background
logotype
image1 image2 image3

Mahzunlikda ham tabassum qilganlar — eng baxtiyor

Kim o‘tmishdan ta’lim olmasa, kelajak unga rahm-shafqat qilmaydi.

* * *

Bemorlik – kichik dars. U senga “Bu hayotning boshqa tarafi ham bor. Ya’ni doim sog‘lom yuravermaysan. Bemorlik degan qiyinchilikka ro‘baro‘ ham bo‘lasan. Shuning uchun bemor bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘lib, sog‘ligingni qadriga yet. Har qancha molu dunyoga ega bo‘lmagin, ofiyatning oldida o‘sha molu dunyo esga ham olinmaydigan bir narsa bo‘lib qoladi” degan bilimni o‘rgatadi.

* * *

Yaqinlarning ta’nalari xatarlidir. Chunki, u yaqin masofalardan keladi.

* * *

Boshingdan og‘ir kunlar o‘tayotgan damlarda “Biz yoningdamiz. Ishlaringga doim e’tibor qaratamiz” degan insonlarning asl haqiqatlarini bilasan.

* * *

Mashaqqat paytida sabr bilinadi. Tortishuv paytida aql bilinadi. Og‘ir vaziyatlarda odamlar bilinadi.

* * *

Tanishganimdan beri bitta yuzni ko‘tarib yurgan kishilarga rahmat!

* * *

Agar odamlarning qalblarini ko‘ra olganingda, har bir qalbda og‘riqli, iztirobli qissalarni ko‘rgan bo‘larding. Bas, shunday ekan, bir-birimizga rahm-shafqatli, mehribon bo‘laylik. Shoyad Alloh taolo shunda bizga rahm qilsa.

* * *

Bir kishidan: “Siz haqingizda gapiradigan odamlar to‘g‘risida nima deb o‘ylaysiz?” deb so‘raldi. Shunda u kishi: “Albatta, men o‘luvchiman. Ular ham o‘luvchilar. Albatta, men yolg‘iz hisob-kitob qilinaman. Ular ham yolg‘iz hisob-kitob qilinadilar. Shunday ekan, ularning gaplariga men nega parvo qilay?!” dedi.

* * *

Boshqalarga biror nima hadya qilish, hursandchilik ulashishdagi his-tuyg‘udan ko‘ra yoqimliroq his-tuyg‘u topilmas. Boshqalarga yaxshilikni ilinganing va ulashganing qadar senga undan ziyodasi keladi.

* * *

Baxtiyorlar – mahzunlik eskini yangi qilolmasligini, o‘tmishni qaytarolmasligini, g‘oibni keltirolmasligini bilib, uni bir chetga uloqtirib, tabassum qilgan shaxslardir.

* * *

Biz shunday zamonda yashayapmizki, ba’zilar o‘zi haqida quyidagicha o‘ylaydi:

U podshoh, sen halok bo‘luvchisan;

U rostgo‘y, sen yolg‘onchisan;

U hakim, sen nodonsan;

U saxovatli, sen baxilsan;

U kuchli, sen zaifsan.

* * *

Bir kishi sherigidan so‘radi: “Nima uchun tong havosi toza, musaffo bo‘ladi?” Sherigi dedi: “Chunki, u munofiqlarning nafaslaridan xolidir”.

* * *

Ba’zi kimsalar shunday deb o‘ylaydi:

“Mashinamning buzilish sababi – ko‘z tekkan;

Ayolimning bemorlikdan boshi chiqmasligining sababi – ko‘z tekkan;

Bolam kasal bo‘lib qolishining sababi – ko‘z tekkan;

Savdoda ziyonga uchrashimning sababi – ko‘z tekkan”.

Ular ma’siyatlarni qilishadi. Birortalarining xayoliga esa “Bu musibatlarning sababi - gunohlardir” degan narsa kelmaydi.

* * *

Hech kimga sen bilan vaqtinchalik hissiyotlar ila, ya’ni mahzun bo‘lganda oldingga kelib, xursand bo‘lganda seni unutib muomala qilishiga ruxsat berma.

* * *

Quyidagi narsalar eng chiroyli rizqlardandir:

Onaning duosi;

Otaning roziligi;

Akaning borligi;

O‘g‘ilning kulgusi;

Do‘stning e’tibori;

Yaxshi ko‘rgan odamingning duosi.

Yo Alloh! Keng fazlingdan bizlarni rizqlantir!

“Rovai’ul fikr” sahifasidan Nozimjon Hoshimjon tarjimasi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.