background
logotype
image1 image2 image3

Aroqxo‘r shoirning hidoyati

«Majolisul hakimul ummat» kitobida ushbu hikoya keltiriladi:
«Ashraf Ali Tahonaviyning Azizul Hasan degan xalifalari bir kuni u zotga mashhur hind shoiri Jigar Murodobodiy haqida gapiribdi:
— Taqsir, men kecha Jigar Murodobodiy bilan gaplashdim. Shoir siz haqingizda: «Shu olimni yaxshi ko‘raman, bu odamga shogird tushsam, u odamning yonida bo‘lsam deyman-u, lekin bir dardim bor. Ozgina ichib qo‘yaman-da. Shunga nima deysiz?» — deb so‘ragandi, men unga «Yaxshi odamlarning oldiga bu ahvolda borib bo‘lmaydi», dedim.
Shunda Tahonaviy xafa bo‘lib gapiribdilar:
— Mening oldimda shuncha yil yurib, nasihatlanding, ibratlanding. Bu nima qilganing?
— Ie, taqsir, nima qilishim kerak edi?
— Yaxshi odamning oldiga hozir boring, deyish kerak edi. U odamning ikkita yaxshi xislati bor ekan. Birinchisi, u o‘zining gunohini gunoh deb e’tirof etyapti. Ikkinchisi, yaxshi odamlarga muhabbati bor ekan. Bunaqa odamni tuzatsa bo‘ladi.
Azizul Hasan vaqt o‘tib, yana Jigar Murodobodiyning oldiga borib, unga bo‘lgan voqeani aytibdi. Shunda Jigarning kayfi tarqab, jazavaga tushibdi:
— Rostdan-a? Haqiqatdanam Tahonaviy mening nomimni aytdimi? Jigar dedimi? So‘z beramanki, bugundan boshlab og‘zimga aroqni olmayman.
Jigar Murodobodiy qattiq dardga chalinibdi. Shunda sobiq aroqxo‘r do‘stlari kelib, unga maslahat berishibdi:
— Endi sizni Xudo kechiradi. Uzrlisiz. Ozgina ichib turavering. Bo‘lmasa o‘lib qolasiz.
— Qiyomat kuni qanday javob beraman, — deb shoir yig‘lab Allohga nola qilibdi.
Vaqt o‘tib, dardidan xalos bo‘lgan Jigar shoir Tahonaviyning huzurlariga kelibdi. Tahonaviy uning juda iltifot bilan kutib olibdilar. Hatto u kelguncha Jigarning mashhur bir she’rini yodlab ham olib, shuni o‘qib beribdilar va debdilar:
— Shu she’ringizni juda yaxshi ko‘raman-da. Agar biron she’rga mukofot berish kerak bo‘lsa, shu she’ringizga mukofot berardim.
Azizul Hasan aytadilar:
— Yaxshi odamga muhabbati sabab Jigar Murodobodiy pir bo‘lib, shunday martabalarga yetdiki, Mavlono Tahonaviy bizga aytmagan sirlarini ham u kishiga aytadigan bo‘ldi».
Xulosa: agar inson o‘z gunohini gunoh deb his qilib, astoydil tavba qilsa, yaxshi odamlarga muhabbat qilsa, undan albatta xayrli amallar chiqadi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.