background
logotype
image1 image2 image3

Qaysi amallar namozni buzadi?

Savol: Qaysi amallar namozni buzadi?

Javob: Quyidagi holatlarda o‘qilayotgan namoz buzilgan hisoblanadi:

- namoz o‘quvchining qasddan, unutib, bilmasdan, majburan xoh oz, xoh ko‘p bo‘lsin, so‘zlashuvi hamda o‘zi eshitgulik tarzda kulmokdigi (qattiq kulsa, tahorat ham buziladi);

- namoz o‘qiyotgan kishining birovga salom berishi va salomga javob qaytarmoqligi;

- dunyoviy tashvish, musibat tufayli ovoz chiqarib yig‘lamoqligi, oh-voh qilishi, uf tortishi (ammo oxiratni o‘ylab yig‘lasa, namoz buzilmaydi);

- namozxonning qasddan tomoq qirishi (lekin bu uzrli bo‘lsa, namoz buzilmaydi);

- namoz o‘qiyotgan kishining aksa bergan odamga javob qilmog‘i, ya'ni "Yarhamukalloh", deb uning haqqiga duo qilmoqligi;  

- agar oyatlar bilan bo‘lsa ham, namozdan tashqari so‘zga javob bermoqligi;

- boshqa namozxonning yoki qiroat qiluvchining xatosini tuzatmoqligi (imom xatosini tuzatish bundan mustasno);

- namozxonning Qur'onga qarab qiroat qilmoqligi;

- namoz o‘quvchining harom narsaga sajda qilmoqligi;

- ko‘krakni qibladan boshqa tarafga burishligi;

- qiroatda Qur'on so‘zlarini buziladigan darajada yanglish o‘qishligi;

- bir ruknda uch martadan ortiq begona harakat qilishi (masalan, kiyimini to‘g‘rilash, qashinish kabi);

- sajdaga borganda ikki oyog‘ini ko‘tarmoqligi;

- namozda farz amallaridan birini uzrsiz tark qilmoqligi;

- namozxonning ibodat ichida insonlar qodir bo‘lgan narsani so‘rab duo qilmoqligi;

- namoz o‘quvchining ibodat paytida taom yemoqligi (tishlari orasida qolgan taomni yutib yuborsa, agar u no‘xotdan kichik bo‘lsa, namozi buzilmaydi) yoki ichimlik (suv) ichmoqligi;

- namoz o‘quvchining ikki qo‘l vositasida biror harakat qilmoqligi;

- to‘xtamay bir saf miqdoridan ko‘p yurish (to‘xtab o‘tsa, durust);

- namozning to‘la bir rukni davomida avratning ochiq bo‘lishi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.