background
logotype
image1 image2 image3

Chin do‘stlik va chin muhabbat

Hazrat Jaloliddin Rumiy haqiqiy muhabbat va do‘stlikning alomati do‘stdan yetgan jafoni rozilik va taslimiyat bilan qabul qilish ekanini quyidagi hikoyada shunday tushuntiradi: "Bir kishiga ziyoratchilari qovun keltirishdi. U yoniga sirdosh-ko‘ngildoshi, sodiq xizmatkori Luqmonni chaqirdi va qovundan bir tilim kesib, uzatdi. Luqmon uni shunday rohat bilan yediki, ko‘rgan odamning ishtahasi ochilib ketishi tabiiy edi. Uzatilgan ikkinchi tilimni ham xuddi shunday yeganini ko‘rgach, xo‘jayin ham o‘ziga qovun kesdi. Ammo og‘ziga olar-olmas tupurib tashladi, chunki judayam achchiq edi. "Ey Luqmon, – dedi xo‘jayin. – Bunday zaharni qanday qilib bol kabi yeya olding? Bunday qahrni nima sababdan lutf o‘rnida qabul etding? Bu qanday sabr? Kim bilsin, bugungacha qanday azoblarga bardosh bergan bo‘lsang? Sen shirin joningga dushmanmisan? Biror nima desang, bo‘lardi-ku? Hech qursa, ma’zur ko‘ring, yeyolmayman, deyish shuncha qiyinmi?"

Luqmon javob berdi: "Men sizning qo‘lingizdan shuncha ko‘p shirin narsalar yedim, moddiy va ma’naviy ozuqa oldimki, bularning evazini o‘tay olmasligimni o‘ylab, huzuringizda xijolatman. Shunday bo‘lgach, qo‘llaring­iz bilan bergan narsani, qanday qilib: "Achchiq  ekan, yeyolmayman", deyman? Siz nimaiki bersangiz, xushnudlik bilan qabul qilaman! Sizdan yetgan biror aziyatdan shikoyat qilsam, boshimga tuproq sochilsin. Lutfkor qo‘lning totini bir qovunning achchiqligi qanday ketkazsin?

Xojam! Muhabbat sabab achchiq shirin, mis oltin, zindonlar gulzor, podshoh qul, qul shoh bo‘ladi. Davosiz dardlar shifo topadi. Muhabbat ila qorong‘i uylar yorishadi, qayg‘u, iztiroblar quvonchga, yo‘ldan adashtiruvchilar saodat yo‘lini ko‘rsatuvchilarga, qahr rahmatga aylanadi".

*     *     *

Bir odam sodiq xizmatkoridan so‘radi:

– Nimalar yeyishni istaysan?

– Nima bersangiz, o‘shani, – javob berdi xizmatkor.

– Nimalar kiyishni xohlaysan?

– Qanday libos bersangiz, o‘shani.

– Qaysi xonani ajratay?

– O‘zingiz ma’qul ko‘rganingiz­ni.

– Uydagi qaysi ishlarni topshirishimni istaysan?

– Qaysi ishlarni qilishimni xohlasangiz, topshiravering.

Bu javoblardan keyin xoja o‘ylanib qoldi va ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni artarkan, bunday dedi:

– Koshki men ham Rabbim huzurida shunday bo‘la olsaydim... 

*     *     *

Haqiqiy do‘stlik va muhabbatning sharti ma’shuqning yonida oshiqning hech qanday irodasi bo‘lmasligidir. Bu borada Ibrohimning (alayhissalom) Haq do‘stligi cho‘qqisi bo‘lgan, Namrud buyrug‘iga ko‘ra olovga otilarkanlar, yordamga kelgan farishtalarga aytgan quyidagi so‘zlari ibratli: "Olovni yondirgan Zot mening har holimdan xabardor. Sizdan talabim yo‘q, Do‘st bilan do‘stning orasiga kirmang!" Bu taslimiyat natijasida alanga Ibrohim (alayhissalom) uchun gulistonga aylandi.

Keyinroq Ibrohim (alay­hissalom) nasllaridan payg‘ambar dunyoga kelishi uchun duo qildilar, Alloh taolo keksaygan chog‘larida u kishiga farzand ehson etdi. Do‘stlikning nishonasi va imtihoni sifatida farzandlarini qurbonlik qilish buyurildi, qabul etdilar. Garchi farzandlariga bo‘lgan muhabbat sabab ko‘rgan tushlaridan taraddudga tushsalar ham, bir tushni uch bora ko‘rganlaridan keyin qanoat hosil qildilar. Bu xususda vasvasaga solmoqchi bo‘lgan iblisga tosh otdilar. O‘tkinchi muhabbatni boqiy Do‘stning sevgisi yo‘lida qurbon qilish uchun yotqizdilar. Boqiy Do‘st u zotdagi bu qat’iyatni ko‘rgandan so‘ng qurbonlik uchun bir qo‘chqor tushirdi va do‘stlikka vafolarini munosib taqdirlab, marhamat qildi: "Ey Ibrohim! Dar­haqiqat, sen tushni tasdiq etding. Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz". Albatta, bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni badal qilib berdik. Keyingi (avlod)lar orasida u (Ibrohim) haqida yaxshi gaplarni qoldirdik. Ibrohimga salom! Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz" (Soffot, 104–110).

*     *     *

Shunga ko‘ra, haqiqiy muhabbat zahmatlarni rahmatga aylantirgani uchun Sevilganning qahri ham lutfi kabi xush qarshi olinadi. Bir kimsaning sevgisi chin yo yolg‘on ekanini bilish uchun sevgilisidan kelgan aziyatlarga qanchalik sabr qila olganini ko‘rish kifoya. She’rda aytilganidek:

Xushdur menga Sendan kelgan,
Yo g‘uncha gul yoxud tikan,
Yo xil’atu yoxud kafan,
Qahring-da xush, lutfing-da xush!

Usmon Nuriy

 “Islom nuri” gazetasining 2012 yil, 18-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.