background
logotype
image1 image2 image3

Donolikning hikmati va nodonlik shaqovati

Agar sen ilmning bahosini bilmoqchi bo‘lsang, donolardan so‘ra. Quyoshning shu’la taratishini ko‘zi ravshanlardan so‘ra. Nodon sening qancha javohirga egaligingni qayoqdan bilsin, qimmatbaho gavhar qadrini sen bizlardan so‘ra!

Majididdin Xavofiy 


Chin olim hiyladin uzoqdir, uzoq, Nurning o‘z soyasi bo‘lmaydi hech choq.

Amir Xusrav Dehlaviy


Johilning uzun hassasi bor, lekin uning bir uchi doimo o‘zining boshida turadi.

Qozi Ahmad G’afforiy


Og‘irchilik va g‘amginlikda qurilgan oqil suhbati bazm va ishratda o‘tkazilgan johil suhbatidan afzaldir.

Majididdin Xavofiy


Odamlar bilmagan narsalariga dushmanlik ko‘zi bilan qaraydilar.

Abu Rayhon Beruniy


Qobiliyat egasining boshini silamaslik - zolimlik, iste’dodi yo‘qni tarbiyalash - johillik.

Mu’iniddin Juvayniy


Barcha olimlar va hikmat ahllari Na’im (ne’mat) jannatiga faqat nafsoniy orzu-havaslarini tark etish bilan yetajaklari haqida bir fikrda bo‘lganlar.

Ja’far ibn Homid


Rivoyatlardan ma’lumki, hind olimlari ko‘p umr ko‘radilar, ularning fikr qilish qobiliyati ham kuchliroq. Buning asosiy sababi ovqatni kam iste’mol qilishdadir.

Majididdin Xavofiy


Bechora eshakki betamizdir,
Yuk ko‘targani uchun azizdir.

Sa’diy Sheroziy


Mansabdor mol to‘playdi, oqil esa - fazilat.

Mu’iniddin Juvayniy


Yunon faylasuflari avom xalqi uchun emas, balki yuqori tabaqalari uchun usul va qoidalar ishlab chiqqanlar.

Abu Rayhon Beruniy


Oqilning qo‘rs odam bilan suhbatda bo‘lishi johilning aysh-ishratga mukkasidan ketishiga o‘xshaydi.

Mu’iniddin Juvayniy


Qalb sirlarning idishidir, lablar uning qulfi, til esa kalitidir. Bas, har bir kishi sirining kalitini saqlasin.

Umar ibn Abdulaziz


Mening ayblarimni ko‘rsatgan kimsani Alloh marhamatiga olsin.

Umar ibn Xattob


O’qishni bilsangiz, har bir inson bir kitobdir.

Ali ibn Abu Tolib


Barcha ishlarimning to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat bilan, qolgan bir ulushini esa qilich ila bajo keltirdim.

Amir Temur


Bilmagan narsalarimni oyog‘im ostiga qo‘yganimda boshim ko‘kka yetardi.

Imomi A’zam


Erim Abu Zarr kunduzlari uyning burchagida jimgina tafakkur qilib o‘tirar edilar.

Ummu Zarr


Gapirishda sukutdan, anglab yetishda fikrdan madad olinglar.

Imom Shofe’iy


Fikr - yaxshilik va yomonliklarni ko‘rsatadigan oina.

Hasan Basriy


Shuhrat ofati Haq sevgisini so‘ndiradi.

Muhammad Kamol Pilav


Aqlini ishlatgan odam aqllidir. Boshqalarningham aqlini ishlatgan odam undan-da aqlliroqdir.

Ali ibn Abu Tolib


Ibrat ilmni, zikr muhabbatni, tafakkur xavfni (Allohdan qo‘rqishni) kuchaytiradi.

Hotam Asom


Fikr qalbga kiruvchi nurdir.

Sufyon ibn Uyayna


Insonlar Allohning azamati haqida fikr yuritganlarida Unga osiylik qilmasdirlar.

Bishr Hofiy


Kimning kalomi hikmat bo‘lmasa, u lag‘vdir,  kimning sukuti tafakkur bo‘lmasa, u sahvdir, kimning nazari ibrat bo‘lmasa, u lahvdir (o‘yindir).

Hasan Basriy


Nabiy   alayhissalomning   sahobalari:   «Tafakkur   -   ilmning   nuri», deganlarini ko‘p eshitganman.

Amir ibn Abdu Qays


Yaxshi narsa haqida tafakkur etish unga amal qilishga undaydi, yomon narsa haqida o‘ylash undan qochishga undaydi.

Abdulloh ibn Abbos


Qalb ko‘r bo‘lganidan keyin ko‘zning ko‘rishligidan foyda yo‘qdir.

Ali ibn Abu Tolib


Har nafasda ayladik yuz ming gunoh,
Bir gunohga urmadik hech bir kun oh.

