiga erisha olsangiz, noshukr bo‘lib undan uzoqlashmang, yuz ham o‘girmang.
Kim Allohdan dunyolik istasa, u hisob-kitob kuni Allohning huzurida ko‘proq turishni xohlaydi, deganidir (ya’ni, boyligini kerakli joyga ishlatmasa, uzundan-uzoq hisob berishga majbur bo‘ladi).
Har bir yangi narsada lazzat bor.
Ne’matlarning eng yaxshisi - harakat qilib erishilgani. Do‘stlarning eng yaxshisi - Alloh taoloni eslatgani. Qalblarning eng nurlisi - ichida mol-dunyo sevgisi bo‘lmagan.
Dunyo havasi Allohdan g‘ofil qolishdir.
Badaning uchun dunyoni, ko‘ngling uchun oxiratni lozim tut. Dunyo tanni semirtiradi, oxirat fikri ko‘ngilni o‘stiradi.
Bugunning chorasini ko‘rib, ertaga ehtiyoji qolmagan kishi aqllidir.
Orzu - tamannoga berilmaslik eng sharafli boylikdir, orzuning o‘zi yomon bir amaldir.
Kundalik rizq ko‘p, qayg‘uraverma. Shu bilan birga mol orttiraman, deb o‘zingni ko‘p qiynaverma. Chunki har kim o‘z nasibasidan ortiq bitta ham don yeya olmaydi.
Kimki o‘z nafsi-balosiyu orzu-havasi domiga tushib qolsa, u beshak o‘zini-o‘zi chuqur qa’riga tashlagani muqarrar.
Odamzot uch narsaga afsuslanib bu dunyodan ko‘chadi: to‘plagan moli va boyligi bilan to‘ymaydi, orzulariga erisholmaydi, oxirat hayoti uchun hozirligini qilolmaydi.
Mol-dunyoing seni aldamasin, chunki asragan mol-dunyoing boshqalarniki bo‘ladi. Ularni sarf eta olsang, o‘sha seniki bo‘ladi.
O’z nafsingga hokim bo‘lmasang, uni o‘z hukmingda tutasan. Aks holda undan g‘olib chiqib, ushlab tura olmaysan.
Boylikni topishibdi-yu aql-idrokni yo‘qotishibdi. Ajabo, topgan narsalari bilan yo‘qotgan narsalarining bahosi bir xilmidi?
Badbaxtlik to‘rttadir: ko‘zning quruqligi, qalbning qattiqligi, orzu-havasning uzunligi, dunyoga hirs qo‘yish.
Qalbida oltin va kumushlarni yaxshi ko‘rgan odam sariq chaqa evaziga minglab odamlar qonini to‘kishi mumkin.
Ochko‘zlik - kambag‘allik, qanoat - boylikdir. Kimningki ko‘zi odamlarning mol-mulkida bo‘lmasa, ularga muhtoj bo‘lmaydi.
Orzu-havas qalbda bir ipdir, bir uchi oyog‘ingga bog‘langan. Qalbingdagi orzu-havasni chiqargin, oyog‘ingdagi bog‘ yechilsin.
Kim agar o‘sibdi nozu ne’matda,
Holi og‘ir bo‘lar, qolsa kulfatda.
Haddidan oshmasin orzuning ko‘pi,
Tog‘ni ko‘tarolmas bir somon cho‘pi.
Tijorat tirikchilik o‘tkazish uchun yoki boylik orttirish uchun bo‘ladi. Agar xayr va hasanotni o‘ylamasdan, faqat boylik to‘plash uchun tijorat qilinsa, bu savdo maqbul emasdir. Zero, faqat moddiyat uchun harakat qilmoq «xatolarning boshi bo‘lgan» dunyoga hirs qo‘ymoqdir.
Pulning qaerdan va qanday kelayotganini bilmoqchi bo‘lsang, qaerga sarf qilinayotganiga qaragin.
Mol-dunyo hasrati qilmasin abgor,
Mangu yashar kishi qani, qayda bor?!
Ey inson, qo‘llaringdagi zanjirlarni yech, hur bo‘l! Tokay oltinning, zeru zabarning asiri bo‘lasan?!
Oltin-kumush chayondir. Uning afsunini o‘rganmaguncha qo‘l uzatmagilki, seni halok qilur. Uning afsuni (duosi va yo‘li) haloldan topib, haq-rostga xarj qilmoqdir.
Dunyo - mo‘minlarning bozori, kecha va kunduz - sarmoyalari, go‘zal amallar - tijorat mollari, jannat - foydalari, jahannam esa zararlaridir.
Senki dunyoga tolibdursan, dunyo sening sultoningdir, halok bo‘lmog‘ing uning qo‘lidadir. Vaqtiki dunyodan yuz o‘girsang, dunyoning sultoni bo‘lursan.
