background
logotype
image1 image2 image3

Yashil ko‘ylak

Uni yo‘lda uchratganimda, azon chaqirilayotgan edi.

— Yur, seni masjidga olib borayin. Bilasan, bugun juma, — dedim.

— Sen ham bilasanki, men masjidga bormayman, — dedi.

— Masjidga bormasligingni bilaman, ammo sababi nimaykin, deb ko‘p o‘ylayman.

—  O‘zim ham tushunmayman, nimagadir hech tortmaydi-da, — dedi. — Balki muhitning ta’siri bordir. Ham shimimning dazmoli buzilib, tizzalarimning o‘rni chiqib qoladi, deb qo‘rqaman...

Beixtiyor kulib yubordim.

— Hazillashyapsanmi?! Shu ham bahona bo‘ldi-yu...

— Jiddiy gapiryapman, — dedi u. — Kiyimga, ayniqsa, yashil kiyimga o‘chligimni bilasan-ku.

Haqiqatan, do‘stim ajoyib edi. Bir-biridan go‘zal kiyimlarini albatta yashildan yoxud yashilning boshqa bir tusidan tanlar va har doim dazmolli holda yurar edi.

— Xo‘p, mayli... Hayotingda hech masjidga bormaganmisan?

— Bolaligimda, bobom bilan birga bir necha bor borganman, — deya javob qildi u. — Har qalay, u paytlar tizzalarim yeyilishidan ham qo‘rqmagan bo‘lsam kerak. Lekin endi masjidga borishimga ko‘zim yetmaydi.

Uning mulohazalari meni nihoyatda hayratda qoldirdi va bu haqda gap ochganimga pushaymon bo‘ldim. Nihoyat, qo‘l siqishib xayrlashdik.

Bu suhbatimizdan ikki oylar o‘tgan edi. Uning masjidda ekanini aytishdi. Darhol yetib bordim. Ayvondagi namoz saflarining eng oldidan topdim. Ustida yana yashilliklar...

Sekingina yoniga yaqinlashdim va past ovozda:

 — Ha, og‘ayni, masjidga kelmoqchi emasding? — dedim.

Lom-mim demadi. Chunki... musallo toshi ustida, yashil yopinchiqli bir tobut ichida yotardi u.

“Qalbimizning nuri” kitobidan (tarjimon Abdulloh Murod Xolmurod o‘g‘li)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.