background
logotype
image1 image2 image3

Tug‘ish odoblari qaysilar?

Savol: Ustozimiz suhbat asnosida farzand ko‘rilganda ota-onaning ham alohida odoblari bor, deb aytib qoldilar. Ana shu odoblarga nimalar kiradi?

Javob: Tug‘ish odoblari deganimizda bola tug‘ilganidan so‘ng qilinishi lozim bo‘lgan sunnat va mustahab amallarni nazarda tutamiz. U ishlar ko‘p bo‘lib, muhimlari quyidagilar:

1. Go‘dak tug‘ilganidan xushxabar berish va u bilan qutlash mustahabdir. Zero, xushxabar musulmonni quvontiradi va xursand qiladi. Inson farzandi tug‘ilsa yo ayolining homiladorligi bilinsa ham, xursand bo‘lishi mustahabdir.

Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga va u kishining ayollariga farzand xushxabarini bergan. Soffat surasining 101-oyati mazmuni bunday: "So‘ng unga muloyim o‘g‘il xushxabarini berdik".

Hasan Basriy rahimahullohdan tabrik borasida bunday rivoyat qilinadi. U zotning oldilarida farzand ko‘rgan bir kishi o‘tirar edi. Huzurlariga yana bir kishi keldi va unga "Otliq sevintirsin", deb tabrikladi. Shunda Hasan Basriy: "U otliqmi yoki eshakboqarmi, qayoqdan bilasan?" dedilar. "Unda nima deyishimiz kerak?" dedi u odam. "Alloh farzandingizni muborak qilsin, bergan Zotga shukrli bo‘ling, farzandingiz kamoliga yetsin va uning yaxshiligi sizga nasib qilsin, deb aytinglar", dedilar Hasan Basriy.

2. Chaqaloq tug‘ilganidan so‘ng birinchi eshitadigan so‘zi azon bo‘lishi uchun o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqomat aytish mustahabdir.

3. Chaqaloq tug‘ilgach, otasi yo boshqa fozil kishi xurmo yoki shunga o‘xshash narsani chaynab, uni chaqaloq og‘ziga surishi ham mustahabdir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlardan bir nechtalarining farzandlariga shunday qilganlar.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.