background
logotype
image1 image2 image3

Sadaqai fitrni kimlarga va qancha berish kerak?

SavolSadaqai fitrni kimlarga va qancha berish kerak?

JavobSadaqai fitr ramazon oyida ado etiladigan moliyaviy ibodatdir. Dinimizda uni berish kimlarga vojib bo‘lishi, qancha va kimlarga berilishi aniq va ravshan bayon etilgan. Barcha ibodatlarning shar'iy tartib va yo‘riqlariga daxl qilish mumkin bo‘lmaganidek, sadaqai fitrning ham shar'iy tayin etilgan miqdoriga hech kim daxl qilishga haqli emas.

Sadaqai fitr asliy ehtiyojidan ortiq zakot berish uchun belgilangan qiymatdagi boylikka ega ozod musulmon er va ayolga (balog‘atga yetmagan bo‘lsalar ham) vojibdir.

Bitta turar joy, ro‘zg‘or uchun zaruriy asboblar, uyga kerakli jihozlar, kasb qurollari, qishda-yozda kiyiladigan kiyimlar asliy ehtiyoj hisoblanadi.

Mazkur qiymatdagi molga ega musulmon o‘zi va boyligi yo‘q balog‘atga yetmagan farzandlari uchun sadaqai fitr berishi lozimdir. Unga xotinining balog‘atga yetgan farzandlari uchun sadaqai fitr berish vojib emas. Shunday bo‘lsa-da, ular nomidan ham bersa, ularning zimmasidan-da soqit bo‘ladi.

Sadaqai fitr har bir jon uchun mayiz, bug‘doy va undan ikki kilo, xurmo va arpadan to‘rt kilo yoki bularning ayni kunda bozordagi sotilish narxi qiymatida beriladi.

Sadaqai fitr zakot olishi mumkin bo‘lgan kishilarga beriladi. Shuningdek, uni zimmiylarga ham berish mumkin. Sadaqai fitrni ota-onasiga, bobo-buvisiga, farzandlariga, nabiralariga, xotini yo eriga berish mumkin emas.

Sadaqai fitr muhtoj odamlarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan moliyaviy ibodat bo‘lgani uchun uni masjidlar qurilishi yo ta'miriga ishlatish mumkin emas.

Sadaqai fitrni ramazon oyi ichida berishga ulgurmagan musulmon keyin bo‘lsa ham, albatta berishi lozim. Zero, u ramazon oyi o‘tishi bilan zimmadan tushib qolmaydi.

Sadaqai fitrni xushnudlik bilan belgilangan miqdorda ado etish tutilgan ro‘zaning maqbul bo‘lganlik belgisidir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.