background
logotype
image1 image2 image3

20 tiyinga sotilmagan iymon

Bir necha yil ilgari bir masjid imomi Londonga ko‘chib kelgan edi. U hamisha uyidan masjidga avtobusda borar, u chiqadigan vaqtda avtobus ko‘pincha bo‘sh holatda bo‘lar edi. Ko‘chib kelganiga endi bir necha hafta bo‘lgandi. Avtobusga chiqib yo‘l haqini to‘lab o‘tirdi. Haydovchi qaytimiga keragidan 20 pens ortiqcha berib yuborganini ko‘rgan imom biroz o‘ylanib, ichida o‘ziga dedi: ”Men albatta bu ortiqcha mablag‘ni qaytarishim zarur. Chunki, bu ortiqcha pul mening haqqim emas.” So‘ng yana biroz o‘ylanib turib, o‘ziga o‘zi shunday debdi: “Bu birov nazarga ilmaydigan, arzimas pul bo‘lsa, qolaversa bu pul menda qolgani bilan avtokorxonaga hech qanday zarari sezilmaydi. Demak, men pulni Allohning hadyasi deb qabul qilib o‘zimda olib qolamanda, haydovchiga indamayman.”
Nihoyat avtobus imom tushadigan bekatga kelib to‘xtadi. Biroq, u avtobusdan tushayotib, haydovchi oldida bir lahzaga to‘xtadiyu cho‘ntagidan ortiqcha 20 pensni chiqarib haydovchiga berib dedi: “Marhamat oling, menga keragidan ortiq qaytim bergan ekansiz.” Haydovchi pulni olib, tabassum qildi va so‘radi: “Siz shu yerga yangi imom bo‘lib kelgan insonmisiz? Men anchadan beri masjidingizga borib, diningiz bilan tanishmoqni o‘ylab yurgan edim. Bugun nima qilar ekansiz deb, sizga atayin ortiqcha qaytim qaytargan edim.”
Imom avtobusdan tushar ekan bo‘lib o‘tgan voqeaning og‘irligidan oyoqlari zaiflashib, yerga qulab tusha yozdi. Eng yaqin turgan to‘singa suyanib olib, osmonga yuzlanib, ko‘zlarida yosh bilan duo qildi: “Ey Robbim! Sal bo‘lmasa dinimni 20 pensga sotib qo‘yay dedim-a!”

Hikmat

Biz uchun arzimas bo‘lib ko‘rinadigan ba’zi ishlar boshqalar uchun juda ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Biz uchun arzimas bo‘lib ko‘ringan kichik xatolar bizlarni kuzatib turgan insonlar uchun biz haqimizda, dinimiz, e’tiqodimiz, millatimiz, xalqimiz haqida noo‘rin xulosa chiqarishlariga sabab bo‘lib qolishi mumkin. Bir ish qilayotganda faqat o‘zimizni emas balki o‘zimiz mansub bo‘lgan dinimiz, millatimiz, xalqimiz sha’ni ham hamisha ko‘z o‘ngimizda turmog‘i lozim.

Shavkatbek tarjima qildi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.