background
logotype
image1 image2 image3

Shukr nima? Uning ma'nosi va ado etilishi qanday bo‘ladi?

Savol: Shukr nima? Uning ma'nosi va ado etilishi qanday bo‘ladi?

Javob: Yaxshilik qiluvchining yaxshiligini mamnunlik ila e'tirof etishni ulamolar «shukr» deyishgan. Ular shukrning uch qismdan, ya'ni, qalb shukri, til bilan shukr va amaliy shukrdan iboratligini ham bayon qilishgan.

Har bir inson o‘zining barcha holi, kuch-quvvati, sog‘-omonligi, boyligi, mansabi Allohdan ekanligini bilib, iqror bo‘lishi qalb shukridir. Shukrning bu turi barchaga farzdir. Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:«Sizlar erishgan barcha ne'matlar Alloh taolodandir» (Nahl, 53).

Til bilan shukr minnatdorlikda bo‘lish va sano aytish bilan ado etiladi. Vaz-Zuho surasi oxirgi oyatining taqozosi shunday.

Toatlarni davomli ado etish va gunohlardan saqlanish amaliy shukrdir. Rasuli Akram (s.a.v.) namozda uzoq turishlari sababli muborak oyoqlari shishib ketardi. Buni ko‘rgan sahobiylar:  «Yo Rasulalloh! Parvardigor sizni yorlaqagani shubhasiz. Shunday ekan, bu hol nechun?» deb so‘raganlarida, Rasuli Akram (s.a.v.): «Shukrli banda bo‘lmayinmi?» deb javob berdilar. (Imom Buxoriy). Bu va Oli Imron surasining 123-oyati mazmuniga binoan Allohdan qo‘rqish, uning amru nahyilariga rioya etish bilan Alloh bergan ne'matlarning amaliy shukri keltiriladi.

Insonlarning o‘zaro munosabatidagi shukr yaxshiliklarni yoqlash, ezgu ishda amaliy yordam ko‘rsatish bilan ado etiladi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.