background
logotype
image1 image2 image3

Nega sahv sajdasi qilinadi?

Savol: Bandachilik ekan, ba'zan namozda yanglishib, biror ruknni bajarmay yoki o‘rnini almashtirib qo‘yaman. Shunda nima qilishim kerak?

Javob: Namoz o‘quvchilar ibodat paytida adashib ketsalar yoki xatoga yo‘l qo‘ysalar, oxirgi qa'dada tashahhudni o‘qigandan so‘ng yolg‘iz bo‘lsa, ikki tarafiga, jamoat namozida o‘ng tarafiga salom berib, ikki sajda qilinadi, yana tashahhud va salovot o‘qib, namoz tugatiladi. Quyidagi hollarda:

a) namoz ichidagi rukn (farz)lardan biri esdan chiqib, o‘z vaqtida ado etilmasa yoki o‘rni o‘zgartirilsa;

b) namoz ichidagi vojiblardan biri esdan chiqib, o‘z vaqtida ado etilmasa yoki o‘rni o‘zgartirilsa;

v) vojib amallardan biri tark etilsa (qoldirilsa), sajdai sahv (tuzatish sajdasi) qilinadi.

Endi ana shu holatlarni alohida-alohida ko‘rib chiqamiz:

1. Namozning ruknlari vaqtidan kechiktirilganda:

- avvalgi qa'dada (avvalgi ikki rakatdan so‘ng o‘tirish)da tashahhudga qo‘shib salovot ("Allohumma solli ‘ala Muhammadin...")ni o‘qib qo‘ysa;,

- avvalgi ikki rakatdagi qiroatni o‘rnidan ta'xir qilib qo‘ysa;

- avvalgi ikki rakatdan birida zam sura o‘qigandan keyin tashahhud o‘qib qo‘ysa;

- namozning uch yoki to‘rt rakatini o‘qiganiga shubha qilsa-yu, u bilan mashg‘ul bo‘lib salom berishni kechiktirib qo‘ysa;

- qa'dai uloda tashahhudni takroran o‘qib qo‘ysa;

- ruku' qila turib shubha bilan o‘ylanib turib qolsa;

- sajda qila turib shubha bilan o‘ylanib turib qolsa, sajdai sahv qiladi.

2. Namozning vojib amallari o‘zgartirib qo‘yilganda:

- namozda turiladigan o‘rinda o‘tirsa;

- o‘tiradigan o‘rinda turib ketsa;

- avvalgi ikki rakatda surai Fotihadan oldin biror surani o‘qib qo‘ysa;

- zam suradan bir-ikki kalima o‘qigandan keyin surai Fotihani  o‘qimaganligini eslab qolib, surai Fotihani o‘qisa va keyin zam sura o‘qishdan oldin takror o‘qib qo‘ysa;

- avvalgi ikki rakatda surai Fotihadan keyin tashahhudni o‘qib qo‘ysa;

- oxirgi qa'dani unutib turib ketsa-yu, oxirgi qa'daligini eslab o‘tirsa;

- ruku'da turib qiroat qilib qo‘ysa;

- adashgan holatda salom berib yuborsa;

- sajdada turib qiroat qilib qo‘ysa;

- surai Fotihani o‘qigandan keyin qaysi sura o‘qishni fikr qilib bir rukn miqdori turib qolsa;

- oxirgi qa'dada o‘tirgandan keyin adashib turib ketsa va sajda qilib qo‘ygan bo‘lsa, farzi tamom bo‘ladi va unga bir rakat qo‘shib, keyin sajdai sahv qilib qo‘yadi;

- namozxon boshini ruku'dan ko‘tarmasdan sajdaga ketib qolsa;

- farz namozining avvalgi ikki rakatida zam sura qilmagan bo‘lsa-yu, uchinchi rakatga zam sura qilsa;

- jahriy o‘qiladigan namozlar (shom, xufton va bomdod)ni qazo qilib qo‘yib, qazosini o‘qishda imom adashib namozini maxfiy o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv qiladi. Chunki unga qazo namozlarini ado qilayotgan namozxonlarga muvofiq qilib o‘qishi vojibdir;

- masbuq (namozga kechikib qo‘shilgan kishi) imom salom berganda adashib salom berib yuborsa;

- masbuq imom bilan sajdai sahv qilib qolgan namozini o‘qiyotganda sajdai sahv bo‘ladigan amalni qilib qo‘ysa, namozining oxirida sajdai sahv qiladi;

- masbuq sajdai sahv qilishda imomga tobe bo‘lmasa, keyin qolgan namozini o‘qiyotganda xato qilmasa ham, sajdai sahv qilib qo‘yadi.

3. Namozning vojib amallari tark qilinganda:

- namozning avvalgi ikki rakatida yoki birida surai Fotihani tark qilib qo‘ysa (qoldirsa);

- qunut duosini tark qilsa;

- vitr namozining takbirini tark qilsa;

- tashahhudning ba'zi kalimasini tark qilib qo‘ysa (chunki ba'zisini tark qilish hammasini tark qilganga o‘xshaydi);

- ikkala iyd namozining takbirlarini tark qilib qo‘ysa;

- surai Fotihaningozroqoyatini o‘qib, ko‘prog‘ini tark qilib qo‘ysa (chunki ko‘prog‘ini tark qilish hammasini tark qilganga o‘xshaydi);

- sajdai sahv qilayotganda sajdai tilovatni tark qilganini eslasa (bunda sajdai tilovatni tark qilgan bo‘ladi, keyin sajdai sahv vojib bo‘ladi);

- surai Fotihadan so‘ng qisqa bo‘lgan oyatdan uch oyatga yetkazmay, zam sura qilsa;

- avvalgi qa'da (o‘tirish)ni tark qilib qo‘ysa.

Yuqoridagi holatlarning barchasida sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.