background
logotype
image1 image2 image3

Dunyo hojatlarini uning egasidan soʻrashga hayo qilaman

Umaviy xalifalaridan Sulaymon ibn Abdulmalik Makkaga hajga keldi. Baytullohni tavof qilib yurib Solim ibn Abdullohni (Hazrat Umarning nabiralari) bir chekkada ka’baga qarab xushu’ bilan o‘tirganini ko‘rib qoldi. U Qur’on tilovat qilgan ko‘yi yig‘lar, ko‘z yoshlari ikki ko‘zidan buloqdek oqar edi.

Xalifa tavofdan bo‘shab, ikki rakat namoz o‘qigach, Solim o‘tirgan tarafga bordi. Odamlar uni ko‘rib yo‘l bo‘shatdilar. Uning yaqiniga   o‘tirdi. Solim buni sezmadi va unga qaramadi. Chunki u o‘zi bilan mashg‘ul, zikrga cho‘mgan edi. Xalifa Solimni tilovat va yig‘idan to‘xtashini kutib, kuzatib turdi.

U to‘xtagach, salom berdi. Alikdan so‘ng xalifa past ovozda: "Hazrat, mabodo biror hojatingiz bo‘lsa bajarib beraylik, ayting?!" – dedi. Solim javob qaytarmadi. Xalifa uni eshitmadi, deb o‘ylab yaqinroq borib: "Biror hojatingiz bo‘lsa, bajarib bersak degan edik", – dedi. Shunda Solim: "Allohga qasamki, men Uning uyida o‘tirib undan boshqasidan hojat so‘rashdan hayo qilaman!", – dedi. Xalifa xijolat bo‘ldi va jim qoldi, lekin uni uzoqdan kutib turdi.

Solim namozini tugatib o‘rnidan turib yurishga boshladi. Odamlar orqasidan ergashishdi. Biri undan hadisdan so‘rar, yana biri fatvo so‘rar, boshqasi nasihat tilasa, yana birovi duo so‘rar edi. Xalifa ham ular ortidan tushdi. Odamlar uni ko‘rib yo‘l bo‘shatdilar.

U Solim ibn Abdullohning yaqiniga kelgach: "Mana masjiddan chiqdik, endi hojatingiz bo‘lsa so‘rang, bajaramiz", – dedi. Shunda Solim unga qarab: "Dunyo hojatlaridan so‘rayapsizmi, yoki oxirat hojatidanmi?!", – dedi. Xalifa kutilmagan savoldan dovdirab qoldi va: "Albatta, dunyo hojatlaridan!", – dedi.

Solim: "Men dunyo hojatlarimni uning haqiqiy egasi bo‘lgan Zotdan ham so‘rashga hayo qilaman-u, haqiqiy egasi bo‘lmagan kishidan qanday so‘rayman?!", – dedi. Shundan keyin xalifa qattiq xijolat bo‘ldi va uzr aytib yo‘liga ketdi. U yo‘lda ketar ekan shunday der edi: "Ey Xattobning avlodlari, taqvo va zohidlik sizlarni muncha ham ziynatlamasa?! Alloh ko‘ngillaringizni dunyo moliga namuncha to‘q qilmasa?! Doimo omon bo‘ling!"

Abdurrahmon Ro’fat al-Boshoning "Suvarun min hayotit tobein" kitobidan Rahmatulloh Fayzullayev tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.