background
logotype
image1 image2 image3

Hayit namozlarini o‘qishning tartibi qanday?

Savol: Hayit namozlarini o‘qishning tartibi qanday?

JavobHayit namozlari ikki rakat vojib namoz bo‘lib, quyidagicha o‘qiladi: jamoat namoz o‘qishga hozir bo‘lib, saf tortganidan so‘ng hayit namozi o‘qishga niyat qilib, takbiri tahrima aytiladi (hayit namozlari uchun iqomat aytilmaydi). Va qo‘llar bog‘lanib, kindik ostida tutiladi. Hayit namozlariga bunday niyat qilinadi: «Shu vaqtda vojib bo‘lgan ro‘za (qurbon) hayiti namozini barcha takbirlari bilan shu imomga iqtido qilib, yuzimni Ka'baning bir tarafiga qaratib, xolis Alloh uchun o‘qishni niyat qildim». Niyatdan so‘ng sano o‘qiladi. So‘ng imom eshittirib (qavm ichlarida) uch bor takbir («Allohu akbar») aytadi. Har takbirda qo‘llar quloqlar to‘g‘risigacha ko‘tariladi. Takbirlar orasida qo‘llar bog‘lanmaydi, yonda tutiladi. Bu holda uch bor takbir aytilgach, qo‘llar bog‘lanadi. So‘ng imom eshittirib qiroat qiladi, qavm jim eshitadi. Qiroatdan so‘ng ruku' va sajda qilinib, ikkinchi rakatga turiladi. Ikkinchi rakatda imom qiroatni tugatganidan so‘ng, rukudan oldin birinchi rakatda aytilgan tarzda uch bor takbir aytiladi. Va yana bir to‘rtinchi takbir aytilib, ruku'ga boriladi va sajda qilinadi. Sajdadan so‘ng o‘tirib tashahhud, salovot va duo o‘qib salom beriladi.

Salomdan so‘ng imom minbarga chiqib, ikki xutba o‘qiydi. Imom birinchi xutbani ketma-ket to‘qqiz takbir, ikkinchi xutbani yetti takbir aytib boshlashi va ikkinchi xutbani o‘n to‘rt takbir aytib tugatishi mustahabdir.

Ikki hayit namoziga g‘usl qilib, eng yaxshi kiyimlarini kiyib, xushbo‘y bo‘lib borish sunnatdir. Ro‘za hayiti namozini ado qilishga borishdan oldin biror narsa yeb olish sunnat bo‘ladi. Qurbon hayiti namozini o‘qib bo‘lguncha esa hech narsa yemaslik sunnatdir. Qurbon hayiti namozini o‘qishga borishda yo‘lda ovoz chiqarib takbiri tashriq aytiladi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.