background
logotype
image1 image2 image3

Bir kitobda Jabroil va Azroil ismli farishtalar haqida o‘qidim. Farishtalar o‘zi kimlar?

Savol: Bir kitobda Jabroil va Azroil ismli farishtalar haqida o‘qidim. Farishtalar o‘zi kimlar?

Javob: Allohning farishtalari (malaklar)ga imon keltirish imonning asosiy shartlaridan biridir. Farishtalarni Alloh taolo ko‘zga ko‘rinmaydigan qilib jismlarini nurdan yaratgan. Ular qiyomatga qadar Allohga ibodat qiladilar, buyurilgan har xil xizmatlarini ado etib turadilar, keyin o‘lim sharbatini totadilar. Ular hech gunoh ishlarni qilishmaydi, ularda bizdagi kabi yemoq-ichmoq, uxlamoq, so‘zlashmoq, zerikish kabi narsalar, erkaklik va xotinlik ham yo‘q. Ular har xil suratda yaratilgan va turli suratga ham kira oladilar.

Farishtalardan ulug‘lari Jabroil, Azroil, Mikoil, Isrofildir. Hazrati Jabroil Allohning kalomini payg‘ambarlarga yetkazishda vositachilik qiladi. Azroil ajali yetgan bandalarning jonini oladi. Mikoil - rizq ulashtirguvchi, Isrofil esa - Qiyomat boshlanganidan darak berib sur chalguvchi farishtadir.

Farishtalar son-sanoqsiz bo‘lib, yerda, osmonda va har ikkovining o‘rtasida yurishadi. Ularning sonini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Islom shariatiga ko‘ra, insonni farishtalar qo‘riqlab va nazorat qilib turadilar. Alloh taolo Ra'd surasining 11-oyatida aytadiki: «Uning oldida ham, ortida ham ta'qib qiluvchilar bor. Ular uni Allohning amri ila hifz qilib turadilar». Ya'ni, bandaning har tarafida kuzatib yuruvchi farishtalar mavjud. Ular ikki ishni bajarishadi, ya'ni bandani turli yomonliklardan saqlab turadilar hamda gunoh va savob amallarini yozib boradilar.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.