background
logotype
image1 image2 image3

Ayrimlar taloq qilingan ayolini «halola» yo‘li bilan yana nikohlab olsa bo‘ladi, deyishadi. «Halola» Islomda bor narsami?

Savol: Ayrimlar taloq qilingan ayolini «halola» yo‘li bilan yana nikohlab olsa bo‘ladi, deyishadi. «Halola» Islomda bor narsami?

Javob: Inson tabiatan tanho yasholmaydi. Alloh taolo uni shunday yaratgan. Oila quradi, nasl qoldiradi.  Oila mustahkam, orttirilgan farzandlar ma'naviy va ruhiy barkamol bo‘lishi uchun  er va xotin nikoh shartlariga rioya etishlari lozim. Er-xotin o‘z hayotlarini birgalikda davom ettirishlariga ko‘zlari yetmay qolganda ularning har biriga ajralish huquqi berilgan. Er uchun taloq, xotin uchun xulu' -mol evaziga eridan taloq olish joriy qilingan.

Er agar xotinini uch taloqdan kam taloq qilgan bo‘lsa, ajralishganlaridan so‘ng yana  yangi nikoh orqali birgalikda yashashlari mumkin. Ammo uch taloq qilgan bo‘lsa, endi ular hayotlarini o‘zaro bog‘lay olmaydilar. Xotin boshqa erga tegib, u bilan ham kelisholmay ajralsa yo undan beva qolsa, ana shundagina avval uch taloq qilgan eri bilan hayotini qayta bog‘lashi mumkin.

  Uch taloq qilingan xotin taloq qilgan eriga halol bo‘lishi uchun boshqa birov o‘z nikohiga olib, qo‘shilib, so‘ng taloq qilishini «halola» deyishadi. «Halola» «shar'iy hiyla» hisoblanadi. «Shar'iy hiylalar»ga amal qilish din asoslarini yemiradi. Halolaga rozi bo‘lgan er va halola qiluvchi haqida Abdulloh ibn Mas'ud (r.a.) shunday deydilar: «Rasululloh (s.a.v.) halola qilguvchini va halola qildirguvchini la'natlaydilar».

La'natga uchragan kimsa dunyo va oxirat ne'matlaridan bebahra qoladi. Shunday ekan, mutloq ajralib ketishga ko‘zi yetmagach, yengiltaklik qilib, og‘ziga taloq so‘zini olmaslik kerak.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.