background
logotype
image1 image2 image3

Aql degani mana bunday bo‘ladi

Hajjoji zolim bir kun hamsuhbatlari bilan dala sayriga chiqdi. Hamsuhbatlari orqaga qaytdilar, Hajjoj yakka o‘zi qoldi. Shu asnoda bir qari odamga yo‘liqdi. Hajjoj chol bilan biroz bahs etib, hazillashishni istadi. Oralarida quyidagi suhbat bo‘ldi. Hajjoj cholga:

— Qayerliksan? — dedi.

Chol:

— Shu qishloqdan. Bani Ijil qabilasidanman, — deb aytdi.

Hajjoj:

— Hokimlar to‘g‘risida nima deysan? — dedi.

Chol:

— Allohning qahri kelsin ularga! Hammasi orsiz, zolim, — dedi.

Hajjoj:

— Mayli, Hajjoj haqida fikring qanday?! — deb so‘radi.

— U hammasidan ham zolim. Hajjoj hammasiga qaraganda olchoqroq. Alloh Hajjojning ham, boshqa zolimlarning ham ta’zirini bersin, ildizlarini quritsin! — deb javob berdi.

Hajjoj:

— Ey chol, bilasanmi, men kimman? — dedi.

Chol:

— Qayerdan bilaman?! Bir martabali zotdirsan, — deb aytdi. Hajjoj:

— Hajjoj men bo‘laman, — dedi.

Chol:

— Qurboning bo‘lay, ey hukmdorim! Sen ham bilasanmi, men kimman?! — dedi.

Hajjoj:

— Qayerdan bilay, sen kimsan?! — dedi.

Chol:

— Men Bani Ijil qabilasining eng mushhur tentagi — Amr o‘g‘li Zayd deganlari bo‘laman! Har kun shu soatlarda qattiq jinniligim tutib qoladi, — deb javob berdi.

Hajjoj cholning bu javobidan mamnun bo‘ldi. Bu javobdan shu qadar xushvaqt bo‘ldiki, qah-qah urib kuldi va ushbu oqil qariyaga hadyalar berib ko‘nglini ko‘tardi.

Izoh va o‘git

Ey, Haq yo‘lchisi! Aql deganlari mana bunday bo‘ladi. O‘z sohibini eng halokatli paytlarda qutqarib qoladi. Aql degani ana shunday bo‘lmog‘i kerak. Qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarmoq aqlli odamning ishi emas. Hajjojning qo‘lidan ana shunday aql quroli bilan qutulmoq mumkin. Yo‘qsa, kalla ketadi.

Yusuf Tovasliyning “Hikmatlar xazinasi” kitobidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.