Dunyodorlar darveshlarga tavoze’ qilsa, din-iymonini saqlagan bo‘lurlar, darveshlar dunyodorlarga tavoze’ qilsa, gunohkor bo‘lur.
Ey inson, bu olamdagi junbush va dabdabaga aldanma! Uyquda ko‘rgan tushingda vujuding qiyma-qiyma bo‘lsa ham, qo‘rqma! Zero, bu dunyo bir uyqudan ibodatdir.
Ko‘rdimki, umr va dunyodan ko‘ra tez o‘tib ketadigan, o‘lim va oxiratdan ko‘ra yaqinroq, orzudan ko‘ra uzunroq, xotirjamlikdan ko‘ra go‘zalroq narsa yo‘q ekan.
Binoni me’morsiz, amrni amr qiluvchisiz, tadbirni chora-tadbir oluvchisiz, dasturni tuzuvchisiz, mahkamani hokimsiz, san’atni san’atkorsiz, ishni bajaruvchisiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmaganidek, aqllarni hayratlantirgan bu koinot ham o‘z Yaratuvchisiga egadir.
Dunyoga muhabbat qo‘yish - o‘g‘rilik, zulm, haqsizlik, adolatsizliklarning qilinishiga, jamiyatning qonun va nizomlari buzilishiga sabab bo‘ladi.
Bizni dunyo va oxirat saodatiga boshlovchi narsa, albatta, Allohning eng buyuk ne’mati - Aqldir.
Bilib qo‘yki, sen o‘z dunyongda amaling urug‘larini ekmoqdasan. Dunyong -sening dalang. O’lim oni - yig‘im-terim zamoning, oxirat esa xirmoningdir. Nima ekkan bo‘lsang, o‘sha narsani yig‘ib-terib olasan, xolos.
Biz dunyoga manmanlik uchun kelmadik. Biz sevgi uchun, boshqalarning mehrini qozonish, maxluqotni yaxshi ko‘rish, yaratilgan narsalarga shafqat, muhabbat ko‘rsatish uchun keldik.
Eng johil inson oxiratini birovning dunyosi uchun sotgan kishidir.
Dunyo nash’ali, ammo asl joyimiz emas. Oxirat uchun ham harakat qilishimiz kerak.
Ey insonlar! Siz qay zamon tugashi sizga noma’lum bir umr ichida kun va tunlaringizni o‘tkazmoqdasiz. Agar qo‘lingizdan kelsa, bu hayotingizni solih amallar bilan o‘tkazing. Buni ham faqat Alloh taoloning yordami bilan amalga oshira olasiz. Ajalingiz sizdan ishlash fursatini olib qo‘ymasdan turib, imkoniyatlaringizni ishga soling, xayrli amallarga shoshiling. Zero, ajallarini unutgan, amallarini boshqalarga tashlagan kimsalar ham bordir. Zinhor ular kabi bo‘lmang. Tezroq bo‘ling, g‘aflatda qolmang... Yashayotgan kishilarga emas, o‘lganidan so‘ng ular ortda qoldirayotgan go‘zal narsalarga havas qiling!
Siz o‘tkinchi bir hayot uyidasiz va umringizning qolgan qismi ham o‘tishini kutmoqdasiz... Unutmangki, bu dunyo yolg‘on va aldov ustiga bino bo‘lgan.
Allohdan qo‘rqqan kimsa jahl qilmaydi va xohlagan har ishini bajaravermaydi. Agar oxirat bo‘lmasa edi, dunyoni bu tarzda ko‘rmas edingiz.
Ham dunyo, ham oxirat uchun harakat qilmagan odamni xushlamayman.
Dunyodagi ulushing seni albatta qidirib topadi. Sen undan ko‘ra oxiratdagi ulushingga muhtojroqsan. Binobarin, sen oxiratdagi ulushingni tanla!
Dunyoda ekinlar ekib-o‘rgan, baland koshonalar qurgan, uzoq vaqt zavqu safo surgan dunyoning o‘g‘illari, do‘stlari bugun qaerda? Dunyo ularni yutib yubormadimi? Jalil Alloh dunyoga naqadar ahamiyat bermaganidek, siz ham unga shunday berilmang. Oxirat uchun harakat qiling.
Alloh xohlasa, bu dunyoda beradi, xohlasa, oxiratga qoldiradi. Alloh dargohidagi ajr-mukofotlar tavakkul qilganlar uchun dunyo manfaatlaridan yanada ustun va bitmas-tuganmasdir.
Dunyo g‘ami o‘tkinchidir. Abadiy qoladi, deb siqilma.
Dunyo ila oxirat ikki oilasi bor kishiga o‘xshar. Inson birini rozi qilarkan, ikkinchisini ranjitadi.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- 6 diniy kalima
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Tahorat kitobi
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.