Sulaymon Chalabiy


Bir soatlik tafakkur kechasi bilan qoim turishdan yaxshiroq.

Hasan Basriy


Johilning bilaman, deyishi - ko‘rning ko‘raman deyishiga o‘xshaydi.

Muhammad Kamol Pilav


Bahslashaman  deb   yuzlarcha   fuqaroni   yo‘ldan   ozdirgan   kimsa   birgina kishini haqiqat yo‘liga boshlagan odamdan yuz karra tubandir.

Abay Qo‘nonboev


Oqil chin so‘zdin o‘zgani demas, ammo barcha chinni ham demak - oqil ishi emas.

Alisher Navoiy


Qalbning qanaqaligini amal ko‘rsatadi.

Muhammad Kamol Pilav


Dono kishining tili uni baxtsizlikdan asraydi. Yaramas kishining tili esa uning boshiga kulfat keltiradi.

Majididdin Xavofiy


Oqil, dono kishi aql ishlatib, ma’nosiz, behuda ishlardan chetlanadi. Aqlsiz, nodon odam esa doimo o‘zini maqtab sirlarini ochadi.

Abdiy


Kishi farosatda qancha nogiron,
Aybini oqlashda shuncha bilag‘on.

Xusrav Dehlaviy


Fanning ibtidosi - aql, aqlning ibtidosi esa - sabr-toqat.

Efendi Kapiev


Og‘izga kelganni demak - nodonning ishi,
Oldig‘a kelganni yemak - hayvonning ishi.

Alisher Navoiy


Tahsil   olish   mashaqqatini   tortgan   odam   johillik   kasaliga   duchor bo‘lmaydi.

Majididdin Xavofiy


Donishmand   va   olimlarning   xulqlaridan   o‘rnak   olish   yaxshi   xulqni tiriltiradi, yomonni yo‘q qiladi.

Abu Rayhon Beruniy


Ziyraklar suhbati etar baxtiyor,
Nodon nafida ham doim zarar bor.

Nosir Xisrav

 
Eshitish zarar bo‘lsa ham, dononing so‘zlari foydadan xoli bo‘lmaydi. Ahmoqning gapiga quloq solish qanchalik zavqli bo‘lmasin, u hamma vaqt ziyondir.

Majididdin Xavofiy


Bilmagan narsani bilmayman, deb javob berishdan uyalmang.

Ali ibn Abu Tolib


Oqil ahli hirsga giriftor bo‘lmas,
Hasad qilgan bilan tillo xor bo‘lmas.

Pahlavon Mahmud


Jo‘rttaga o‘z so‘zida turib olgan bilimsiz kishi bilan bahslashish na maqsad egasiga va na maqsadga biror foyda yetkazmaydi.

Abu Rayhon Beruniy 


Ko‘p vaqillagan donodan ko‘ra, Jim o‘tirgan nodon yaxshi, jo‘ra.

Badriddin Hiloliy


Insonning boshqa jonzotlardan afzalligi aqldadir. Aqlning maqsadi esa nutq va shirinsuxanlikni takomillashtirishdan iborat.

Majididdin Xavofiy 


Donolar so‘ziga quloq ilmasang, Eng nodon sendirsan - bilgil, bilmasang.

Abulqosim Firdavsiy


Hamma kishilar aqlga muhtojdirlar, aql esa amaliyotga, ish-harakatga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun ham amaliyotni aqlning oynasi, deyishadi.

Husayn Voiz Koshifiy


Kishi o‘zining nimani bilmayotganini bilishi bilganlarining eng muhimidir.

Hokim


Pandu nasihatdan kim o‘girdi yuz,
Zahmati ming bo‘lur, pushaymoni - yuz.

Abulqosim Firdavsiy


Nodon odam molni, aqlli odam esa fazlu kamolni qidiradi.

Muhammad Zehniy


Hikmat bilan sher boshiga chiqar chumoli,
Hikmat bilan nishdor ari beradi bolin.

Badriddin Hiloliy


Inson uchun har qanday mag‘lubiyat bir tajribadir. Mag‘lubiyatlardan saboq olganlar kelajakda g‘alabalarni qo‘lga kiritadilar.

Muhammad Kamol Pilav


Qulu ozodga ma’lum va ayon,
Dono tirikdir, o‘likdir nodon.

Abdurahmon Jomiy


Bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmaganidek, ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


O’zini bilimdon deydigan nodondan qoch.

Qobus


Qanday bo‘lsang, shunday ko‘rin, qanday ko‘rinsang, shunday bo‘l.

Jaloliddin Rumiy


Dono suhbatidan bosh tortsa nodon,
Davrondan yaxshilik ko‘rmas hech qachon.

Abdurahmon Jomiy


Aqllilar bilan bahslashib tortishmoq - aqlsizlar bilan birgalashib
shirin taom yemakdan ming chandon yaxshiroq va foydaliroq.

