background
logotype
image1 image2 image3

Bola va olma daraxti

Bir bolakay har kuni katta olma daraxti yonida o‘ynashni juda yaxshi ko‘rarkan. Shoxlariga chiqib olma yer, tush mahali soyasida mizg‘ir ekan. Xullas, bolakay olma, olma esa bolakay bilan o‘ynashni juda yaxshi ko‘rib qolibdi. Kunlar o‘tibdi. Bolakay ancha ulg‘ayibdi. Endi olma daraxti oldiga har kuni  kelmaydigan bo‘libdi.

Bir kuni bola juda xafa holda kelibdi.

– Kel, birga o‘ynaymiz, – debdi daraxt.

– Yo‘q, men endi daraxt atrofida o‘ynab yuradigan bolakay emasman, – deb javob beribdi, – turli o‘yinchoqlarim bo‘lishini istayman, sotib olish uchun menda pul yo‘q...

– Afsus, pul menda ham yo‘q, lekin mevalarimni terib, sotib, o‘yinchoqlar olishing mumkin, – debdi qayg‘urib daraxt.

Bola hayajonlanib ketibdi. U mevalardan uzib olib, xursand holda ortiga qaytibdi va shu ketgancha yana uzoq vaqt daraxt yoniga kelmabdi. Daraxt esa uni sog‘inibdi, yo‘liga intizor bo‘libdi…

Bir kuni haligi bola (endi u katta kishi edi) yana olma daraxti yoniga kelibdi. Olma juda xursand bo‘lib, hayajonlanib ketibdi.

– Kel, yonimga o‘tir, – debdi daraxt.

– Afsus, vaqtim yo‘q. Oilaliman, ularni boqishim, boshpana qilishim kerak. Menga yordam bera olasanmi?

– Uzr, pulim yo‘q-da, ammo shoxlarimni kesib, undan uy qursang bo‘ladi, – debdi daraxt.

Kishi olma daraxtining barcha shoxlarini  kesib olib, xursand bo‘lganicha ortiga qaytibdi. Daraxt uni baxtiyor ko‘rganidan juda shodlanibdi. Ammo... anchagacha yolg‘iz qolibdi.

Issiq yoz kunlarining birida kishi daraxt yoniga kelib, unga suyanibdi.

Olma daraxti ziyoratiga kelgan eski qadrdonini ko‘rib, o‘zida yo‘q xursand bo‘libdi va:

– Kel, suhbatlashamiz! – debdi.

– Qariyapman. Holim yo‘q. Charchaganman. Qani endi bir qayig‘im bo‘lsa-yu, unda suzib hayot tashvishlaridan yiroqlashsam... – debdi kishi.

Daraxt bir oz jim qolib, so‘ng debdi:

– Kel, tanamdan qayiq yasagin-da, uzoq yerlarga suzib bor, tashvishlarni unut, dam ol, yonimga shodon qaytib kel...

Kishi uning baquvvat tanasini arralab, undan qayiq yasabdi va orzuiga yetibdi.

Daraxt ko‘z yoshlari bilan unga tabassum qilibdi...

Qissadan hissa: Olma daraxti ota-ona timsoli. Ular ham bolasi uchun har qanday qurbonlik qilishga tayyor. Bolaning daraxtga beparvoligi, shafqatsizligi bizni achintirdi, lekin o‘zimizni kuzatsak, biz ham ko‘p holda ota-onamizga shunday munosabat ko‘rsatamiz. Ularning mehr-muhabbatiga yarasha javob qaytarolmaymiz yoki yaxshiliklarini vaqtida qadrlamaymiz.

Alloh taolo xatolarimizni kechirib, to‘g‘ri yo‘lga boshlasin. Ota-onalarimizni rozi qilish baxtini nasib etsin.

Toshkent Islom instituti 3-bosqich talabasi

Dilafro‘z SALOHIDDIN qizi tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalining 2011 yil, 5-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.