background
logotype
image1 image2 image3

Ramazon oyida qanday holatlarda ro‘za ochiladi va qay holatda ochilmaydi?

SavolRamazon oyida qanday holatlarda ro‘za ochiladi va qay holatda ochilmaydi?

JavobQuyidagi holatlarda ro‘za ochiladi:

- tong otmagan, degan xayolda saharlik qilsa-yu, aslida tong otgan bo‘lsa, quyosh botdi, deb o‘ylab og‘iz ochsa-yu, quyosh botmagan bo‘lsa, shu kungi ro‘zani qazo qilib qayta tutadi, ammo kafforat vojib bo‘lmaydi («Mabsuti Saraxsiy»);

- ikki kishi tong otdi, deb guvohlik bersa, ammo yana ikki kishi tong otmadi, deb guvohlik bergach, saharlik qilishni davom ettirsa, haqiqatda esa tong otgani ma'lum bo‘lsa, ham qazosini tutadi, ham kafforat lozim bo‘ladi («Fatovoi Qozixon»);

- quyosh botganiga shubha qilingan holda og‘izni ochish joiz emas, quyosh botmaganligi haqidagi fikri g‘olib bo‘lib, og‘izni ochib yuborsa, qazo va kafforat vojib bo‘ladi («Fatovoi Qozixon»);

- ikki kishi quyosh botdi, deb guvohlik bersa, ammo yana ikki kishi quyosh botmadi, deb guvohlik bergach, og‘izni ochsa, haqiqatda esa quyosh botmagani ma'lum bo‘lsa, faqat ro‘zaning qazosi vojib bo‘ladi («Fatovoi Qozixon»);

- ro‘zador tishlari orasida qolgan no‘xatday yoki undan katta narsani yutsa, ro‘zasi ochiladi (no‘xatdan kichik bo‘lsa, ochilmaydi), agar tish orasidagi no‘xatdan kichik narsani ham og‘zidan chiqarib, qayta yutsa, ro‘zasi ochiladi («Fatovoi Olamgiriyya»);

- bir-ikki tomchidan ko‘p ter ro‘zadorning qorniga ketsa, ro‘zasi ochiladi, bir-ikki tomchiga ochilmaydi («Xulosa»);

- ro‘zador tishi orasidan chiqqan qonni yutsa, agar qon tupugidan g‘olib kelsa, ro‘zasi ochiladi, tupugi qondan g‘olib bo‘lsa, ochilmaydi;

- agar ro‘zador o‘zini zo‘rlab qussa, ro‘zasi ochiladi;

- ro‘zador er va ayol qasddan jimo' qilsalar, maniy chiqmasa-da, ro‘zasi ochiladi, ularning har ikkoviga qazo va kafforat lozim bo‘ladi, agar ayol jimo'ga majbur qilingan bo‘lsa, unga faqat qazo vojib bo‘ladi («Hidoya», «Fatovoi Qozixon»);

- odatda taom hisoblangan yoki dori bo‘lgan narsani qasddan yegan ro‘zadorga qazo va kafforat lozim bo‘ladi;

- ro‘za tutganini unutib taom yegan yoki suv ichgan yoxud jimo' qilgan kishi «Endi bu bilan ro‘zam ochildi», deb keyin qasddan taom yesa, qazosini tutadi, ammo unga kafforat lozim bo‘lmaydi;

- ro‘za tutishni kun yarmigacha niyat qilmay, zavoldan oldin ro‘zaga niyat qilgan kishi taom yeb qo‘ysa, qazosini tutadi, lekin kafforat lozim bo‘lmaydi («Fatovoi Olamgiriyya»);

- ro‘zador klizma qilsa, qulog‘iga yog‘ tomizsa-yu, mazasi qorniga yoki dimog‘iga yetsa, og‘ziga qor yoki yomg‘ir kirsa, ayolini quchib o‘pganida maniy chiqsa, ro‘zasi ochiladi va qazo vojib bo‘ladi;

Quyidagi holatlarda esa ro‘za ochilmaydi:

- ro‘zadorning qusgisi kelib qussa va qusuqning o‘zi ichga qaytib ketsa ham, ro‘za ochilmaydi;

- ro‘zador ehtilom bo‘lsa (bulg‘anib qolsa), ro‘zasi ochilmaydi («Mabsuti Saraxsiy»);

- ro‘zador burniga to‘plangan balg‘amni tomog‘iga tortib yutib yuborsa, ro‘zasi ochilmaydi («Mabsuti Saraxsiy»);

- ro‘za tutganligini unutib taom yegan yoki suv ichgan yoxud ro‘zasini buzuvchi boshqa amal qilgan kishining ro‘zasi buzilmaydi;

- pashsha ro‘zadorning og‘ziga o‘zi uchib kirib tomog‘iga ketsa, ro‘zasi ochilmaydi, ammo o‘zi tutib yesa, qazo lozim bo‘ladi;

- ro‘zadorning ko‘ziga tomizilgan dorining ta'mi og‘zida bilinsa-da, ro‘zasi ochilmaydi («Fatovoi Olamgiriyya»);

- ro‘zadorning qulog‘iga suv tomizilsa, ro‘zasi ochilmaydi («Hidoya»);

Shahvat qo‘zg‘aydigan joy (narsa)ga qarab yoki o‘ylab, shahvat (maniy) chiqishi, sochga yog‘ (rang) surish, ko‘zga surma qo‘yish, qon oldirish, g‘iybat qilish, o‘tin tutuni, un changining tomoqqa kirishi, ro‘zani buzishga niyat qilib, lekin buzmaslik, tupugini og‘izdan chiqarmasdan yutish kabi holatlarda ham ro‘za ochilmaydi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.