Fuzayl ibn Iyoz


Quyosh ko‘rlarga ko‘rinmay berkinganidek, johillarga ham dunyoda to‘g‘ri yo‘l belgilari ko‘rinmay qoladi.

Abu Ali ibn Sino 


Yoinki bir asr zindonda yotmoq, Nodon suhbatidan ko‘ra yaxshiroq.

Pahlavon Mahmud


Nodonning idroki - indamaslikda. Agar nodon buni tushunib yetsa, uning yarim dono bo‘lgani shudir.

Sa’diy Sheroziy


Johil kishilar oldida kamtarlik qilmagil, aks holda ular nazarida sen tuban va sharmandadirsan. Haqir va notavon ko‘rinmay desang, donolar oldida takabbur bo‘lmagil.

Majididdin Xavofiy


Nodonlikdan yomonlik keladi faqat,
Nodonga yondoshma, bosmasin g‘aflat.

Abdulqosim Firdavsiy


Donishmand - baqqolning do‘koniga o‘xshaydi: borini indamaygina ko‘rsatadi-qo‘yadi, nodon esa lashkar nog‘orasining o‘zi: ovozi balandu ichi bo‘m-bo‘sh va g‘arib.

Sa’diy Sheroziy


Boylik, shamshir va lashkardan tayanch izlama. Dono kishilarning pand-nasihatlariga quloq sol. Shamshir va o‘qni yo‘q qiladigan nasihatlarga amal qil.

Husayn Voiz Koshifiy


Oqillar zikrdan tafakkurga, tafakkurdan zikrga o‘tadilar. Qalblarining gapirishini talab qiladilar. Va nihoyat qalblari hikmatli so‘zlarni ayta boshlaydi.

Hasan Basriy


Kishining tafakkuri uzaysa - biladi, bilsa - amal qiladi.

Vahb ibn Munabbah


Majlislarning eng sharaflisi va eng oliysi tavhid sohasida tafakkur qilib o‘tirmoq, ma’rifat shamoli bilan yelpinmoq, muhabbat kosasida do‘stlik daryosidan suv ichmoq va Allohga husni zan (yaxshi xayol bilan) nazar aylamoqdir.

Junayd Bag‘dodiy


Fikrlamoq bir oynadir, senga yaxshi va yomon amallaringni ko‘rsatadi.

Fuzayl ibn Iyoz


Tajribali it barsni tutib yer,
Qochar tulkidan jang ko‘rmagan sher.

Abulqosim Firdavsiy


Allohning ne’matlari borasida o‘ylamoq - ibodatning eng fazilatlilaridandir.

Vahb ibn Munabbah


Agar insonlar Allohning ulug‘ligi haqida fikrlagan bo‘lsaydilar, Unga isyon qilmasdilar.

Bishr Xofiy


Agar oqil odam nodonlar gurungiga tushib qolsa, ulardan izzat-ikrom kutmasin, agar nodon bema’ni kalomi bilan oqilni yengsa, buning hech ajablanadigan joyi yo‘q, zero yoqutni tosh ham sindirishi mumkin.

Sa’diy Sheroziy


Bilgilki, ahmoqlarga yaxshi javob - sukut.

Qobus


Aql ulug‘likka etadi payvand,
Aqlsizning doim oyog‘ida band.

Abulqosim Firdavsiy

 
Yovuzlikdan ezgulikni ajratadigan kishi emas, balki ikki yovuzlikning yengilrog‘ini farqlay biladigan kishigina aqllidir.

Al-Xoriziy


Hazilni tushunmaslik - nodonlik alomati.

Ubayd Zokoniy


Johilni johillikdan asrashdan ko‘ra, borki narsalarning barini johillikdan asrash osonroqdir.

Qobus


Aqlli bo‘lsang, johil va nodondan hazar qil. Aqalli biroz bilimi bor kishi ulardan albatta yuz chaqirim uzoqlashadi.

Majididdin Xavofiy


Bandaning qalbi yomonlikdan poklanishi uchun unga solihlar bilan suhbatlashishdan ham foydaliroq narsa yo‘q. Shuningdek, fojirlar bilan hamsuhbat bo‘lishdan ko‘ra katta zarar yo‘q.

Ahmad ibn Hanbal


Aqlli kishining tili yuragining ortida bo‘ladi, ahmoqning yuragi tilining orqasida bo‘ladi.

Ali ibn Abu Tolib


Nodonlik ovining o‘ljasi hasrat,
Nodonlik bahorin yomg‘iri kulfat.

Mirzo Bedil


Belgi bo‘lsa, odam yo‘lda adashmaydi, aqli bo‘lsa, kishi so‘zda adashmaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Aqldek xazina yo‘q, jahldek faqirlik yo‘q, odobday meros yo‘q, mashvaratdek yordamchi yo‘q.

Ali ibn Abu Tolib

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.