background
logotype
image1 image2 image3

Kelin va kuyov qanday bo‘lishi kerak?

Savol: Har bir voyaga yetgan yigit-qiz o‘ziga munosib jufti halol uchratishni orzu qiladiMusulmon yigit yoki qiz o‘ziga juft tanlaganida nimaga e'tibor berishi kerak?

JavobO'smir yigit va qiz balog‘at va yetuklik g‘unchalari ochilayotgan paytda, bir kun kelib o‘ziga juft bo‘lajak umr sherigining sifatlarini xayolan belgilay boshlaydi.

Insonlarning bu sifatlarga qarashlari tarbiyalariga ko‘ra turlichadir. Kimdir shakliy sifatlarni - bo‘y, rang va ko‘z shakllarini shart deb belgilasa, boshqa birov mol va boylikka e'tibor beradi. Yana biri bo‘lajak juftining obro‘-e'tiboriga, nasabiga diqqat qiladi.

Haqiqatda bu sifatlarning barchasi matlub va marg‘ub. Unga ega bo‘lgan juftni izlashga to‘siq yo‘q. Ammo bu sifatlarning hammasidan yaxshiroq va foydaliroq bir sifat ham bor. U diyonat sifatidir.

Imom Buxoriy va Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilishgan rivoyatda: Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: «Ayolga moli, obro‘yi, jamoli va dini uchun uylaniladi. Diyonatli ayolga erish, qo‘ling tuproqqa yopishgur!» deganlari diyonatli ayoldan boshqa ayolga uylansang, pushaymon bo‘lasan, deganlaridir.

Binobarin, yigitning maqsadi diyonatli qizga uylanish bo‘lishi kerak. Agar qiz diyonatli bo‘lib, ustiga mol, obro‘ va go‘zallik sohibasi ham bo‘lsa, juda yaxshi. Ammo mol, obro‘ va go‘zallik egasi bo‘lsa-yu, diyonatsiz bo‘lsa, fazilat bo‘lmaydi. Moldor diyonatsiz ayol bo‘sunmas, diyonatsiz go‘zal ayol mag‘rur, obro‘li diyonatsiz ayol takabbur bo‘ladi. Diyonatli ayol go‘zal, moldor va obro‘li bo‘lsa ham, kamtar va xushxulq bo‘ladi.

Qayd etilgan ushbu sifat va hollar ayolgagina xos va ayoldagina matlub bo‘lmay, erkaklarga ham xos va tegishlidir. Zero, qiz ham yigitning kelishganligi, boyligi yo obro‘ va nasabiga aldanib qolmay, diyonatli yigitni qidirishi kerak. Diyonatli va solih yigit juft bo‘lish uchun eng muhim sifatlarga ega yigitdir. Qolgan sifatlar diyonatdan keyingi darajada turadi.

Diyonatli yigit xotinini har tomonlama asraydi va himoya qiladi. U bilan totuv yashaydi, uning injiqliklarini ko‘taradi. Eng muhimi, uni yaxshi ko‘rsa, e'zozlaydi, bordiyu yomon ko‘rsa, unga zulm qilmaydi. Agar ayol birga turmushni istamasa, uni qiynab ushlab turmaydi, yo‘lini ochib qo‘yadi.

Oilaviy hayot qiyinchilik va mas'uliyatlarga to‘ladir. U holatlar o‘zgarishining bir ulkan maydoni. Oila mol asosiga qurilgan bo‘lsa, mol ketgach, nima bo‘ladi? Chiroy va obro‘ga asoslangan oilalarda bu holatlar o‘zgarsa-chi? Shubhasiz, oilaviy hayotda «inqilob» bo‘ladi. Kelishmovchilik bosh ko‘taradi. Zero, oila mustahkam asosga emas, balki beqaror tayanch va shaxsiy istaklarga tayangan edi.

Ammo diyonat sifati e'tiborga olinib, oila qurilsa-chi? Din diyonatli musulmon qalbidagi mustahkam va sobit aqidadir. Musulmonning so‘zlari va ishlari unga asoslanadi va shundan kelib chiqib boshqalar bilan muomala qiladi.

Diyonatli er yoki ayol kengchilikda Alloh taologa shukrli, qiyinchilikda sabrli bo‘ladi, voqe'likka imonu sabr bilan yondashadi, jufti haloliga vafo ko‘rsatadi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.